06.12.2016
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi, o‘zbek xalqining ulug‘ va ardoqli farzandi, mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov Vatanimizni uzoq yillar davom etgan mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, halokat yoqasiga kelib qolgan yurtimizni qayta tikladi. Buyuk Yo‘lboshchimiz g‘oyat og‘ir va tahlikali vaziyatda turli qiyinchilik va mashaqqatlarga qaramasdan, tarixan qisqa davr mobaynida O‘zbekistonni jadal va barqaror sur’atlar bilan rivojlanib borayotgan zamonaviy demokratik davlatga aylantirdi.
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimizning ko‘p asrlik tarixida o‘chmas va yorqin iz qoldirdi. U nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon miqyosida katta hurmat va obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan ulkan shaxs va arbob sifatida tanildi.
Xalqimizning samimiy istaklari va xohish-irodasidan kelib chiqqan holda, ona Vatanimiz taraqqiyoti, el-yurtimiz manfaati yo‘lidagi unutilmas buyuk tarixiy xizmatlarini inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, O‘zbekiston Qahramoni Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, O‘zbekiston Respublikasi Yozuvchilar uyushmasi va keng jamoatchilikning O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo‘yicha Xalqaro ijodiy tanlovni (keyingi o‘rinlarda Xalqaro tanlov deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo‘yicha Xalqaro ijodiy tanlovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita (keyingi o‘rinlarda tashkiliy qo‘mita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Tashkiliy qo‘mita (A.Aripov) o‘n besh kun muddatda Xalqaro tanlovning tadbirlar rejasi, xarajatlar smetasi, nizomi, reglamenti va dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
3. Belgilab qo‘yilsinki, tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq Xalqaro tanlovga tayyorgarlik ko‘rish va uni tashkil etish bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Badiiy akademiyasining 2016-2017-yillar uchun xarajatlar smetasida nazarda tutilgan byudjet mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi va xorijiy davlatlarning O‘zbekiston Respublikasidagi diplomatik vakolatxonalari orqali O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tomonidan taqdim qilingan Xalqaro tanlov hamda unda ishtirok etish tartibi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning tegishli xorijiy ijodiy tashkilotlarga yigirma kun muddatda yetkazilishini ta’minlasin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi Tashkiliy qo‘mita buyurtmanomalariga binoan Xalqaro tanlov o‘tkazilishi jarayonida tarjimonlar ishtirokini ta’minlasin.
6. O‘zbekiston Badiiy akademiyasining buyurtmanomalariga binoan Xalqaro tanlov doirasida xorijiy davlatlardan keltiriladigan yuklar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro tanlovning xorijiy qatnashchilariga kirish vizalarining konsullik va boshqa yig‘imlar undirilmasdan rasmiylashtirilishini ta’minlasin.
8. “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi Xalqaro tanlovning xorijiy qatnashchilarini va unga aloqador yuklarni to‘lovlarning barcha turlaridan ozod qilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Xalqaro tanlovning g‘oliblarini taqdirlash bilan bog‘liq tadbir o‘tkaziladigan joylarda jamoat tartibini hamda uning qatnashchilari va mehmonlariga xizmat ko‘rsatuvchi avtotransport vositalari harakati xavfsizligini ta’minlasin.
10. O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Xalqaro tanlov jarayonlarini keng yoritish tavsiya etilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti vazifasini bajaruvchi Sh.Mirziyoyev
Toshkent shahri,
2016-yil 2-dekabr