04.12.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun poytaxtimizning Yangihayot tumanida barpo etilgan Toshkent metallurgiya zavodining ochilish marosimida ishtirok etadi.
Ushbu ulkan majmua O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Chunki mamlakatimizda qora metallurgiya sanoati rivojlanmagan. Yangi korxonada yiliga 500 ming tonna rux va polimer qoplamali metall listlar ishlab chiqariladi. Ilgari bunday mahsulotlar asosan chetdan olib kelinardi.
Bu zavodda import o‘rnini bosuvchi tovarlar ishlab chiqarilib, iqtisodiyotimizda mahalliylashtirish darajasi sezilarli oshadi. Shuningdek, yiliga 90 million dollarlik mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan. Majmuada 700 ga yaqin kishi ish bilan ta’minlanadi. Lekin turdosh tarmoqlar bilan birga 5 mingta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Mazkur zavodni barpo etish 2017-yil fevralda boshlangan edi. Qurilish ishlariga 420 million dollar sarflangan.
Prezidentimizning majmua ochilish marosimida ishtirok etishi, ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.