12.11.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qarshi shahridagi Davlat xizmatlari markazi va Texnopark faoliyatini ko‘zdan kechirdi.
Davlat xizmatlari markazida 140 turdagi xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoit yaratilgan. Yuqori tezlikda internet, zamonaviy texnikalar fuqarolarga tez, shaffof va qulay davlat xizmatlarini taqdim etishga mo‘ljallangan. Joriy yil fevralda foydalanishga topshirilgan ushbu muassasada shu paytga qadar 300 mingdan ziyod davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Shundan 2 mingga yaqini filiallar orqali, mingga yaqini esa sayyor tarzda amalga oshirildi. Markaz binosida Prezidentning Xalq qabulxonasi va Bosh vazir qabulxonasi ham joylashgan.
Davlatimiz rahbari bu yerdagi sharoitlar bilan tanishib, xizmatlar ko‘lami bilan qiziqdi. Odamlar talabidan kelib chiqib, yangi xizmat turlarini yo‘lga qo‘yish, mahallalar bilan onlayn bog‘lanib, aholiga qulaylik yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Bunday markazlarda ko‘rsatilayotgan xizmatlardan odamlarning xabardorligini oshirib, keng foydalanishga o‘rgatish muhimligini ta’kidladi.
- Davlat xizmatlari markazi orqali odamlar davlatning e’tiborini sezishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ma’lumki, hududlarda Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki filiallari tashkil etilib, soha mutaxassislariga yaxshi sharoitlar yaratilmoqda.
Qarshi shahrida barpo etilgan IT-texnoparkda ham veb-dizaynerlar, dasturchilar va robototexniklar o‘z faoliyatini boshlagan. “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida o‘quv kurslari tashkil etilgani natijasida axborot texnologiyalariga qiziquvchi yoshlarga keng imkoniyat yaratildi. Ilk natijalar ham qo‘lga kiritilmoqda.
Jumladan, eng yaxshi davlat mobil ilovasini ishlab chiqish bo‘yicha O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘tkazilgan “mGovAward” tanlovida qashqadaryolik yoshlardan tuzilgan jamoa g‘olib bo‘ldi. Ular yaratgan chet tillarini masofaviy o‘qitish mobil ilovasini takomillashtirish uchun 500 million so‘m mukofot puli ajratildi.
Prezident ushbu yosh dasturchilarni muvaffaqiyat bilan tabriklab, kelgusi maqsadlarini so‘radi. Ularning loyihani yanada rivojlantirish, yangi dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish rejalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatmalar berdi.
- Har bir hududning o‘ziga xos imkoniyatlari, dolzarb muammolari bor. IT-parklar shulardan kelib chiqib, dasturiy mahsulotlar yaratishi kerak. Masalan, Qashqadaryoda melioratsiya, kartoshkachilik, uzumchilik og‘ir ahvolda, chorvachilikni, meva-sabzavotchilikni rivojlantirish uchun qulay sharoit bor. Shu sohalarda resurslarni tejash, foydali ish koeffitsentini oshirish uchun innovatsion loyihalar zarur, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oliy ta’lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va IT-parklar o‘rtasida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.