16.10.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda.
Birinchi ob’ekt Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Geologiya fanlari universiteti bo‘ldi. Davlatimiz rahbari joriy yil 31-yanvar kuni ushbu yangi oliy o‘quv yurti qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi. Bugunga kelib binolar ancha qad ko‘tarib qoldi.
Loyiha doirasida 6 ta ko‘p qavatli imorat barpo etilishi va 4 tasi rekonstruksiya qilinishi ko‘zda tutilgan. Hozirgi birinchi bosqichda o‘quv korpusi, Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti, Mineral resurslar instituti, Geologiya va geofizika instituti, Geologiya muzeyi binolari, kutubxona, yotoqxona bunyod etilmoqda.
Prezident bu yerga yana kelib, qurilish ishlari va rejalar bilan shaxsan tanishgani bejiz emas.
- Ilm bizning qonimizda, genimizda bor. Bu markaz ham uchinchi Renessans poydevorlaridan biri, - deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari joriy yil 24-yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomada hamda 31-yanvar kuni ilm-fan vakillari bilan uchrashuvda geologiya sohasini rivojlantirishga doir dolzarb vazifalarni belgilab bergan edi. Shu asosda mamlakatimizda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Prezidentimizning bu sohaga oid 4 ta qarori qabul qilingan.
Geologiya fanlari universiteti sohadagi ilmiy muassasalarni jamlagan yaxlit majmua bo‘ladi. Uning tarkibiga 4 ta ilmiy-tadqiqot instituti kirgan. Ilgari ular tarqoq joylashgan edi. Shuningdek, bu yerga Geologiya muzeyi ko‘chirib kelinadi. Sohadagi muassasalar bir joyda bo‘lishi mutaxassislarning yaqin hamkorlikda ishlashi, talabalarning ilmiy laboratoriyalarda amaliyot o‘tashini ta’minlaydi. Bu esa binolarga xizmat ko‘rsatish uchun ham qulay va tejamkor.
Davlatimiz rahbari shu yerda ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari bilan suhbatlashdi.
- Ilm-fan barcha sohalarni fundamental rivojlantirish uchun asos. Avvaldan e’tibor berganimizda, geologiyaning hamma yo‘nalishlari bo‘yicha 15-20 foiz aholini ish bilan ta’minlashimiz mumkin edi. Mana endi olimlarga sharoit yaratishga harakat qilyapmiz, intellektual mulkni asrab, qo‘llab-quvvatlayapmiz. Intellektual mulk uning egasiga ham, davlatga ham manfaat keltiradi, - dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev ushbu dargohda yaratiladigan sharoitlar bilan qiziqib, qurilish sifatli, laboratoriyalar yuqori texnologiyali bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
- Zamin mustahkam bo‘lishi kerak. Biz bu universitetni kelajak uchun quryapmiz, - dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerda loyihaning ikkinchi bosqichi taqdimot qilindi. Bu bosqichda Davlat geologiya qo‘mitasi binosi, Geologiya axborot markazi, Geoinnovatsion texnologiyalar markazi, avtoturargoh barpo etilishi rejalashtirilgan.