13.10.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-oktabr kuni sirdaryolik faollar, suv toshqinidan jabrlangan odamlar bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida viloyat ahli bilan shunday obodlikda, yorug‘ yuz bilan ko‘rishib turganidan xursandligini bildirdi.
- Oxirgi besh oyda hammamiz sinovdan o‘tdik. Hamjihat bo‘lib, matonat, mehnat bilan sharoitni tikladik, yangi uylar, yo‘llar qurildi. Bugun bu ishlarni ko‘rib, albatta xursand bo‘ldim. Lekin menga eng katta kuch, quvonch bergan narsa odamlarning kayfiyati bo‘ldi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Sardoba suv ombori to‘g‘oni uy-joylar, ijtimoiy ob’ektlar va qishloq xo‘jaligi maydonlariga katta zarar yetkazgan edi. Hukumat komissiyasi tuzilib, uning oqibatlarini bartaraf etishga barcha kuch va vositalar jalb qilindi. Suv bosgan mahallalar aholisi xavfsiz hududlarga evakuatsiya qilinib, boshpana va oziq-ovqat bilan ta’minlandi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi, Mudofaa vazirligi, huquq-tartibot idoralari, qurilish-ta’mirlash tashkilotlari va mahalliy hokimliklar o‘zaro muvofiq harakat qilib, turmush sharoitlari qisqa muddatda tiklandi.
Uchta yangi mavze barpo etildi. Bog‘cha va maktablar, kollejlar va sog‘liqni saqlash muassasalarida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borildi. Suv bosgan hududlar bugun avvalgidanda yaxshilanib, yangi qiyofaga ega bo‘ldi.
- Xalqimiz roziligini birinchi kundan asosiy maqsadimiz, shiorimiz etib tanlaganmiz. Qiyin, lekin shuning uchun ishlayapmiz. Sirdaryodagi qurilishlar, o‘zgarishlar shu bilan cheklanib qolmaydi, yana davom etadi. Buning uchun katta marralar belgilaganmiz, - dedi Prezident.
Shu bilan davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyatiga safari yakunlandi.