08.07.2020
Muhtaram davlat va hukumat rahbarlari!
Hurmatli Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori!
Global sammit ishtirokchilari!
O‘zbekiston Respublikasi nomidan Xalqaro mehnat tashkiloti Bosh direktori janob Gay Rayderga sammitni tashkil etgani uchun chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Yil boshidan buyon COVID-19 pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat jahon miqyosida kun tartibidagi eng muhim masalaga aylandi. Dunyoda koronavirus infeksiyasi tarqalishining salbiy oqibatlarini bevosita yoki bilvosita o‘z boshidan o‘tkazmagan birorta mamlakat yoki mintaqa qolmadi.
Hech shubhasiz, bu va boshqa global tahdidlarni samarali yengib o‘tish uchun avvalo o‘zaro muvofiqlashtirilgan harakatlar zarur. Mazkur Global sammit – ana shunday maslahatlashuv uchun qulay maydon bo‘lib xizmat qiladi.
Pandemiya sharoitida iqtisodiyot barqarorligini ta’minlash bilan birga aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash hayotiy muhim ahamiyatga egadir. Bu Xalqaro mehnat tashkilotining Yuzyillik deklaratsiyasida mustahkamlab qo‘yilgan ijtimoiy adolatni ta’minlash borasidagi vazifalarga to‘la javob beradi.
Tashkilot konvensiyalarini milliy qonunchilik va amaliyotga implementatsiya qilish, jumladan, Xalqaro mehnat normalarini qo‘llashda ko‘maklashish uchun uch tomonlama maslahatlashuvlar to‘g‘risidagi 144-konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekistonda uch tomonlama ijtimoiy muloqotni rivojlantirishga kuchli turtki berdi.
“Tripartizm plyus” tamoyiliga muvofiq, pandemiya davrida inqirozga qarshi chora-tadbirlarni ishlab chiqish jarayonida biznes, kasaba uyushmalari, nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari va jamoatchilik faol ishtirok etmoqda. Bu – inqirozga qarshi dasturlarning muvaffaqiyatli ravishda amalga oshirilishi, aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilishning kafolatidir.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
Pandemiya barqaror xalqaro munosabatlarni rivojlantirishda bir qator muammolar borligini va bunday favqulodda vaziyatlar bo‘yicha global strategik reja mavjud emasligini ko‘rsatdi.
Shu munosabat bilan biz BMT shafeligida Pandemiya davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari haqidagi xalqaro kodeksni qabul qilish tashabbusini ilgari suramiz.
Bizning fikrimizcha, ushbu kodeksda davlatlarning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy, gumanitar va huquqni muhofaza qilish sohalarida o‘z fuqarolari va xalqaro sheriklari oldidagi minimal shartlari va majburiyatlari aks etishi lozim.
Birinchidan, biz cheklov choralari, inson huquq va erkinliklariga rioya etilishi so‘zsiz kafolatlangan holda, faqat vaqtinchalik xarakterga ega bo‘lishiga ishonamiz.
Bunday choralar xavf-xatarlar darajasiga mos bo‘lishi, xalqaro, ayniqsa, tibbiy mahsulotlar savdosiga, shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi tadbirlarga to‘siq bo‘lmasligi kerak.
Ikkinchidan, pandemiyaning tez tarqalishi tizimli, barvaqt va samarali profilaktika choralarini ko‘rish zarurligini ko‘rsatdi. Jumladan, kasallik yuzaga kelgan hollarda sog‘liqni saqlash xizmatlari zimmasiga haddan ortiq yuk tushishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi.
Bu birinchi galda epidemiyani prognoz qilish, kasallik tarqalishining erta bosqichida uni jilovlash, oqibatlarini keskin kamaytirish bo‘yicha choralarni qamrab oladi.
Uchinchidan, pandemiya mehnat xavfsizligini ta’minlash muhim ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bu masala kasallik bilan kurashning eng oldingi saflarida chinakam qahramonlik ko‘rsatayotgan sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining faoliyati bilan bevosita bog‘liqdir.
Hozirgi paytda O‘zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasidagi munosabatlar jadal va izchil tarzda rivojlanib bormoqda.
Xalqaro Mehnat tashkiloti Bosh direktori Gay Rayderning 2018-yil O‘zbekistonga tashrifi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan “Yo‘l xaritasi” muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.
Ikki yil muqaddam Tashkilot jamoasining qo‘llab-quvvatlashi bilan O‘zbekistonda munosib ish o‘rinlarini yaratishga ko‘maklashish, mehnat qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini ta’minlash maqsadida Ish beruvchilar konfederatsiyasi tuzilgan edi.
O‘zbekistonning Tashkilot konvensiyalari va tasviyalariga qo‘shilishi va ularni implementatsiya qilishi respublikamizning xalqaro mehnat me’yorlariga amal qilish tarafdori ekanini yaqqol tasdiqlaydi.
O‘zbekistonning qat’iy siyosiy irodasi tufayli va Xalqaro mehnat tashkilotining faol qo‘llab-quvvatlashi bilan mamlakatimizda bolalar mehnati va majburiy mehnatni tugatish bo‘yicha salmoqli yutuqlarga erishildi. Tashkilot shafeligida uchinchi tomonlar o‘tkazayotgan monitoringni yuksak baholaymiz.
O‘zbekiston va Xalqaro mehnat tashkiloti o‘rtasidagi munosabatlar bugun rivojlanishning sifat jihatdan yangi bosqichiga ko‘tarildi. Biz konstruktiv muloqot va amaliy sheriklikni yanada kengaytirish tarafdorimiz.
Umid qilamanki, bugungi Global sammit ham ushbu ezgu maqsadga xizmat qiladi.
Barcha ishtirokchilar faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilayman.
Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti