31.03.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni
O‘zbekiston Respublikasining investitsiya salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, yillik investitsiya dasturlarini sifatli ishlab chiqish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratish, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlarning moliya institutlari, yetakchi chet el kompaniyalari va bank tuzilmalari bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, jalb etiladigan chet el investitsiyalari samaradorligini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida uning hududiy bo‘limlari tashkil etilsin.
Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi yagona davlat investitsiya siyosatini shakllantirish va amalga oshirishni muvofiqlashtirish hamda xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun mas’ul vakolatli davlat organi hisoblanadi.
2. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilansin:
mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlari va hududlariga investitsiyalar kiritish hajmini kengaytirishni rag‘batlantirish, respublikada investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, xorijiy kapital ishtirokidagi korxonalarni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan yagona davlat investitsiya, jumladan, xorijiy investitsiyalar jalb qilish siyosatini shakllantirish va amalga oshirish borasidagi ishlarni muvofiqlashtirish;
xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekiston Respublikasi hududida investitsiya faoliyatini kengaytirish uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish sohasidagi me’yoriy-huquqiy bazani yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshirish;
O‘zbekiston Respublikasining yillik Investitsiya dasturlari va hududiy investitsiya dasturlarini, jumladan, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalarni ishlab chiqish, muvofiqlashtirish va monitoring qilishda ishtirok etish, xorijiy investitsiyalar, kreditlar va moliyaviy-texnik ko‘maklashishga qaratilgan mablag‘larni jalb etish uchun investitsiya takliflari bo‘yicha yagona bazasini yuritish;
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar, xalqaro iqtisodiy va moliya institutlari, chet el banklari, jamg‘armalari, agentliklari, kompaniyalari va boshqa xalqaro huquq subyektlari bilan investitsiya sohasidagi hamkorligini o‘zaro manfaatli asosda rivojlantirish va hamkorlik yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
xorijiy investitsiyalar jalb etish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarni belgilash va amalga oshirish, shuningdek, xalqaro moliya institutlari va chet el investorlari bilan investitsiya sohasidagi hamkorlikni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasining davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilari, xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakillarining faoliyatini muvofiqlashtirish;
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlar, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlarning moliya institutlari, yetakchi xorijiy kompaniya va bank tuzilmalari bilan investitsiya sohasidagi hamkorlik masalalari bo‘yicha xalqaro shartnomalarini o‘rnatilgan tartibda tayyorlash, kelishish va imzolashda ishtirok etish;
tarmoq investitsiya dasturlari, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi kompleks dasturlar, ishlab chiqarish, transport-kommunikatsiya va ijtimoiy sohalardagi infratuzilmalarni rivojlantirish dasturlari bilan bog‘liq investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalar, avvalambor to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, kreditlar va moliyaviy-texnik ko‘maklashishga qaratilgan mablag‘larni jalb etish;
investitsiya loyihalarining amalga oshirilishini tizimli nazorat qilish, chet el kapitali ishtirokidagi korxonalar faoliyatini, shuningdek, investorlar tomonidan investitsiya majburiyatlari qanday bajarilayotganini tahlil qilish, xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining o‘z vaqtida va samarali amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rish asosida mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb etilayotgan xorijiy investitsiyalardan foydalanish samaradorligini oshirish;
xalqaro tashkilotlar va xorijiy hukumatlar moliya institutlarining jalb etiladigan kredit resurslari va texnik ko‘maklashishga qaratilgan mablag‘lar (grantlar), O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari, O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan yo‘naltiriladigan markazlashtirilgan investitsiyalardan samarali foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
mamlakatimizning iqtisodiy va investitsiya salohiyati to‘g‘risida xorijiy investorlarni keng xabardor qilish uchun O‘zbekiston Respublikasida va chet ellarda xalqaro konferensiyalar, seminarlar, investitsiya forumlari o‘tkazilishini tashkil etish;
iqtisodiyotning tegishli tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida texnologik uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallarni xarid qilish uchun tender (tanlov) savdolari o‘tkazish va ularning yakunlari bo‘yicha g‘oliblarni aniqlashda ishtirok etish, ishlab chiqarish samaradorligi, mahsulot sifati va raqobatdoshligi, energiya va resurs tejamkorligi bo‘yicha zamonaviy talablarga, ekologik standartlarga javob beradigan ilg‘or texnologiya hamda uskunalar bo‘yicha jahon bozoridagi vaziyatning chuqur tahlilidan, taklif etilgan narxlarning dunyo bozoridagi o‘rtacha baho va yuzaga kelgan bozor kon’yunkturasiga mos kelishi, shuningdek, tayyor holda topshiriladigan loyihalar qiymati taklif etiladigan texnologiyaga qanchalik muvofiq ekanidan kelib chiqqan holda, tender hujjatlarini ishlab chiqish, ekspertizadan o‘tkazish va tender takliflarini baholashda qatnashish, zarurat tug‘ilganda, o‘tkazilgan tender (tanlov) savdolari natijalarini rad etish, tender natijalariga ko‘ra tuzilgan import shartnomalarini bekor qilish bo‘yicha takliflar kiritish;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida sotib olinadigan uskunalar, texnika va texnologiyalar, butlovchi buyumlarning narx ko‘rsatkichlari, shuningdek, tayyor holda topshiriladigan loyihalarning qiymat ko‘rsatkichlariga doir import shartnomalarini tizimli asosda puxta ekspertizadan o‘tkazish;
mamlakatimiz loyiha institutlari va tashkilotlarining investitsiya loyihalari, avvalo xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari bo‘yicha loyihadan oldingi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish borasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish.
3. Belgilab qo‘yilsinki:
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan va me’yoriy-huquqiy xususiyatga ega bo‘lgan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar, xo‘jalik subyektlari tomonidan bajarilishi shart.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari A.J.Ramatov rahbarlik qiladigan Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi tarkibiga kiradi.
4. Belgilansinki:
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilari va xalqaro hamda xorijiy moliya institutlaridagi doimiy vakili lavozimi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi nomenklaturasiga kiradi;
savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilar o‘z faoliyati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga hisobot beradi;
O‘zbekiston Respublikasining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilari, xalqaro va xorijiy moliya institutlaridagi doimiy vakillari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisining buyrug‘iga asosan tayinlanadi va lavozimidan ozod qilinadi;
O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonlari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga iqtisodiyotning tayanch tarmoqlari va infratuzilmani rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hamda ilg‘or texnologiyalarni, ustuvor dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun texnik ko‘maklashish mablag‘lari (grantlar) va imtiyozli kreditlarni jalb etish bo‘yicha bajarilgan ishlar to‘g‘risida tahliliy materiallar, hisobotlarni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlar bilan investitsiya sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirishga doir takliflarni har chorakda muntazam taqdim etib borishi shart.
5. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining chet el kompaniya va tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish vazifasi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga o‘tkazilsin.
6. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra, 2017-yilning 1-iyunidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi zimmasiga investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida texnologik uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallar yetkazib berish, shuningdek, bitta shartnoma bo‘yicha qiymati 100 ming AQSh dollaridan ortiq hajmdagi ishlar (xizmatlar)ning bajarilishi yuzasidan tender (tanlov) savdolari natijalarini muvofiqlashtirish, ekspertizadan o‘tkazish, kelishish hamda ularga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari quyidagilarni nazarda tutgan holda yuklatilsin:
O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan yoki uning kafolati ostida jalb etilgan kreditlar (qarz mablag‘lari) hisobidan moliyalashtiriladigan;
O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan birgalikda moliyalashtiriladigan;
ustav fondida davlat ulushi 50 foizdan ziyod bo‘lgan xo‘jalik subyektlari tomonidan xorijiy investitsiyalar (kreditlar) hisobidan tayyor holda topshiriladigan loyihalar bo‘yicha xarid qilinadigan loyihalar.
7. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, «O‘zbekekspertiza» aksiyadorlik jamiyatining quyidagi vazifalari O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga o‘tkazilsin:
bitta shartnoma bo‘yicha qiymati 100 ming AQSh dollaridan ziyod bo‘lgan investitsiya loyihalari, jumladan, tayyor holda topshiriladigan loyihalarni amalga oshirish doirasida xarid qilinadigan uskunalar, texnika va texnologiyalar, butlovchi buyumlarning narx ko‘rsatkichlariga doir import shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazish;
investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida tender natijalari bo‘yicha tuzilgan import shartnomalarini buyurtmachi bank kafolatini olganini tasdiqlaganidan keyin amaldagi qonunchilikka muvofiq ro‘yxatdan o‘tkazish.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-noyabrdagi «Tender savdolarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 456-sonli qarori bilan tasdiqlangan Xomashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalar xarid qilish bo‘yicha tender savdolari o‘tkazish to‘g‘risidagi nizomning 55- va 62-bandlariga tegishli o‘zgartishlar kiritilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 15-martdagi «Investitsiya loyihalarining loyiha oldi hujjatlarini ishlab chiqish sifatini oshirish to‘g‘risida»gi PQ-2836-sonli qarorining 6-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlarning moliya tashkilotlari va donor mamlakatlar ishtirokidagi investitsiya loyihalari doirasida tashkil etilgan va amalga oshirilayotgan loyihalarni joriy etuvchi guruhlar xodimlari, shuningdek, investitsiya loyihalari tashabbuskori bo‘lgan vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari mutaxassislarini tender hujjatlarini tayyorlash, kelib tushadigan tender takliflarini baholash jarayonlariga jalb qilish hamda ularni kelishgan holda tender komissiyalari tarkibiga kiritish huquqi berilsin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda tegishli iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari doirasida Tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilish bo‘yicha idoralararo tender komissiyasi tarkibini qayta tasdiqlasin va unga O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi rahbarlarini idoralararo tender komissiyalari raislarining o‘rinbosarlari sifatida albatta kiritsin hamda Idoralararo tender komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni tubdan qayta ko‘rib chiqsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bilan hamkorlikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida tender (tanlov) savdolari o‘tkazish tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga doir takliflar kiritsin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘n kun muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarori loyihasini o‘rnatilgan tartibda tasdiqlash uchun taqdim etsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilikka mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
13. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi V.A.Golishev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri, 2017-yil 31-mart