12.06.2020
Davlatimiz rahbari bugunning o‘zida Olmazor tumanidagi «ARDENT FOODS» mas’uliyati cheklangan jamiyat korxonasida bo‘ldi.
Bu shirkat bo‘sh turgan binolar negizida yangi sub’ektlar tashkil etish va ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan siyosat samarasi.
Loyiha qiymati 77 milliard so‘mdan ziyod bo‘lgan korxona ikkita liniyadan iborat. Birida yigirmaga yaqin qandolat mahsulotlari, ikkinchisida tez pishadigan ovqat ingrediyentlari ishlab chiqarilmoqda. 150 kishi ish bilan ta’minlangan.
Hozirda mahsulot Tojikiston va Afg‘onistonga eksport qilinadi. 1 iyun holatiga ko‘ra, 45 ming dollarlik mahsulot chetga sotilgan. Yangi eksport bozorlarini topish hisobiga yil yakunigacha eksport hajmi yanada oshishi rejalashtirilgan.
Mahsulotlar turini ko‘paytirib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.