12.06.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumani Talabalar shaharchasida barpo etilgan Innovatsion rivojlanish vazirligining yangi binosini borib ko‘rdi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 29-noyabrdagi farmoniga muvofiq Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etilgan edi. O‘sha yili dekabrda bu yangi idora uchun bino qurish boshlangandi. O‘tgan yil 24 mayda Prezidentimiz bunyodkorlik ishlarining borishi bilan joyning o‘zida tanishgan edi.
Vazirlikni tashkil etishda iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohalarni jahon ilm-fani yutuqlari, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalar asosida jadal rivojlantirish maqsad qilib qo‘yilgan. 5 qavatli bino shunga mos qurilgan va jihozlangan.
Birinchi qavatda ko‘rgazmalar zali, amfiteatr, yosh ixtirochilar xonasi, axborot bo‘limi, elektron kutubxona, qahvaxona, fuqarolar qabulxonasi joylashgan. Ikkinchi qavatda Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi, robototexnika va mexatronika, internet dasturlari bo‘yicha zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilgan. Ilmiy-texnik axborot markazi, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi Intellektual dasturiy tizimlar ilmiy-amaliy markazi, startap xonalari uchinchi qavatda joylashgan. Yuqori qavatlardan vazirlik xodimlari uchun kabinetlar, anjuman zallari o‘rin olgan. Bu yerda aerokosmik tadqiqotlar va 3D prototiplashtirish bo‘yicha o‘quv laboratoriyalar ham faoliyat ko‘rsatadi.
Bino atrofidagi bog‘da favvora, yozgi amfiteatr, taqdimot maydonchalari barpo etilgan.
Shavkat Mirziyov dastlab interfaol ko‘rgazma zali - “Showroom” bilan tanishdi. Bu yerda xorijiy va mahalliy kompaniyalarda ishlab chiqarilayotgan innovatsion mahsulotlar, startap loyihalar to‘g‘risida ma’lumotlar olish mumkin bo‘ladi. U turli sohalardagi 37 ta loyihani qamrab oluvchi 8 ta blokdan iborat.
Masalan, robototexnika burchagida yetakchi xorijiy kompaniyalarning robotlari joylashtirilgan. Bu yerga keluvchilar robotlarni yasashi yoki boshqarib ko‘rishi mumkin. Sohani chuqurroq o‘rganish istagida bo‘lganlar o‘rganishlarini ikkinchi qavatdagi robototexnika o‘quv-tadqiqot laboratoriyasida davom ettiradi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaga oid texnologiyalar transferi bo‘limida yuqori texnologiyalar, “aqlli” qurilmalar, kundalik hayotda qo‘llanadigan innovatsion jihozlar bilan tanishish mumkin.
Qurilish va avtosanoat sohalariga tegishli yana bir loyiha – ilk bor import o‘rnini bosuvchi, eksportga yo‘naltirilgan poliefir shpatlyovka va poliefir yelim ishlab chiqarish texnologiyalar transferi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Vazirlik binosidagi interaktiv studiyada onlayn darslar, vebinarlar o‘tkazish, videodarslar yozish mumkin. Bu studiya “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida yoshlarni o‘qitish, masofaviy muloqot orqali joylardagi mutaxassislar malakasini oshirishda ham qo‘l keladi.
- Mamlakatimiz yuqori texnologik sohalar bo‘yicha dunyodan ortda qolib ketgan. Barcha sohalarni modernizatsiya qilish, jahon bilan hamqadam bo‘lish uchun Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etib, shunday sharoitlar yaratdik. Bu jamoa yil yakuni bo‘yicha bu borada aniq amaliy natijalarni ko‘rsatishi kerak, - deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.
Vazirlikka berilgan vakolat va yaratilgan sharoitlardan samarali foydalanish, ishlanmalarni soha va tarmoqlarga tatbiq etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Prezidentimiz videoaloqa orqali vazirlikning Ilg‘or texnologiyalar markazi mutaxassislari bilan muloqot qildi.
Davlatimiz tomonidan odamlarni ilm-fanga qiziqtirish va rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Vazirlikning yangi zamonaviy binosida buning uchun barcha sharoit muhayyo. Iqtidorli yoshlar bu yerda eng so‘nggi ishlanma va texnologiyalar bilan tanishish barobarida startap loyihalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Binoda kengaytirilgan virtual reallik texnologiyasi - NazzAR platformasi ishga tushirilgan. Bu texnologiya foydalanuvchilarga qo‘lidagi smartfoni orqali dunyo ob’ektlari bilan interfaol munosabatlarga kirishish imkonini beradi.
Bugungi kunda Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyani ta’minlash uchun zarur tizim yaratildi. Ilmiy-tadqiqot muassasalari va olimlarning innovatsion g‘oya va loyihalari qo‘llab-quvvatlanib, qiymati 28,2 milliard so‘mlik 31 ta startap loyiha moliyalashtirildi. Xalqaro hamkorlik doirasida hozirgi kunda Germaniya, Rossiya va Belarusdagi sheriklar bilan 9,6 milliard so‘mlik 38 ta qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.