26.05.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida 26-may kuni investitsiya masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Tadbirda Investitsiya dasturining joriy yil dastlabki to‘rt oyidagi ijrosi tahlil qilinib, prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarish, jumladan, yirik ishlab chiqarish quvvatlari, ijtimoiy va infratuzilma ob’ektlarini foydalanishga topshirish chora-tadbirlari muhokama etildi.
2020-yilgi Investitsiya dasturiga 3 mingdan ortiq loyiha kiritilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish uchun 235 trillion so‘mlik investitsiyalar, jumladan, 7 milliard dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy sarmoyalar o‘zlashtirilishi belgilangan.
Qariyb bir oydan keyin birinchi yarim yillik tugaydi. Bugungi murakkab davrda iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasidagi ishlarning dastlabki natijalari yuzaga chiqadi.
Shu bois davlatimiz rahbari tez vaqtlarda natija beradigan, ayniqsa, yangi ish o‘rinlari yaratadigan va iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydigan loyihalar bo‘yicha ishlash kerakligini ta’kidladi.
Avvalo, ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlari masalasiga e’tibor qaratildi. Hozirgi kunda Samarqand viloyatida 38 ta, Toshkent viloyatida 89 ta, Xorazm viloyatida 41 ta loyiha bo‘yicha qurilish ishlari orqada qolayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Uy-joy kommunal xizmat vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligiga Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan moliyalashtiriladigan ob’ektlarda qurilishni jadallashtirish vazifasi qo‘yildi.
26 may kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarishni kengaytirish to‘g‘risida Prezident qarori qabul qilindi. Unga ko‘ra, metallurgiya komplekslari va 2 ta mis boyitish fabrikasi barpo etish orqali mis va oltin ishlab chiqarish hajmi 3 baravarga oshirilib, mis ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari 400 ming tonna, oltin – 50 tonna va kumush 270 tonnagacha yetkaziladi.
Zargarlik va elektr texnikasi kabi tarmoqlar bundan foydalanib, ishlab chiqarish hajmi va ish o‘rinlarini ko‘paytirishi zarurligi qayd etildi.
Ma’lumki, joriy yilgi vaziyatni inobatga olib, kechiktirish mumkin bo‘lgan qurilishlar uchun ajratilgan 450 milliard so‘m Investitsiya dasturidan chiqarilgan edi. Bu mablag‘ning 150 milliard so‘mi 40 ming gektar yerni o‘zlashtirib, 80 mingta doimiy ish o‘rni yaratishga yo‘naltirildi.
Yig‘ilishda har bir tarmoq va hudud rahbari byudjetdan moliyalashtiriladigan investitsiya loyihalarini yana bir bor ko‘rib chiqib, xarajatlarini optimallashtirishi zarurligi ta’kidlandi.
– Har bir loyihani amalga oshirishdan oldin ushbu ob’ekt hudud rivojiga hamohangmi, bundan aholiga naf bormi, qancha odam ish bilan ta’minlanadi, degan savollarga javob topish shart, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bosh vazir o‘rinbosarlariga kelgusi yil uchun Investitsiya dasturiga birinchi navbatda yangi ish o‘rinlari yaratadigan va kambag‘allikni kamaytirishga yordam beradigan loyihalarni kiritish mezonlarini joriy etish topshirildi.
Ob’ekt qiymati, loyihalarning sifati va ularning kelgusidagi natijadorligi ko‘p jihatdan loyiha hujjatlariga bog‘liq. Ularning aksariyati xalqaro talablarga javob bermaydi, xorijdan jalb qilingan kompaniya va mutaxassislar bu loyihalar asosida ishlay olmaydi.
Shu bois jahon standartlarini tezroq adaptatsiya qilish shartligi ta’kidlandi. Kelgusi yildan boshlab byudjet mablag‘lari hisobidan yirik ob’ektlarni loyihalashdan tortib, ularni foydalanishga topshirishgacha bo‘lgan barcha jarayonlar xalqaro me’yorlar asosida amalga oshirilishi belgilandi. Shuningdek, loyihalashga mablag‘ ajratish bo‘yicha qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi.
Qurilish vazirligiga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, qurish, ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha xalqaro standartlarni joriy etish yuzasidan topshiriqlar berildi. Bunda loyiha tashkilotlarining mualliflik va buyurtmachilarning texnik nazorat bo‘yicha mas’uliyati va javobgarligi ham aniq belgilanadi.
Yig‘ilishda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi loyihalar ham atroflicha tahlil qilindi.
Joriy yilda o‘zlashtirilayotgan bunday sarmoyalarning 34 foizi neft-gaz, energetika, tog‘-kon va metallurgiya tarmoqlari hamda 52 foizi hududiy loyihalarga tegishli. Shu bilan birga, elektrotexnika, kimyo va oziq-ovqat sanoatida bu kabi investitsiyalarni bir necha baravar oshirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga “o‘sish nuqtasi” bo‘la oladigan axborot texnologiyalari, zargarlik, kimyo, elektr texnikasi, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalariga faol sarmoyalar jalb qilish bo‘yicha alohida yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.
Umuman, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha yondashuvlarni o‘zgartirish, mahalliy investorlarni qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Bugungacha faqat xorijlik investorlar uchun ko‘zda tutilgan imtiyozlar endi mahalliy xususiy sarmoyadorlar uchun ham joriy qilinadi. Misol uchun, xususiy investor o‘z hisobidan 25 million dollardan ortiq qiymatdagi loyiha boshlasa, tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari byudjet hisobidan qurib beriladi.
Shuningdek, chet elda yashayotgan vatandoshlarimizni mamlakatimizga investitsiya kiritishga rag‘batlantirish va ular bilan doimiy ishlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Yig‘ilishda pandemiya sababli o‘zlashtirilmay qolishi ehtimoli bo‘lgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar sohalar va hududlar kesimida ko‘rib chiqildi. Bunday loyihalarning istiqbolini o‘rganib, muddatlarini kechiktirish yoki o‘rniga yangilarini kiritish mumkinligi qayd etildi.
Xalqaro moliya institutlari kreditlari hisobiga amalga oshiriladigan 98 ta loyiha bo‘yicha mablag‘larni o‘zlashtirish darajasi tanqid qilindi. Vazirliklarga muammolarni tez orada bartaraf etib, loyihalarni jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Investitsiya dasturi doirasida joriy yilda 206 ta yirik loyihani ishga tushirish rejalashtirilgan. Ulardan 39 tasida muddatdan kechikish xavfi bor. Bu loyihalarning asosiy qismi energetika, to‘qimachilik, elektr texnikasi, transport tarmoqlari hamda Navoiy, Namangan, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlariga to‘g‘ri keladi.
Prezidentimiz bu loyihalar natijasida minglab ish o‘rinlari yaratilishi, import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilishi zarurligini ta’kidlab, mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
Foydalanishga topshirilgan yirik va o‘rta ishlab chiqarish quvvatlarini monitoring qilish bo‘yicha doimiy komissiya tashkil etilishi belgilandi. Bu komissiya korxonalar ishga tushgandan so‘ng ularning yetarli xomashyo va infratuzilma bilan ta’minlanishi, to‘liq quvvatda ishlashiga mas’ul bo‘ladi.
Yig‘ilishda, shuningdek, aholi daromadini oshirishga xizmat qiladigan kichik loyihalarga investitsiyalarni ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Masalan, Andijonda meva-sabzavotchilik, chorvachilik, parrandachilik yo‘nalishidagi 7 ta klaster bilan 9 mingdan ziyod aholi o‘rtasida kasanachilik usulida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 40 million dollarlik loyihalar ishlab chiqilgan. Ushbu tajriba asosida boshqa aholi zich hududlarda ham shunday tizim qilish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Sanoati rivojlanmagan Tomdi tumanida 320 milliard so‘mlik 70 ta hamda Paxtachi tumanida 660 milliard so‘mlik 83 ta investitsiya loyihalari shakllantirilgan. Ularni amalga oshirish uchun Paxtachining Navoiy shahri bilan, Tomdining Zarafshon shahri bilan chegaradosh hududida sanoat zonalari tashkil etilishi mo‘ljallangan.
Mutasaddilarga, shuningdek, sanoati rivojlanmagan boshqa tumanlar bo‘yicha imkoniyatlarni aniqlab, sanoat zonalari tashkil etish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi. Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini ko‘paytirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Videoselektor yig‘ilishida iqtisodiyot tarmoqlari va hududlar rahbarlari joriy yilning o‘tgan davridagi natijalar hamda yil oxirigacha mo‘ljallangan investitsiya faoliyati yuzasidan hisobot berdi.