07.05.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev 7-may kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi boshida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash borasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga alohida to‘xtalib o‘tdi.
– Oxirgi paytda dunyoda har kuni 90-100 ming nafar inson bu virusni yuqtirib olmoqda, – dedi davlatimiz rahbari. – Bugunga kelib, unga chalinganlarning umumiy soni qariyb 4 millionga yetdi. Ming afsuski, ularning 265 ming nafari olamdan o‘tdi.
O‘zbekistonda kasallikka chalinganlar soni 2 ming 269 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 1 ming 624 nafari yoki 72 foizi sog‘aydi. Ayni paytda shifoxonalarda 635 nafar bemor davolanmoqda. Xorijdan qaytgan va bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 45 ming fuqaromiz karantinga olingan.
Biz juda katta kuch sarflab, ko‘p sa’y-harakatlar, xalqimizning ko‘magi va chuqur tushunishi, sabr-toqati bilan O‘zbekistonda bu ofatni jilovlab turibmiz. Lekin baribir juda ham ziyraklik va ehtiyotkorlik bilan, karantin qoidalariga to‘liq amal qilishimiz shart. Bu xavf butun dunyoda butunlay bartaraf etilmas ekan, xotirjamlikka berilishga aslo haqimiz yo‘q.
Respublikamizda epidemiologik vaziyat barqarorlashganidan foydalanib, virusdan xoli hududlarda iqtisodiyotni yurg‘izib yuborish va odamlarni daromad bilan ta’minlash maqsadida karantin talablarini asta-sekin yumshata boshladik. Bunda biz aholining karantindagi turmush sharoitini yaxshilash uchun ularning ko‘plab murojaatlarini ham inobatga oldik.
O‘tgan selektorda berilgan topshiriqqa muvofiq, Respublika komissiyasi tomonidan 8-maydan boshlab, infeksiya aniqlanmagan yoki bemorlar to‘liq sog‘aygan Navoiy, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlari “yashil”, oxirgi 14 kunda virus aniqlanmagan, lekin davolanayotgan bemorlar bo‘lgan Surxondaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahri “sariq”, doimiy ravishda infeksiya aniqlanayotgani uchun boshqa hududlarning barchasi “qizil” toifali hudud deb e’lon qilindi.
Shuningdek, mintaqalarning toifasiga qarab, ruxsat etiladigan xizmat turlari ham aniq va tushunarli qilib belgilab berildi. Albatta, “yashil” hududlarda ko‘proq, “sariq”da kamroq, “qizil”da cheklangan sondagi xizmatlar ko‘rsatiladi.
Takror va takror aytaman, jahonda, ayniqsa biz yaqin hamkorlik qiladigan davlatlarda pandemiya tobora kuchayib borayotganini, bu holat bizga ham katta xavf solishi mumkinligini aslo unutmasligimiz kerak. Shu sababli barchamizdan hushyorlikni yanada oshirish talab etiladi. Bu borada, faoliyatini umuman to‘xtatmagan korxonalarda ham, o‘z ishini qaytadan boshlashga ruxsat berilgan sohalarda ham virusga qarshi kurashish bo‘yicha cheklovlar so‘zsiz bajarilishi kerak.
Yana bir bor takrorlayman, har birimiz karantin va sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilib, o‘zimiz, yaqinlarimiz va xalqimizning sog‘lig‘ini himoya qilish uchun mas’ul ekanimizni unutmasligimiz zarur va shart.
Shu bilan birga, “sariq” va “qizil” toifadagi viloyatlarda kasallik umuman aniqlanmagan tumanlar ham borligini inobatga olish lozim. Xuddi shunday, ertaga “yashil” viloyatdagi biror bir tumanda kasallik aniqlanadigan bo‘lsa, butun viloyatning toifasini o‘zgartirish shart emas, – dedi Prezidentimiz.
Respublika komissiyasiga hududlarni toifaga ajratishni tuman va shaharlar darajasida belgilash bo‘yicha topshiriq berildi.