05.05.2020
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-may kuni karantin sharoitini yanada yengillashtirish va iqtisodiy faoliyatni qayta tiklash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Mamlakatimizda epidemiologik vaziyat ijobiy tomonga o‘zgargayotgani bois 22-apreldan karantin sharoiti bosqichma-bosqich yumshatila boshlagan edi. Bu ishlarni izchil davom ettirish maqsadida joylardagi vaziyat o‘rganildi. Har bir tarmoq va hokimliklardan asoslangan takliflar olindi.
Yig‘ilishda ushbu taklif va tahlillar asosida bundan buyon amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilindi.
Hozirda faoliyati tiklangan sanoat, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalariga qo‘shimcha ravishda xizmat ko‘rsatish sub’ektlari ham bosqichma-bosqich ishga tushirilishi belgilandi.
Jumladan, epidemiologik vaziyat yaxshi bo‘lgan hududlarda, sanitariya talablarini belgilagan holda, nooziq-ovqat do‘konlari, tibbiy diagnostika, taksi xizmati, ta’mirlash, tikuvchilik, maishiy texnika va poyabzal tuzatish, sartaroshxonalar faoliyatiga ruxsat berish kerakligi qayd etildi. Shuningdek, stikerlar bekor qilinib, shaxsiy avtomobillardan foydalanish mumkin bo‘ladi.
Lekin, koronavirus to‘la bartaraf bo‘lmagani sababli, odamlar ko‘p to‘planadigan ob’ektlar, jumladan, teatr, konsert va sport zallari, to‘yxonalar, jamoat transporti bo‘yicha cheklovlar ma’lum muddatgacha saqlanib qoladi.
Respublika komissiyasiga xizmat ko‘rsatish turlarini qaysi hududlarda va qanday shartlar asosida yo‘lga qo‘yishni belgilash topshirildi.
– Epidemiologik vaziyat yaxshilangani sari cheklovlarni bekor qilishni davom ettiramiz. Aksincha, vaziyat yomonlashsa, karantin choralarini qayta tiklaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Korxonalar barqaror ishlab ketishi uchun ularni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda davlatimiz rahbarining “To‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini qo‘llab-quvvatlashga doir kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra:
- to‘qimachilik korxonalari va klasterlarini yanada qo‘llab-quvvatlash, mahsulot raqobatdoshligini oshirish maqsadida xomashyo narxini 10 foizgacha pasaytirish imkoniyatini beruvchi xalqaro birja narxlariga o‘tiladi;
- 1-aprelga qadar ichki bozorda sotilgan paxta tolasi uchun yakuniy to‘lov muddati 90 kundan 150 kungacha uzaytirildi;
- to‘qimachilik korxonalari eksport qilgan mahsulot respublikadan chiqib ketishi bilan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘liq qaytariladi;
- soha uchun muhim bo‘lgan 64 turdagi xomashyo va materiallar bojxona bojidan ozod qilindi.
Shuningdek, tayyor mahsulot eksportini keskin ko‘paytirish, yirik, kamida 1 mingta odam ishlaydigan, xalqaro brend ostida ishlab chiqaruvchi zamonaviy yirik to‘qimachilik va tikuv klasterlarini barpo etish ko‘zda tutilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Eksport faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham qabul qilindi.
Unga muvofiq, tashish xarajatlari uchun subsidiya beriladigan mahsulot turlari hozirgi 52 tadan 86 tagacha ko‘paytirildi. Bu ro‘yxatga 32 turdagi sabzavot va poliz mahsulotlari hamda ho‘l, muzlatilgan va konservalangan mevalar qo‘shildi.
Ushbu transport xarajatini subsidiyalash mexanizmidan 2 mingdan ziyod eksportyor korxonalar foydalanishi imkoniyati yaratilmoqda va bunga byudjetdan 360 milliard so‘m yo‘naltiriladi.
– Bunday choralardan maqsad – korxonalar faoliyatini tez tiklash, eksport hajmini barqaror oshirish, yangi ish o‘rinlarini tashkil qilish uchun katta imkoniyat yaratish. Shu sababli barcha darajadagi rahbarlar doimiy ravishda har bir tuman va mahallada yangicha g‘oya hamda tashabbuslarni joriy etib, oddiy xalq yoki kambag‘alning hayotini yaxshilash, ularni band qilish va daromadini oshirish masalalari bilan ustuvor darajada shug‘ullanishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Yig‘ilishda karantin choralari yengillashtiriladigan hududlarni belgilash masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Sog‘liqni saqlash vazirligiga hokimliklar bilan birga har bir tuman va shaharning karantin darajasini belgilash, joylardagi vaziyat o‘zgarishiga qarab, tezkorlik bilan karantin darajalarini yangilab borish vazifasi qo‘yildi. 23-aprel kuni tasdiqlangan pandemiya davrida vaqtinchalik sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyenik normalarga rioya etish zarurligi ta’kidlandi.
Karantindan keyin iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlar barqaror faoliyat yuritib ketishi uchun sharoit yaratishni hozirdan boshlash kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligiga tarmoq rahbarlari, viloyat hokimlari va banklar bilan birga 1 iyunga qadar korxonalarga ko‘rsatiladigan yordam turlari va miqdorini aniqlab, har bir korxona bo‘yicha Inqirozdan keyingi manzilli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish topshirildi. Ushbu rejada korxonalarga aylanma mablag‘lar uchun qo‘shimcha kreditlar berish, eksport majburiyatlarini bajarishga ko‘maklashish, tomorqa va issiqxonalar uchun davlat tomonidan beriladigan subsidiyalar miqdorini oshirishga ustuvor ahamiyat beriladi.
Videoselektor yig‘ilishida soliq tushumlarini ta’minlash masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Joriy yilning yanvar-aprel oylarida bu boradagi prognoz 102,7 foizga bajarilgan. Bundan buyon byudjetga tushumlar sezilarli ravishda ortib borishi qayd etilib, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.
Oziq-ovqat xavfsizligiga ham yana bir bor e’tibor qaratilib, aholini asosiy turdagi mahsulotlar bilan uzluksiz ta’minlash, narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari belgilandi.
Videoselektor yig‘ilishida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahrida amalga oshirilayotgan ishlar ko‘rib chiqildi. Muhokama qilingan masalalar yuzasidan vazirlar va hokimlar axborot berdi.