27.03.2020
Bugun, 27-mart kuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov telefon orqali muloqot qildi.
Ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, jumladan, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha ikki mamlakatda ko‘rilayotgan birinchi navbatdagi chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Tegishli idora va tashkilotlarning yaqindan hamkorligida o‘zaro amaliy ko‘maklashish hamda avvalo chegaraoldi hududlardagi epidemiologik vaziyatni nazorat qilish borasida olib borilayotgan ishlar mamnuniyat bilan qayd etildi.
Pandemiyaning savdo-iqtisodiy, energetik, transport-kommunikatsiya, madaniy gumanitar va boshqa sohalardagi O‘zbekiston-Turkmaniston aloqalariga salbiy ta’sirini kamaytirish bo‘yicha faol qo‘shma chora-tadbirlarni davom ettirish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi.
Prezidentlar birgalikdagi sa’y-harakatlar yuzaga kelayotgan barcha qiyinchiliklar va yangi xatarlarni muvaffaqiyatli yengish, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari, strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdilar.
Davlat rahbarlari mintaqaviy hamkorlikka doir va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.