24.01.2020
Prezident Shavkat Mirziyoyev har tomonlama mukammal va samarali boshqaruv tizimini yaratish boʻyicha vazifalarga toʻxtalib oʻtdi:
“Biz parlamentning qonun ijodkorligi, parlament nazoratini samarali tashkil etish mexanizmlari bilan bogʻliq barcha masalalarni, kuni-kecha boʻlib oʻtgan uchrashuvlarda atroflicha va chuqur muhokama qilib oldik.
Shu bilan birga, quyidagi dolzarb masalalarga eʼtiboringizni qaratmoqchiman.
Birinchidan, joylarda ijro va vakillik organlarining davlat boshqaruvidagi roli va masʼuliyatini yanada oshirish zarur.
Hokimlar oxirgi 3 yilda ularga berilgan keng vakolatlardan qanchalik samarali foydalanayotganini, vazirlik va idoralarning hududiy tuzilmalari faoliyati natijadorligini nazorat qilish boʻyicha yangi tizim yaratish shart.
Shu oʻrinda haqli savol tugʻiladi: nima uchun Bosh vazirdan boshlab, barcha hukumat aʼzolari, viloyat hokimlari parlamentga hisobot beradiyu, viloyat va tumanlardagi rahbarlar oʻz faoliyati haqida mahalliy kengashlarga hisobot bermasligi kerak?
Shuning uchun, viloyat va tuman hokimlari oʻz dasturlari va ularning ijrosi toʻgʻrisida viloyat kengashlarida hisobot beradigan tizim joriy qilinadi.
Ayni vaqtda, hokimlar farmonlar, qarorlar, konsepsiya va strategiyalarda belgilangan indikatorlar va maqsadli parametrlarning oʻz hududidagi ijrosi boʻyicha ommaviy axborot vositalari va jamoatchilikka muntazam axborot berib borishlari kerak boʻladi.
Ish samarasini oshirish maqsadida, mahalliy vakillik organlari faoliyatida Kengash soʻrovi institutini joriy etishni taklif qilaman.
Yana bir muhim masala. Amaldagi qonun hujjatlarida hokimliklarning 300 ga yaqin vazifa va funksiyalari nazarda tutilgan.
Shundan 175 tasi mazmun-mohiyatiga koʻra hokimlarning asosiy vazifalari toifasiga kirmaydi va turli idoralarning funksiyalarini takrorlaydi.
Bu esa ish sifati va ijro intizomiga salbiy taʼsir koʻrsatishi tabiiy.
Shu sababli Oliy Majlis Senatiga Adliya vazirligini jalb etgan holda, shu yilning birinchi yarmida hokimlarning vakolatlarini qayta koʻrib chiqish va ularga xos boʻlmagan hamda bir-birini takrorlaydigan funksiyalarni tegishli organlarga oʻtkazishni taʼminlash boʻyicha taklif tayyorlash topshiriladi.
Ikkinchidan, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bugungi kunda aholini oʻylantirayotgan muammolarga davlat idoralari eʼtiborini qaratib, oʻzlarining asoslangan takliflarini berib borishlari maqsadga muvofiq boʻladi.
Bu maqsadlar uchun mamlakat va hududlar darajasida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklikni keng yoʻlga qoʻyib, grantlar va ijtimoiy buyurtmalarni koʻpaytirishimiz kerak.
Vazirlik va idoralar ham bir chetda tomoshabin boʻlib oʻtirmasdan, bunday ijtimoiy hamkorlik ishlarini kengaytirishi lozim.
Shuning uchun Oliy Majlis huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondining faoliyatini takomillashtirish lozim.
Mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga oid va jamoatchilikda alohida qiziqish uygʻotadigan oʻta muhim masalalarga doir qarorlarni qabul qilishda jamoatchilik bilan maslahatlar, jamoatchilik eshituvlarini oʻtkazish majburiyligini aniq belgilash kerak.
Jamoatchilik maʼqul desa maʼqul, nomaʼqul desa nomaʼqul boʻladi.
Jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, davlat va jamiyat oʻrtasida oʻzaro yaqin hamkorlik oʻrnatish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Jamoatchilik palatasini tashkil etishni taklif qilaman.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarishda Parlament, Hukumat va fuqarolik jamiyati institutlarining amaliy hamkorligini yoʻlga qoʻyish, bu masala boʻyicha muntazam ravishda parlament va jamoatchilik eshituvlarini tashkil etish lozim”.
Murojaatnoma davom etmoqda.