21.01.2020
Mamlakatimiz Konstitutsiyasining 98-moddasiga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda eng koʻp deputatlik oʻrinlarini qoʻlga kiritgan siyosiy partiya tomonidan yoki teng miqdordagi eng koʻp deputatlik oʻrinlariga sazovor boʻlgan bir necha siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi saylovda 53 nafar deputatlik oʻrnini egallagan edi. Partiyaning yaqinda boʻlib oʻtgan Siyosiy kengashi majlisida Bosh vazir nomzodi koʻrib chiqildi va Prezidentga taqdim etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis koʻrib chiqishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Abdulla Aripov nomzodini tavsiya etdi.
Abdulla Aripov qoʻshma majlisda Vazirlar Mahkamasining yaqin va oʻrta istiqbolga moʻljallangan Harakat dasturi haqida nutq soʻzladi.
Majlisda soʻzga chiqqanlar Prezident maʼruzasida bayon etilgan ustuvor yoʻnalishlarni qoʻllab-quvvatlab, oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar hamda Bosh vazir lavozimiga tavsiya etilgan nomzodni maʼqulladilar.
Oliy Majlis palatalari Abdulla Aripovni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tasdiqlash toʻgʻrisida qaror qabul qildi.