17.01.2020
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 17-yanvar kuni Jahon banki vitse-prezidenti Siril Myuller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Jahon banki guruhi dunyo miqyosidagi yetakchi moliyaviy institut boʻlib, mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning yangi dasturini amalga oshirishda strategik sherikdir.
Bank ekspertlari Oʻzbekistonda qishloq va suv xoʻjaligi, geologiya, bank-moliya va soliq, taʼlim sohalarida modernizatsiya ishlarini samarali amalga oshirishga doir takliflarni ishlab chiqishda, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish hamda boshqa ustuvor yoʻnalishlarda faol ishtirok etmoqda.
Bugungi kunda Jahon banki tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilgan va davom ettirilayotgan loyihalarning qiymati 5,5 milliard dollarni tashkil etadi.
Oʻtgan yili ushbu global moliyaviy institut umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar boʻlgan yangi istiqbolli loyihalarni maʼqulladi. Navoiy viloyatida quyosh elektr stansiyasini qurish boʻyicha kimoshdi savdosi, shuningdek, Vashington shahrida “Mamlakat platformasi” taqdimoti muvaffaqiyatli oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbari bularning barchasi Oʻzbekiston va Jahon banki oʻrtasidagi yaqin hamkorlik, ochiq va konstruktiv muloqot natijasida erishilganini alohida taʼkidladi.
Oʻz navbatida, Siril Myuller Jahon banki guruhi prezidenti Devid Melpassning samimiy salomini yetkazib, tashkilot Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturini toʻliq qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor qayd etdi.
Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari va ustuvor yoʻnalishlari muhokama qilindi.
Muhim tarmoqlarda, jumladan, qishloq xoʻjaligi, energetika, neft-gaz tarmogʻi, transport va boshqa sohalarda islohotlarni davom ettirishga koʻmakni kengaytirish hamda qashshoqlikka qarshi kurashish borasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston va Jahon banki oʻrtasidagi sheriklik boʻyicha yangi uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishga kelishib olindi.