30.12.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqot qildi.
Davlat rahbarlari kirib kelayotgan Yangi yil bilan bir-birlarini samimiy qutladilar.
Joriy yil yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashda muhim tarixiy davr bo‘lgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bunga Qozog‘iston Prezidenti O‘zbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifining samarali natijalari xizmat qildi.
Turli darajadagi ikki tomonlama muloqotlar faollashgani, parlamentlararo va hududlararo hamkorlik rivojlanayotgani, savdo hajmi oshgani, mashinasozlik, transport va logistika sohalarida kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, O‘zbekistonda Qozog‘iston yili doirasida madaniy-gumanitar aloqalar kengaygani qayd etildi.
Suhbatda mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ham muhokama qilindi.