28.10.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-oktabr kuni aholini uy-joy bilan ta’minlash va ipoteka bozorini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Eslatib o‘tish joiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 21-oktabrdagi “2017-2021-yillarda qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon uy-joylar qurish dasturi to‘g‘risida”gi qarori, oradan bir oy o‘tib, ya’ni, 22 noyabrda “2017-2020 yillarda shaharlarda arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish va rekonstruksiya qilish dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Ko‘rinib turibdiki, endilikda ham qishloqlar, ham shaharlar ulkan bunyodkorlik bilan qamrab olindi. Hamma joyda uylar qurilishi jadal tus oldi.
2016 yilda davlat dasturlari doirasida qishloqlarda 13 mingta turar joy, tadbirkorlar tomonidan 13 ming 189 xonadonli uy (jami 26 ming 189 ta) qurilgan bo‘lib, buning uchun 4 trillion 330 milliard so‘m sarflangan.
2017 yilda esa davlat dasturlari doirasida qariyb 29 mingta, jumladan qishloqlarda 20,3 mingta, shaharlarda 8,5 mingga yaqin turar joy qad ko‘targan. Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan 16 mingdan ziyod xonadonli uy qurilgan. Ya’ni, umumiy hisobda qariyb 45 mingta uy-joy barpo etilib, bular uchun 6,2 trillion so‘m sarflangan.
O‘tgan yilda bunyodkorlik ko‘lami yanada kengaydi. Xususan, davlat dasturlari doirasida 42,2 mingta, shu jumladan qishloqlarda 25,3 mingta, shaharlarda qariyb 17 ming turar joy, tadbirkorlar tomonidan jami 19,7 ming kvartiradan iborat uylar qurilgan. Ya’ni, qariyb 62 mingta uy-joy barpo etilib, 12 trillion 130 milliard so‘m sarf-xarajat qilindi.
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida davlat dasturlari doirasida qariyb 30 mingta, shu jumladan qishloqlarda 15 mingdan ziyod, shaharlarda 15 mingga yaqin turar joy, tadbirkorlar tomonidan esa jami 19,5 ming xonadonni o‘z ichiga olgan uylar barpo etilgan. Umumiy hisobda qariyb 49,5 ming uy-joy qurilib, buning uchun 12 trillion 24 milliard so‘m yo‘naltirilgan.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, xalqimiz ehtiyojini to‘la qondirish uchun har yili 145 ming xonadondan iborat uylar qurish kerak. Buning uchun esa qariyb 30 trillion so‘m zarur bo‘ladi. Bu mablag‘ esa davlat byudjetining 23 foizidan ziyodini tashkil etadi.
O‘z-o‘zidan ayonki, davlat byudjetining buncha qismini birgina shu sohaga ajratib bo‘lmaydi. Shuningdek, davlat xususiy sektor ishtirokisiz aholi ehtiyojini to‘la qondirishi qiyin. Shu bois yig‘ilishda ipoteka tizimiga bosqichma-bosqich bozor mexanizmlarini joriy etish, sohada xususiy sektorning o‘rnini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Yangi tizimga muvofiq, ko‘p qavatli uy-joy qurilishi tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan amalga oshiriladi. Davlat tomonidan yer va ipoteka krediti uchun banklarga mablag‘ ajratiladi.
Uy-joylar narxining oshib ketmasligi va xamyonbop bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha ham zarur choralar ko‘riladi. Xususan, 2020 yildan boshlab 16 mingta oilaga boshlang‘ich badal va kredit foiz xarajatlari uchun byudjetdan subsidiya ajratiladi. Ushbu subsidiyalar orqali uylar boshlang‘ich badalining 10 foizi hamda Toshkent shahri uchun 12 foiz, qolgan shaharlarda 10 foizdan yuqori kredit foizlari qoplab beriladi. Mazkur yangi tizim kelasi yildan Andijon, Namangan, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Toshkent viloyatlari hamda poytaxtimizda tajriba tariqasida joriy etiladi. Qolgan hududlarda eski tartib saqlanib qolib, yangi tizim unga raqobatchi bo‘ladi.
Yig‘ilishda uy-joylarni tanlashda haqiqatan muhtoj oilalarni tanlab olish mezonlari yo‘qligi, tanish-bilishchilik va suiiste’mol holatlari borligi tanqid qilindi.
Mutasaddilarga kam ta’minlangan oilalarni tanlashning shaffof mezonini ishlab chiqish, Iqtisodiyot va sanoat vazirligining tuman (shahar) bo‘limlarida Doimiy ishchi komissiyalari tuzish bo‘yicha topshiriq berildi. Komissiyada bank, moliya, soliq, mahalla va boshqa idoralar vakillari ishtirok etishi, uylarni berish keng jamoatchilik bilan muhokama qilinishi zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda qishloqlarda uy-joy qurish tizimini isloh qilish masalasiga ham e’tibor qaratildi. Bu borada ham raqobat va sifat bo‘lishi uchun buyurtmachi funksiyasi “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasidan bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkazilishi belgilandi. 2020 yilda 12 mingta uy-joydan 8 mingtasi amaldagi tartib bo‘yicha, 4 mingtasi xususiy sektor tomonidan qurilishi ko‘zda tutilgan. Shu munosabat bilan Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga uy-joylarni xususiy sektor tomonidan qurishning yangi tartibini ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.
Uylar narxini tushirish va sifatini oshirish uchun innovatsion qurilish materiallaridan keng foydalanish zarurligi ta’kidlandi.
Masalan, g‘isht o‘rniga gazobeton va penobetondan foydalanilsa, ishlab chiqarishda gaz sarfi 8 baravar kamayadi hamda issiqlik saqlash 5 baravar oshadi.
Yig‘ilishda, shuningdek, shaharsozlik normalarini takomillashtirish, qishloqlarda qurilayotgan uylarni muhandislik infratuzilmasiga ulash, ekin yerlariga o‘zboshimchalik bilan uy-joy qurilishini oldini olish va muhofazasini kuchaytirish masalalari ham muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar ko‘rsatib o‘tildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi va amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilab olindi.