23.10.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sanoatni rivojlantirish, neft-gaz mahsulotlari ishlab chiqarish va iste’molchilarga muntazam yetkazib berish borasidagi ishlar tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
Majlis avvalida mutasaddilar joriy yilning 9 oyida ishlab chiqarish hajmi, prognoz parametrlarining bajarilishi bo‘yicha hisobot berdi. Qayd etilganidek, shu vaqt mobaynida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 234,7 trillion so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7 foizga o‘sgan. Buning 6,5 foizi iqtisodiyot “drayveri” – ishlab chiqaradigan sanoat hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Xususan, avtomobilsozlikda katta o‘sish sur’atlari ta’minlangan. 2018-yilning mos davriga nisbatan yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 40 foiz, yuk mashinalari 33 foiz, avtobuslar 3,8 marta, avtomobil dvigatellari 45 foiz oshgan.
Boshqa tarmoqlar bo‘yicha olganda, trikotaj mato ishlab chiqarish 26 foizga, charm mahsulotlari 22 foizga, sement 18 foizga, kabel-o‘tkazgichlar 23 foizga, iste’mol tovarlari hajmi qariyb 16 foizga o‘sgan.
Hududlar kesimida eng ilg‘or ko‘rsatkichlar Andijon, Namangan, Xorazm, Samarqand, Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida qayd etilgan.
Davlatimiz rahbarining kichik biznes rivojiga e’tibori, bu borada qabul qilingan farmon va qarorlari natijasida yurtimizda tadbirkorlik muhiti tubdan yaxshilandi.
Buni joriy yil boshidan buyon jami 72 ming 400 ta, sanoat tarmoqlarida 16 mingga yaqin yangi kichik biznes korxonalari tashkil qilinganida ham ko‘rish mumkin. Jami kichik sanoat korxonalari soni 2018-yilning mos davriga nisbatan 25 foizga ko‘paygan.
Tadbirkorlarning sanoatdagi ulushi ham sezilarli ortmoqda. Joriy yilning 9 oyida kichik biznes korxonalari tomonidan jami 81 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan bo‘lib, bu jami sanoat ishlab chiqarishining 34,5 foizini tashkil qiladi.
Sanoat rivoji eksport hajmining 24 foizga ko‘payishini ta’minladi. Jumladan, yengil avtomobillar eksporti 3,3 marta, avtobuslar 2 barobar, yuk avtomashinalari 1,5 karra, transformator va akkumulyatorlar 2,7 marta, kabel-o‘tkazgich mahsulotlari 2,2 baravar, poyabzal 2,1 karra oshgan. Tayyor trikotaj va tikuvchilik mahsulotlari 25, trikotaj mato 31, tayyor to‘qimachilik mahsulotlari 38, oziq-ovqat mahsulotlari 14, rangli metallar va ulardan ishlab chiqarilgan mahsulotlar 45, qora metalldan ishlab chiqarilgan mahsulotlar 54 foiz oshgan.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga sanoat tarmoqlaridagi holatni doimiy ravishda tahlil qilib borish, muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etish, hududlarning sanoat salohiyatini yanada oshirishga turtki beradigan tizim yaratish yuzasidan topshiriq berildi. Bunda kichik va o‘rta biznes korxonalari bilan ishlashga alohida ahamiyat qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda neft-gaz tarmog‘idagi ishlar holati ham tahlil qilindi. So‘nggi yillardagi keng qamrovli institutsional islohotlar doirasida neft-gaz tarmog‘ida boshqaruv samaradorligini oshirish va tizimni takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ahamiyati ta’kidlab o‘tildi.
Bu borada, sohadagi ayrim muammolar, belgilangan loyihalarni amalga oshirishdagi kamchiliklar muhokama qilindi. Yil yakuni bo‘yicha ehtimoli bo‘lgan qoloqliklar o‘rnini to‘ldirish, shuningdek, 2020-yilda neft, neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hamda taqsimlash prognoz ko‘rsatkichlarini shakllantirish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Bunda uglevodorod xomashyosini qazib olish va qayta ishlash hajmini oshirish, iqtisodiyot tarmoqlari, aholi va eksportga yoqilg‘ini uzluksiz yetkazib berish, texnologik sarf-xarajat va yo‘qotishlarni kamaytirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi.
Energetika vazirligi va neft-gaz tarmog‘i korxonalari rahbarlariga neft mahsulotlari, tabiiy va suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hamda ularni iqtisodiyot tarmoqlari va aholiga yetkazib berish prognoz ko‘rsatkichlarining bajarilishini ta’minlash yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, jalb qilinayotgan mablag‘larni maqsadli ishlatish, neft-gaz mahsulotlari eksporti hajmlarini oshirish uchun qo‘shimcha zaxiralarni shakllantirish, quduqlar kesimida qazib chiqarish hajmlarini nazorat qilish va hisobini yuritish tizimini joriy etish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklandi.
Mazkur vazifalarni muvofiqlashtirish uchun Hisob palatasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Energetika vazirligi va boshqa manfaatdor idoralar rahbarlaridan iborat tarkibda Ishchi guruh tuzish taklif qilindi.
Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha ob’ektlarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot tayyorlash, bunda mamlakatimiz iste’molchilarini yoqilg‘i-energiya resurslari bilan barqaror ta’minlash choralariga e’tibor qaratish topshirildi.
Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.