04.10.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4-oktabr kuni mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Turkiya savdo palatalari va tovar birjalari raisi Mustafo Rifat Hisorjiqli o‘g‘lini qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, keyingi yillarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi do‘stlik, sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlari sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarilganini mamnuniyat bilan ta’kidladi.
2017-yilning kuzida Turkiyada va o‘tgan yilning bahorida O‘zbekistonda davlat tashriflari doirasida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi samarali muzokaralar konstruktiv siyosiy muloqot va amaliy hamkorlikni kengaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilgani alohida qayd etildi.
Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni keng ko‘lamda amalga oshirish, savdo, innovatsiyalar, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, turizm, to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoati, boshqa tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni faol ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuvda Rifat Hisorjiqli o‘g‘li samimiy qabul uchun O‘zbekiston rahbariga chuqur minnatdorlik bildirdi hamda Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘anning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Keyingi yillarda 750 dan ziyod qo‘shma korxona tashkil etilgani, shuningdek, o‘zaro savdo hajmi ikki barobar ortgani Turkiya biznesining O‘zbekiston bozoriga chiqishdan manfaatdorligi ortib, ishbilarmonlik aloqalari mustahkamlanib borayotganidan dalolat beradi.
Rifat Hisorjiqli o‘g‘li Turkiya ishbilarmon doiralari vakillari - Savdo palatalari va tovar birjalari ittifoqi a’zolari ustuvor loyihalarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor ekanliklari hamda bu masalalarni o‘zbekistonlik sheriklar bilan Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Turkiy tilli davlatlarning birinchi Investitsiya forumi va Ishbilarmonlar kengashi majlisida muhokama qilishni rejalashtirganini ta’kidladi.
Uchrashuv so‘ngida mehmon O‘zbekiston-Turkiya do‘stlik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash maqsadida uzoq muddatli ishbilarmonlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish va amaliy hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashish borasida qat’iy ekinini tasdiqladi.