02.08.2019
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 2-avgust kuni kichik biznes va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Ushbu tadbir joriy yil 23-iyul kuni o‘tgan yig‘ilishning mantiqiy davomi bo‘ldi. O‘shanda sohadagi tizimli muammolar chuqur muhokama qilinib, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish bo‘yicha qator vazifalar belgilab berilgan edi. Bu galgi yig‘ilishda shu boradagi ishlar qanday tashkil etilayotgani yuzasidan mutasaddi vazirlik va tashkilot, hududlar rahbarlarining hisobotlari eshitildi. Ular tadbirkorlar tashabbuslarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan qator muammolarni respublika idoralari aralashuvisiz, joyida hal qilish mumkinligini ta’kidladi.
Masalan, yer ajratish hamda infratuzilmaga ulanish bilan bog‘liq masalalar hal etilsa, tadbirkorlarning aksariyat muammosi yechiladi. Lekin yer ajratish uchun xulosa beradigan sakkizta idora tomonidan hujjatlarni ko‘rib chiqish muddatlari asossiz ravishda, oylab cho‘zib yuborilmoqda.
Prezident mazkur tashkilotlarning ruxsat berishga oid funksiyasini muvofiqlashtirish, ulardagi ma’lumotlar bazasini integratsiyalash orqali bunday “ruxsat beruvchi” idoralar sonini qisqartirish, bu boradagi tartibni takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.
Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga yirik korxonalarning bo‘sh turgan ob’ektlari negizida qo‘shimcha kichik sanoat zonalari tashkil etish, ularni elektr, suv, gaz, yo‘l va aloqa kommunikatsiyalari bilan ta’minlashga ketadigan xarajatlarning 65 foizini respublika byudjetidan qoplash tartibini joriy qilish vazifasi qo‘yildi.
23-iyulda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda tadbirkorlar mulklarini kompensatsiya to‘lamasdan buzish va yer maydonlarini olib qo‘yishga mutlaqo yo‘l qo‘yilmasligi belgilangan edi. Davlatimiz rahbari shu masalada Bosh vazir o‘rinbosari rahbarligida respublika ishchi guruhi tuzish, ular joylarga chiqqan holda tadbirkorlarga yetkazilgan zararni xatlovdan o‘tkazib, bu mablag‘larni bozor qiymati asosida to‘lab berish zarurligini ta’kidladi.
Joriy yil 5-avgustdan bu boradagi ishlarni qat’iy tartib bilan, uch bosqichda tashkil etish belgilandi. Birinchi bosqichda hududiy hokimliklar buzilishiga zarurat tug‘ilgan joy bo‘yicha materiallar to‘plamini Vazirlar Mahkamasiga kiritadi. Ikkinchi bosqichda shaharsozlik talablari bo‘yicha Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari hamda moliyaviy hisob-kitoblar bo‘yicha Bosh vazir o‘rinbosari tomonidan xulosa tayyorlanadi. Uchinchi bosqichda mazkur xulosa ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun Bosh vazirga kiritiladi.
Videoselektor yig‘ilishida tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shu bilan birga, ajratilgan mablag‘larning maqsadli va samarali ishlatilishini ta’minlash masalasi ham muhokama qilindi.
Ma’lumki, oxirgi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun katta miqdorda kreditlar berildi. Ularning 90 foizdan ziyodi davlat mablag‘laridir.
O‘tkazilgan o‘rganishlar 2017-2018-yillarda bankdan kredit olgan mingdan ortiq tadbirkorlarning loyihalari bo‘yicha yer ajratish, infratuzilmaga ulanish, ruxsatnoma olish, dastgohlarni keltirish va boshqa turli masalalarga doir muammolar borligini ko‘rsatgan. Bu o‘z navbatida berilgan kreditlarning qaytarilishini qiyinlashtiradi.
Shu bois Hisob palatasi, Markaziy bank, Iqtisodiyot va sanoat vazirligiga muammolari bo‘lgani uchun to‘liq amalga oshirilmayotgan loyihalar ro‘yxatini shakllantirib, ularga amaliy ko‘mak berish vazifasi qo‘yildi.
Davlatimiz rahbari banklar ish uslubini tubdan o‘zgartirib, tadbirkorlarni ularning butun faoliyati davomida qo‘llab-quvvatlashi, o‘z mijozlari bilan haqiqiy ma’noda biznes-hamkor sifatida ishlashi kerakligini ta’kidladi.
Xalqaro kredit liniyalari mablag‘larini tadbirkorlik sohasiga kengroq jalb qilish, ularni o‘zlashtirish borasida mamlakatimizning har bir hududi kesimida takliflar ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Tijorat banklarida tashkil etilgan “Investitsiya markazlari” orqali bu kreditlarning yo‘nalishlari va shartlari to‘g‘risida har bir mijozga to‘liq ma’lumot berish zarurligi qayd etildi.
Yig‘ilishda faoliyatini to‘xtatgan kichik biznes sub’ektlarini qayta tiklash masalalari ham tahlil qilindi. Mutasaddilarga soliq va statistika ma’lumotlarini tahlil qilib, har bir korxonaning faoliyat ko‘rsatmaslik sabablarini aniqlash vazifasi qo‘yildi. Hokimlarning tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari va joylardagi iqtisodiy kompleks idoralari rahbarlari faoliyatini tiklash imkoni bo‘lgan korxonalar bilan manzilli ishlab, ularning muammolarini hal etishga yordam berishi kerakligi ta’kidlandi.
Faoliyat ko‘rsatmayotgan korxonalarni tiklash, ish o‘rinlarini legalizatsiya qilish, yangi loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish hisobiga soliq bazasini kengaytirish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.