25.02.2017
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov haykali, Abul-Mu’iyn Nasafiy ziyoratgohi rekonstruksiyasi loyihalari bilan tanishdi.
O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston Qahramoni Abdulla Oripov o‘zbek adabiyotini yangi bosqichga ko‘targan nodir iste’dod sohibi edi. Uning yuksak badiiy, teran falsafiy she’rlari xalqimiz ko‘nglidan chuqur joy olgan. Dramatik va publitsistik asarlari, doston va tarjimalari adabiyotimiz rivojiga ulkan hissa bo‘lib qo‘shilgan.
U istiqlol yillarida Vatanimiz ozodligini, xalqimizning sha’ni va qadr-qimmatini yuksak mahorat bilan tarannum etgan. Uzoq yillar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi rahbari sifatida yosh ijodkorlarni tarbiyalash va qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratgan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati va Senati a’zosi sifatida ham samarali faoliyat olib borgan.
Abdulla Oripov O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining muallifi sifatida xalqimiz qalbida mangu yashaydi.
Qahramon shoirimizning haykali Qarshi shahridagi O‘zbekiston ko‘chasida bunyod etiladi. Bu yoshlar uchun faxr va g‘urur timsoli, ma’naviy tarbiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Prezidentimiz haykal loyihasini takomillashtirish, bu yerda Abdulla Oripov nomidagi maktab va uning ijodiga bag‘ishlangan muzey tashkil etish zarurligini ta’kidladi.
Abul-Mu’iyn Nasafiy XI asrda yashagan, islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalardan biridir. Buyuk bobomizning ilmiy asarlari bugungi kun uchun ham g‘oyat ahamiyatlidir.
Davlatimiz rahbari bu qadamjoni keng va obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, bu maskanda kutubxona tashkil etish, alloma asarlarini tarjima qilib, xalqimizga yetkazish bo‘yicha tavsiyalar berdi.