18.07.2019
Prezident Shavkat Mirziyoyev Xovos tumanidagi «Saxovat» fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lib, g‘o‘za rivojini ko‘zdan kechirdi.
«Bek klaster» korxonasiga qarashli mazkur xo‘jalikda joriy mavsumda g‘alladan 455 tonna hosil olinib, 314 million so‘mdan ziyod sof foyda ko‘rilgan. Bo‘shagan maydonga eksportbop dukkakli ekinlar ekilgan.
Hozirda 50 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda.
Davlatimiz rahbari dalaga kirib, paxta rivojini ko‘zdan kechirdi.
Fermerlar Sardoba suv ombori qurilgani, zararkunandalarga qarshi kurashish uchun Sirdaryo viloyatiga byudjetdan 10 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ ajratilgani natijasida eng dolzarb masalalar hal etilib, yuqori hosil yetishtirilayotganini ta’kidlashdi.
- Dalaga chiqishdan maqsad nima o‘zi? Daromad topish! Daromadni esa birinchi navbatda qo‘shimcha hosil ta’minlaydi. Shuning uchun terimgacha har bir tupga kamida beshtadan ko‘sak, gektariga besh sentnerdan paxta qo‘shishga harakat qilish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda viloyat tumanlari va sektorlar rahbarlari, nuroniylar, fermer va tadbirkorlar bilan uchrashuv bo‘ldi. Unda qishloq xo‘jaligi va kichik biznesni rivojlantirish, aholi salomatligini mustahkamlash, jinoyatchilikning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so‘z bordi.
Sirdaryo viloyatida bu yilgi hosil uchun 73 ming gektar maydonda chigit ekilgan. Bahor oylari seryog‘in kelgani oqibatida ayrim maydonlar buzilib, qayta ekilgan.
Viloyat va soha mutasaddilariga qoloq maydonlarning har bir konturi bo‘yicha nazoratni yo‘lga qo‘yib, biostimulyatorlar bilan ishlov berish, barcha agrotexnik tadbirlarni tizimli tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Paxtaning xarid narxi o‘tgan yilgiga nisbatan qariyb 1,3 barobarga ko‘paytirilgani fermerlarning manfaatdorligini oshirgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari yirik sanoat korxonalari bo‘lmagan viloyatda yalpi hududiy mahsulotni o‘stirish, aholini ish bilan ta’minlashning asosiy manbai kichik biznes bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shuningdek, jinoyatchilikning oldini olish, aholi salomatligini mustahkamlashga qaratilgan ishlarni kuchaytirish bo‘yicha alohida ko‘rsatmalar berildi.