16.05.2019
So‘lim tabiati bilan mashhur Xonobodda bir paytlar qurila boshlagan sanatoriy qarovsiz holda qolib ketgan edi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 2-iyunda bu yerga kelib, uni obodonlashtirish, aholi dam olishi uchun zarur sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar bergan edi.
Bu yerda 180 o‘rinli zamonaviy sihatgoh qurib bitkazildi. Davolash binolari, standart, yarimlyuks va lyuks xonalar, 6 ta apartamentda barcha sharoitlar yaratildi.
Dengiz sathidan 850 metr balandlikda joylashgan ushbu maskan toza havosi va shifobaxsh suvi bilan nafas yo‘llari, asab tizimi, yurak qon-tomir kasalliklarini davolashga ixtisoslashgan. Mineral vannalar, fizioterapiya, elektroforez, galvanizatsiya, igna bilan davolash, stomatologiya, kosmetologiya, galoterapiya yo‘lga qo‘yilgan.
Davlatimiz rahbari sanatoriyda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi. Endi ushbu tog‘li hududda yengil konstruksiyalardan mehmon uylari tashkil etish zarurligini ta’kidladi. Shavkat Mirziyoyev bu xizmatlar narxini kamaytirib, qamrovni kengaytirish, yana ko‘plab odamlarni ish bilan ta’minlashga xizmat qilishini qayd etdi.
Shu yerda Andijon viloyatida turizmni rivojlantirishga doir loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Xonobod faollari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi.