28.02.2019
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi Axsikent arxeologik yodgorlik majmuasini borib koʻrdi.
Axsikent eramizdan avvalgi III asrda tashkil topgan boʻlib, qadimgi Fargʻona davlatining poytaxti, Buyuk ipak yoʻlining asosiy shaharlaridan biri boʻlgan. Tarixiy manbalarda, xususan, “Boburnoma”da bu kentning alohida ahamiyati haqida koʻp yozilgan. Qadimdan bu yerda yer osti suv inshooti boʻlgani bois mudofaa uchun qulay sanalgan.
Shahar Ark, ichki va tashqi shahardan iborat boʻlgan. Bu yerda oʻz davrida shishasozlik, kulolchilik, temirchilik, qurolsozlik kabi hunarmandlik turlari rivojlangan. 1620-yillarga kelib zilzila oqibatida ulkan shahar vayron boʻlgan.
Bugungi kunda xarobalarning 60 gektarga yaqin qismi saqlanib qolgan boʻlib, Fargʻona vodiysidagi eng katta arxeologik yodgorlikdir. Arxeologlar tomonidan temirchilar ustaxonasi, X-XIII asrlarga oid hammom qoldiqlari, askarlar xonalari, jomeʼ masjidi, mudofaa devorlari, yer osti irrigatsiya tarmoqlari, hunarmandlar mahallasi, hukmdor qarorgohi – Ark qazib oʻrganilgan.
Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq 2017-yilda Axsikent tarixiy yodgorligini asrab-avaylash va tadqiq etish, uning haqqoniy tarixini yaratish boʻyicha ulkan ishlar boshlandi. “Axsikent” arxeologiya merosi obyektini muhofaza qilish va tadqiq etish direksiyasi» davlat unitar korxonasi tashkil etildi.
Mazkur yodgorlik Namangan viloyatining sayyohlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega. Yurtimiz va xorijdagi sayyohlik koʻrgazmalarida qadimiy Axsikent haqida ham taqdimotlar oʻtkazilmoqda. Buning samarasida mahalliy va xorijiy sayyohlar oʻrtasida tarixiy yodgorlikka qiziqish ortmoqda. Hozirga qadar Belgiya, Avstriya, Yaponiya, Janubiy Koreya, Rossiya, Eron, Pokiston, Hindiston kabi davlatlardan sayyohlar tashrif buyurgan. Qadamjoni tadqiq etish, uning jozibadorligini va sayyohlar oqimini oshirish maqsadida maxsus konsepsiya ishlab chiqilgan. Ayni kunda shu asosda Fargʻona vodiysida ichki turizmni rivojlantirish choralari koʻrilmoqda.
Prezidentimizga Axsikent majmua bosh rejasi, uning tadqiqot olib borilgan obyektlari, hududda barpo etiladigan turistik majmua loyihasi haqida maʼlumot berildi.
Unga koʻra, bu yerda muzey tashkil etiladi. Axsikentning qadimiy dovrugʻini tiklash maqsadida ramziy darvoza quriladi. Umarshayx Mirzo va Boburning Kamoliddin Behzod chizgan suratlari asosida ularning haykali bunyod etiladi. Sayyohlar uchun Sirdaryo boʻylab qayiqlarda sayr qilish, tuyada koʻhna shaharni tomosha qilish imkoniyati yaratiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, zarur infratuzilma, savdo va xizmat koʻrsatish obyektlari qurilib, Axsikent turizm manziliga aylantiriladi.
Davlatimiz rahbari Axsikent tarixini ilmiy asoslangan holda chuqur oʻrganish, ajdodlarimizning asl oʻtmishi haqida maʼlumotlarni toʻplash va yosh avlodga singdirish boʻyicha tizimli ishlarni olib borish kerakligini taʼkidladi.
– Axsikent – buyuk tariximiz koʻzgusi. Bobolarimiz yashagan, qahramonlik koʻrsatgan bu manzilda tariximizni tiklash uchun juda katta manba, oʻtmish dalillari bor. Biz shu paytgacha faqat mashhur shaharlarimiz tarixini oʻrgandik, bunday joylarga eʼtibor qilmadik. Maʼnaviyatimizni yuksaltirmoqchi boʻlsak, yoshlarimizni ota-bobolarimizning asl merosidan bahramand etib ulgʻaytirishimiz, xalqimizga yetkazishimiz kerak.
Shavkat Mirziyoyev majmuada qadimiy tariximizni targʻib qiluvchi festival oʻtkazish, Namangan davlat universitetida arxeologiya taʼlim yoʻnalishlarini ochish boʻyicha tavsiyalar berdi. Tarixni tarixiy obyektlarda oʻqitish, maktab va universitetdagi amaliy mashgʻulotlar va darslarnig ayrimlarini shu yerda oʻtish zarurligini taʼkidladi.