28.02.2019
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-fevral kuni Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Fargʻona vodiysida yillar davomida elektr energetikasi boʻyicha muammolar bor edi. Shu bois Toʻraqoʻrgʻon tumanida zamonaviy texnologiyalar asosida issiqlik elektr stansiyasi qurilishi boshlangan edi. Quvvati 900 MVt boʻlgan ushbu stansiyaning ishga tushirilishi aholi va sanoat korxonalarini elektr energiyasiga boʻlgan talabini toʻliq qoplashga xizmat qiladi.
Loyihaning umumiy qiymati 1 milliard 195 million AQSH dollaridan ziyod boʻlib, u Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA), Oʻzbekiston Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi va “Oʻzbekenergo” AJ mablagʻlari asosida moliyalashtirilgan. Stansiya Yaponiyaning “Mitsubihi Corporation” va “Mitsubishi Hitachi Power Systems” konsorsumi tomonidan barpo etilmoqda.
Bugungi kungacha elektr energiyasini ishlab chiqaradigan asosiy agregatlardan birinchi va ikkinchi blok transformatorlari, bugʻ-gaz trubinasi va boshqa texnologiyalar montaj qilingan. Tashqi kommunikatsiya ishlari yakunlangan, ichimlik suv tarmogʻi tortilgan. Obyekt “Soʻx-Namangan” magistral gaz tarmogʻi orqali yonilgʻi, Katta Namangan kanali orqali texnik suv bilan taʼminlanadi.
Stansiyaning birinchi bugʻ-gaz qurilmasi joriy yilning sentyabr oyida, ikkinchisi dekabr oyida ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Buning natijasida Fargʻona vodiysi isteʼmolchilari uchun 900 MVt qoʻshimcha quvvat yoki yiliga 6,7 milliard kVt/soat elektr energiya ishlab chiqariladi. 300 kishi ish bilan taʼminlanadi.
Eng muhimi, bu yerda ishlab chiqarilgan elektr energiya tannarxi boshqa issiqlik elektr stansiyalarnikidan arzonligi bilan ajralib turadi.
Davlatimiz rahbariga issiqlik elektr stansiyasida amalga oshirilgan ishlar, obyektning texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari haqida maʼlumot berildi.
Prezidentimiz bu loyiha muhim strategik ahamiyatga ega ekanini, stansiya vodiy viloyatlarining iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish va aholini ishonchli elektr energiya bilan taʼminlash imkonini berishini taʼkidladi.
Issiqlik elektr stansiyasini muvaffaqiyatli ishga tushirish va foydalanish, buning uchun sohaga ixtisoslashgan yuqori malakali kadrlar tayyorlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.