25.12.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida 2018-yil 25-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati binosida mamlakatimiz xavfsizligini mustahkamlash va milliy manfaatlarimizni himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligiga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda Oliy Majlis palatalari rahbarlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi vakillari, hukumat aʼzolari, Davlat xavfsizlik xizmati shaxsiy tarkibi, vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi. Videoselektor orqali tadbirni Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardagi mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari kuzatib bordi.
Mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, xalqimizning osoyishtaligini taʼminlash maqsadida xavfsizlik tizimlari har tomonlama takomillashtirilmoqda, ularning moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati oshirib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2018-yil 14-martdagi “Oʻzbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati tashkil etildi, uning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilab berildi. Shu yil 5-aprel kuni “Davlat xavfsizlik xizmati toʻgʻrisida”gi qonun qabul qilindi.
Yigʻilishda tizimda amalga oshirilgan islohotlar natijalari va galdagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Davlat xavfsizlik xizmatining boshqa davlat organlari va idoralari bilan tashqi va ichki tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha hamkorligini kuchaytirishga doir dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
Uzoq va yaqin mintaqalarda xalqaro terrorizm, ekstremizm va transchegaraviy jinoyatchilik faollashgan bugungi sharoitda mamlakatimiz xavfsizligini yanada mustahkamlash ustuvor ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.
Qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlgani va yot gʻoyalardan toʻgʻri yoʻlga qaytgani uchun jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan ekstremistik tashkilotlarning sobiq aʼzolari va tarafdorlarini normal hayotga qaytarishga qaratilgan tadbirlar samaradorligini oshirish choralari belgilandi. Ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni kompleks rivojlantirish boʻyicha sektor rahbarlariga mazkur shaxslarning maishiy muammolarini hal qilish, ularni ishga joylashtirish va jamiyat hayotiga jalb qilish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Shuningdek, mamlakatimiz taraqqiyotiga toʻsiq boʻlayotgan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish boʻyicha vazifalar belgilab berildi.
Davlatimiz rahbari xalqimizning ijtimoiy xavfsizligi masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Oziq-ovqat, energetika, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha muhim chora-tadbirlar xususida soʻz yuritilib, yoʻnalishlar aniq-ravshan koʻrsatib oʻtildi.
Yigʻilishda muhokama etilgan masalalar yuzasidan mutasaddilarning hisobotlari eshitildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining yangi hududi va yangi binosi, uning faoliyati, moddiy-texnik imkoniyatlari bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqotda boʻldi.
Shu yerda tahdidlarning oldini olish va bartaraf etish, davlat xavfsizligini taʼminlash jarayonida qoʻllaniladigan maxsus texnika va qurol-aslahalar namoyish etildi.
Davlatimiz rahbari xalqimiz tinchligi va osoyishtaligini saqlash eng ustuvor vazifa ekanligini, har bir xizmatchi ushbu sharafli masʼuliyatni qalban his etib, har tomonlama yetuk va ogoh boʻlishi zarurligini taʼkidlab, muhim koʻrsatmalar berdi.