13.12.2018
Prezident Shavkat Mirziyoyev Muborak tumanidagi zamonaviy issiqxona bilan tanishdi.
Choʻl hududida joylashgan tumanda bunday issiqxona boʻlishi judayam muhim. Chunki sifatli sabzavotlarga ehtiyoj bor, suv esa tanqis.
Tadirkor Qobiljon Gʻulomov kam imkoniyatdan foydalanish yoʻlini topdi. 2016-yili “Muborak issiqlik elektr markazi” aksiyadorlik jamiyati yonidagi tashlandiq hududdan 2 gektar yer olib issiqxona barpo etdi. Yomgʻir toʻplanadigan 800-1000 tonnalik hovuzlar qurdi. Issiqxonadagi sabzavotlar tomchilatib sugʻoriladi.
Yana bir samarali tomoni, issiqxona “Muborak issiqlik elektr markazi”da hosil boʻladigan issiq suv orqali qizdiriladi. Elektr markazi uchun sovuq suv kerak. Shu bois issiqxonada bu suv aylantirilib, sovugach quvurlar orqali issiqlik korxonasiga qaytariladi. Bundan ikkala tomon ham yutadi.
Bunday tejamkorlik evaziga natija kutilganidan ham yaxshi boʻldi. Tadbirkor yana 7 gektar yerda issiqxona qurdi. U issqxonada yetishtirilayotgan pomidor, bodring kabi mahsulotlarning asosiy qismini eksport qilib, katta foyda olishni chamalayapti.
Ayni paytda issiqxonada qariyb yuz kishi mehnat qilmoqda. Kelgusida issqxonani yanada kengaytirib, ish oʻrinlarini koʻpaytirish rejalashtirilgan.
Umuman, tuman boʻyicha 60 tadbirkorga shu kabi issiqxona qurish uchun 300 gektar yer ajratilgan.
Prezidentimiz zamonaviy issiqxonani koʻzdan kechirib, ishchilar bilan muloqot qildi.
Aholi farovonligini oshirish, doimiy va mavsumiy ish oʻrinlari ochishda muhim oʻrin tutadigan bunday issiqxonalar tarmogʻini yanada kengaytirish zarurligini taʼkidladi.
Shu yerda Qashqadaryo viloyatida 2019-2020-yillarda issiqxonalar tashkil etish, Chiroqchi tumanida lalmi maydonlarda poliz ekinlarini koʻpaytirish, aholi tomorqalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan qator loyihalar taqdimoti oʻtkazildi.