19.09.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari tizimidagi ishlarni tahlil qilish, sohani jadal rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlarni belgilashga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
– Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari rivoji barcha sohalarning jadal taraqqiyotiga xizmat qiladi, odamlarga qulaylik yaratadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Yil boshida ushbu muhim sohani rivojlantirish boʻyicha belgilab berilgan koʻplab vazifalar ijrosi toʻliq taʼminlanmadi. Tarmoqqa investitsiya jalb etish, xizmatlar va tayyor dasturiy mahsulotlarni eksport qilish ahvoli bizni umuman qoniqtirmaydi.
Shuning uchun vazirlikning rahbariyatini oʻzgartirishga majbur boʻldik. Yangi vazir va uning oʻrinbosarlari bundan tegishli xulosa qilib, oʻz ishlarini mutlaqo boshqacha tarzda tashkil etishlari lozim. Mavjud muammolarni tezroq bartaraf etish va tarmoqni tubdan rivojlantirish, jalb etilayotgan investitsiyalar va eksport hajmini keskin koʻpaytirish, eng muhimi, qisqa davrda tizimda sezilarli ijobiy oʻzgarishlarni taʼminlash kerak, – dedi Prezident.
Majlisda davlatimiz rahbarining 2018-yil 19-fevraldagi “Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni va Prezident huzuridagi yigʻilishlarda berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash qanday borayotgani tahlil qilindi. Sohani jadal rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalari sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish, toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalar ishtirokidagi loyihalar hissasini oshirish zarurligi taʼkidlandi. Joriy yilda kamida 200 million dollar, 2019-yilda esa investitsiyalar, ayniqsa, toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalar hajmini 500 million dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
“Oʻzbektelekom” kompaniyasining nufuzini oshirish, “Oʻzmobayl” milliy mobil aloqa operatorini rivojlantirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Sohada xizmatlarni eksport qilish yetarli emasligi, bu koʻrsatkichni keskin oshirish, eng avvalo, dasturiy taʼminot yaratish va eksportni koʻpaytirish kerakligi taʼkidlandi.
Telefon va internet foydalanuvchilariga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati pastligi, mavjud aloqa tarmoqlarining atigi 27 foizi optik tolali, qolgani mis simli liniyalardan iborat ekani tanqid qilindi. Internet tarmogʻiga ulanish tezligini oshirish, aloqa tarmoqlarini toʻliq optik tolaga almashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
“Elektron hukumat” tizimini yanada rivojlantirish, interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatishni keskin yaxshilash boʻyicha vazifalar belgilab berildi. Pochta aloqasi
faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Axborot xavfsizligini mustahkamlash masalasiga eʼtibor qaratildi.
Sohada kadrlar tanqisligi sezilayotgani, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning filiallarida ilmiy salohiyatga ega pedagoglar bor-yoʻgʻi 21 foizni tashkil etishi qayd qilindi. Shu bois universitetda oʻqituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish va ilmiy-tadqiqot ishlari koʻlamini kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.
Xorijiy tajribani chuqur oʻrgangan holda, mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan 5 yillik milliy dasturni ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.