07.12.2016
Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!
Hurmatli xonimlar va janoblar!
Vatanimiz hayotidagi qutlug‘ sana – Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunni nishonlash arafasida go‘zal va muhtasham “O‘zbekiston” anjumanlar saroyida sizlar bilan uchrashib turganimdan g‘oyat mamnunman.
Barchangizga, butun xalqimizga o‘zimning cheksiz hurmat va ehtiromimni izhor etib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 24-yillik bayrami bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etishga ruxsat bergaysiz.
1992-yil 8-dekabrda mustaqil O‘zbekistonimiz Konstitutsiyasining qabul qilinishi mamlakatimiz hayotida muhim tarixiy voqea bo‘ldi.
Konstitutsiyaning yaratilishi va hayotimizga tatbiq etilishida zamonamizning buyuk davlat arbobi, ulug‘ yo‘lboshchimiz, muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xizmati beqiyos ekanini barchamiz yaxshi bilamiz.
Xalqimizning ongu tafakkuri, dunyoqarashi va butun hayotini tubdan o‘zgartirgan ushbu muhim siyosiy hujjatni ishlab chiqishda Islom Abdug‘aniyevichning konseptual ahamiyatga ega, teran fikrlari mustahkam zamin bo‘ldi.
Oliy Kengash deputati sifatida men ham Konstitutsiyaviy komissiya tarkibida Bosh qomusimizni yaratish va qabul qilish jarayonida bevosita ishtirok etganimni doimo faxrlanib eslayman. Konstitutsiyamizning qanday qilib hozirgi mazmun va shaklga kelgani, bu murakkab jarayonda kechgan qizg‘in tortishuv va bahs-munozaralar bugungidek yodimda.
Haqiqatan ham, 90-yillardagi o‘ta og‘ir davrda Asosiy qonunimiz loyihasini ishlab chiqishda Islom Abdug‘aniyevichdek keng miqyosda, strategik fikrlaydigan, uzoqni ko‘ra oladigan buyuk siyosiy arbobning bu ishga rahbarlik qilgani hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi.
Yosh davlatimiz endigina oyoqqa turib kelayotgan qaltis va nozik bir vaziyatda turli tor manfaatlar, mahalliychilik, separatizm va millatchilik kabi salbiy holatlarga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmasdi.
Asosiy qonunimizda umume’tirof etilgan demokratik prinsiplar bilan birga, xalqimizning bebaho qadriyatlari va boy davlatchilik tajribasini ifodalash muhim edi.
Aynan Birinchi Prezidentimizning sa’y-harakatlari bilan Konstitutsiyamizda “Inson va uning qadr-qimmati” degan ulug‘ tushuncha markaziy o‘ringa qo‘yildi.
Muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Konstitutsiyamizning loyihasi bo‘yicha 1992-yil 8-dekabrda, Oliy Kengashning tarixiy sessiyasida so‘zlagan nutqida quyidagi fikrni alohida ta’kidlagan edilar:
“Biz so‘nggi yetmish yil mobaynida davlatga qaramlik va sig‘inish holatida yashadik. Mamlakatning, undagi barcha boyliklarning, mulkning egasi davlat, deb hisoblab keldik. Ana shu masalada ham Konstitutsiyada tub burilish yasalgan.
Ya’ni, Asosiy qonunimizga “davlat, uning idoralari va mansabdor shaxslari jamiyat va fuqarolar oldida mas’uldirlar”, degan modda kiritilgan.
Endilikda inson, uning hayoti, ozodligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquq hamda erkinliklari muqaddas sanalib, ular davlat tomonidan kafolatlanadi”.
Birinchi Prezidentimizning ana shu fikrlari u kishining davlat, jamiyat va inson hayoti bilan bog‘liq har bir masalaga naqadar teran yondashganidan, shu asosda Konstitutsiyamizda eng murakkab savollarga ham javob topish mumkin ekanidan dalolat beradi.
Bir so‘z bilan aytganda, Islom Karimovni haqli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muallifi, deb e’tirof etish uchun barcha asoslarga egamiz.
Qadrli do‘stlar!
Mustaqil taraqqiyot yillarida Konstitutsiyamiz yurtimizda huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimiz uchun tinch, obod va farovon hayot barpo etish, O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Asosiy qonunimiz fuqarolik jamiyatining tarkibiy qismi bo‘lgan nodavlat notijorat tashkilotlari va siyosiy partiyalarning shakllanishi, ularning erkin faoliyat yuritishi uchun keng imkoniyatlar yaratdi, saylov tizimining asosiy tamoyil va qoidalarini mustahkamladi.
Bosh qomusimiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi va boshqa asosiy xalqaro hujjatlar talablariga to‘la mos holda, inson va fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklari, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlarini kafolatlab berdi. Insonning ma’naviy kamol topishi va har tomonlama uyg‘un rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratdi.
O‘tgan davr mobaynida Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan tamoyil va qoidalar negizida yurtimizda milliy qonunchilik tizimi barpo etildi. Mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va harbiy salohiyati yuksalishiga, hayotimizning barcha sohalarida amalga oshirilgan samarali islohotlarga asos bo‘ldi.
Fuqarolarimiz huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, ularning siyosiy faolligini oshirishda ham Konstitutsiyaning o‘rni va ahamiyati beqiyos ekanini alohida ta’kidlash joiz.
Kuni kecha mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan muhim siyosiy voqea – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqimizning faol ishtiroki esa buning yaqqol dalilidir.
Aziz do‘stlar, biz bu saylovni Birinchi Prezidentimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning siyosiy merosiga va u kishi o‘zining cheksiz mehrini bergan xalqimizga munosib tarzda o‘tkazdik.
Saylov siyosiy partiyalar o‘rtasida sog‘lom raqobat va kurash, prezidentlikka nomzodlarning saylovoldi dasturlarini erkin muhokama qilish sharoitida hamda demokratik prinsiplarga to‘liq mos keladigan oshkoralik va ochiqlik ruhida o‘tganini mamnuniyat bilan qayd etamiz.
Saylovlarni mana shunday yuqori saviyada tashkil etgan Markaziy saylov komissiyasiga, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolariga, ularga ko‘mak bergan barcha fuqarolik jamiyati institutlariga, siyosiy partiyalar faollariga samimiy tashakkur bildirishga ijozat bergaysiz.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, saylov jarayonida 5 ta xalqaro tashkilot hamda 46 ta davlatdan 600 nafarga yaqin kuzatuvchilar ishtirok etdilar. Jumladan, ilk bor Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining 32 ta mamlakatga mansub 200 nafarga yaqin tarkibdagi to‘laqonli missiyasi kuzatuvchilari qatnashdilar.
Xalqaro kuzatuvchilar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarga yuksak baho berdilar. Barcha saylov uchastkalarida saylovchilarga qulay sharoitlar yaratilganini, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar, turli millat vakillari uchun saylov huquqini amalga oshirish imkoniyati yuqori darajada tashkil qilinganini e’tirof etdilar.
Barcha chet ellik kuzatuvchilar tomonidan saylov tenglik va adolat prinsiplari asosida, ochiq va oshkora o‘tgani bir ovozdan tan olingani hammamizga mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Fursatdan foydalanib, O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlarga katta e’tibor berib, saylov jarayonida ishtirok etgan barcha xalqaro kuzatuvchilarga, mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga tashakkur izhor etamiz.
Aziz vatandoshlar!
Mana shu yuksak minbardan turib, avvalo, bo‘lib o‘tgan saylovda menga yuksak ishonch bildirib, men uchun ovoz bergan barcha saylovchilarga, nuroniy otaxon va onaxonlarimizga, muhtarama opa-singillarimizga, navqiron yoshlarimizga, ko‘pmillatli butun xalqimizga o‘zimning cheksiz minnatdorchiligimni bildirib, ta’zim qilaman.
Xalqimiz o‘zining xohish-irodasi bilan meni mana shunday yuksak lavozimga munosib ko‘rganini o‘zim uchun oliy sharaf deb bilaman. Sizlarning menga bildirgan yuksak ishonchingizni oqlash uchun bor kuch va salohiyatim, bilim va tajribamni, butun borlig‘imni safarbar etaman.
Qadrli do‘stlar!
Konstitutsiyamizda belgilangan qonun ustuvorligi prinsipi jamiyatimizda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, barcha islohotlarni samarali amalga oshirishning muhim kafolatidir.
O‘tgan davrda qabul qilingan 400 ga yaqin yaxlit qonunlar hayotimizning barcha sohalarini huquqiy tartibga solish bilan birga, fuqarolarning huquq va manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Ayni vaqtda qonunlarning to‘liqligi, hayotiyligi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshirish mexanizmlariga ega ekani haqida so‘z yuritganda, bu borada hali ko‘p ish qilishimiz kerakligini ta’kidlash zarur.
Afsuski, hozirgi kunda qonunlarning islohotlar samarasiga ta’siri yetarlicha sezilmayapti. Ularning ijtimoiy munosabatlarni bevosita tartibga solishdagi roli pastligicha qolmoqda.
Bu holat mamlakatimiz qonunchilik tizimiga fuqarolarimiz, tadbirkorlar, qolaversa, chet el investorlarining ishonchsizligini keltirib chiqarishi mumkinligini unutmasligimiz kerak.
Aminmanki, hurmatli Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari bu masalaga jiddiy e’tibor qaratadilar.
Bu boradagi ishlarni tashkil etishda avvalambor qonun loyihalarini puxta va ijtimoiy munosabatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tartibga soladigan darajada ishlab chiqish, ayniqsa, idoraviy hujjatlarni keskin qisqartirish zarur, deb hisoblayman.
Shu o‘rinda Hukumatning parlament bilan qonun ijodkorligi va nazorat-tahlil sohasidagi hamkorligini yanada samarali tashkil qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining Oliy Majlisda doimiy asosda faoliyat ko‘rsatadigan vakili lavozimini ta’sis etish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Hammamiz yaxshi tushunamizki, qonunlarni qabul qilish – bu ishning bir qismi, xolos.
Asosiy masala – qonunlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga va mas’ul ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etish hamda qonun talablariga qat’iy amal qilishni ta’minlashdan iboratdir.
Afsuski, mazkur yo‘nalishdagi ishlar talab darajasida emas. Buning oqibatida oxirgi uch yilda davlat organlarining 157 ta qarori o‘z kuchini yo‘qotgan qonunlar asosida chiqarilgan.
Endi o‘ylab ko‘raylik, qonunchilikka kiritilayotgan yangiliklar o‘z vaqtida joylarga, ayniqsa, ijrochilarga yetkazilmaydigan bo‘lsa, ularning bajarilishi haqida nima deyish mumkin?
Bu muammoni samarali hal qilishning birdan-bir yo‘li – qonunlar ijrosini tashkil etish bo‘yicha soatdek aniq ishlaydigan mexanizm yaratishdir.
Qonunlarning mazmun-mohiyatini xalqimizga yetkazishda O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalarida bitta-ikkita maqola yoki ko‘rsatuv bilan cheklanish mumkin emas. Qabul qilingan qonunlarni atroflicha muhokama qilish, yurtdoshlarimizning ularga munosabatini ifoda etadigan tahliliy materiallar, ko‘rsatuv va eshittirishlar, afsuski, juda kam.
Yangi qabul qilingan qonunlar, farmon va qarorlarning asosiy ma’nosini aholiga yetkazish bo‘yicha samarali mexanizm yaratish kerak.
Hozirgi kunda Adliya vazirligining bu boradagi faoliyatini talab darajasida deb bo‘lmaydi. Shu munosabat bilan ushbu vazirlik va uning joylardagi bo‘linmalari faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqish zarur.
Adliya vazirligi mutasaddi idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonunlarning ma’no-mazmunini joylarga yetkazish, ularni keng targ‘ib qilishga qaratilgan aniq takliflarni ishlab chiqishi lozim.
Ikkinchidan, qonun ustuvorligini ta’minlashda huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarni qonunga hurmat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi.
Aynan shu nuqtai nazardan qaraganda, 20-yil avval bu borada qabul qilingan Milliy dasturni yangidan ishlab chiqishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Parlamentimiz jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha yangi Milliy dasturni yaratishda bosh-qosh bo‘lishi maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Konstitutsiyamizda oliy qadriyat sifatida belgilab qo‘yilgan inson huquqlarini ta’minlash masalasi bundan buyon ham e’tiborimiz markazida bo‘ladi. Buning uchun sud hokimiyatining chinakam mustaqilligiga erishish naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini albatta barchamiz yaxshi tushunamiz.
Bu borada yaqinda qabul qilingan Farmon ijrosini ta’minlash birinchi darajali vazifamizdir.
Xususan, sudyalarning vakolat muddatini uzaytirish, sud ishlarida adolatli qarorlar qabul qilishga qodir bo‘lgan, yuksak malakali sud xodimlari korpusini shakllantirishimiz lozim.
Sud hokimiyatining mustaqilligi to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy normalarga va odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlik uchun javobgarlik muqarrarligini ta’minlash oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishishning muhim kafolatidir.
Sudlarda ishlarni ko‘rish sifatini oshirish, ayniqsa, fuqarolik ishlarida ovora bo‘lib yurishlarning oldini olish, aynan bir instansiya sudida ishni bir necha marotaba ko‘rib turli qarorlar qabul qilish amaliyotiga chek qo‘yish vaqti keldi.
Qonunchiligimizda advokatlarning samarali faoliyat yuritishi uchun barcha asoslar yaratilgan. Lekin, afsuski, advokatura hanuzgacha fuqarolar huquqlarini ishonchli himoya qilish institutiga aylangani yo‘q.
Shu boisdan ham sud-huquq sohasida advokaturaning o‘rni va rolini yanada oshirish, uning vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirishimiz kerak.
Biz “Adolat – qonun ustuvorligida” degan tamoyil asosida jamiyatimizda qonunga hurmat, huquqbuzarlik holatlariga murosasizlik hissini kuchaytirishga qaratilgan ishlarimizni jadal davom ettiramiz.
Bu borada huquqbuzarlik holatlarining oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi. Buning uchun avvalo mahalla imkoniyatlaridan keng foydalanish, profilaktika inspektorlarining ish samarasi va mas’uliyatini oshirish, ular uchun munosib xizmat va turmush sharoitini yaratib berish choralarini ko‘rishimiz darkor.
Huquqni muhofaza qilish faoliyatida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash uchun biz fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va aholi bilan samarali hamkorlikni keng yo‘lga qo‘yamiz.
Ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘zlari tomonidan qonunni buzish bilan bog‘liq har qanday holatga prinsipial baho beriladi va qat’iy chora ko‘riladi. Bunga hech kimda shubha bo‘lmasligi kerak.
Jamiyat rivojiga g‘ov bo‘layotgan yana bir illat – bu korrupsiya balosidir. Bunday xatarga qarshi kurashish maqsadida yaqinda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senatga yuborilgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunni tezroq amaliyotga joriy etish chora-tadbirlarini ko‘rishimiz lozim.
Bularning barchasi o‘z navbatida inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga, xalqimizning davlat hokimiyatiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Muhtaram yurtdoshlar!
Sizlarga yaxshi ma’lumki, 2016-yil Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan “Sog‘lom ona va bola yili” deb e’lon qilingan edi.
Bu borada davlat dasturi tasdiqlanib, ko‘plab tadbirlar amalga oshirildi. Bu har tomonlama sog‘lom avlodni voyaga yetkazish yo‘lidagi ishlarimizni izchil davom ettirib, yanada yuksak bosqichga ko‘tarishga xizmat qilmoqda.
Birinchi navbatda, onalik va bolalikni muhofaza qilish, barqaror rivojlanayotgan davlatning negizi bo‘lgan oila institutini mustahkamlash maqsadida qonunchilik va normativ-huquqiy baza yanada kuchaytirildi.
Xususan, joriy yilda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun ushbu sohaning asosiy yo‘nalishlari bo‘lgan ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlarni aniq belgilab berdi.
Sog‘lom bolani voyaga yetkazishning muhim sharti bo‘lgan reproduktiv salomatlikni yaxshilash, tug‘ma nuqson va xastaliklar bilan tug‘ilishlarning oldini olish, tibbiyot maskanlarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini yanada mustahkamlash uchun tizimli ishlar amalga oshirildi.
Bu haqda ko‘p gapirish mumkin, lekin men faqatgina ba’zi bir misollarga to‘xtalib o‘tmoqchiman.
Mamlakatimizdagi tibbiyot muassasalarini zamonaviy diagnostika va davolash uskunalari bilan jihozlash uchun joriy yilda 80 million dollar qiymatidagi kredit va grant mablag‘lari yo‘naltirildi.
Dasturda belgilangan tadbirlar bo‘yicha 9 millionga yaqin farzand ko‘rish yoshidagi ayollar va 10 millionga yaqin bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, sog‘lomlashtirildi.
Jumladan, Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida eshitish bo‘yicha nuqsoni bo‘lgan 350 dan ortiq bolada koxlear implantatsiya operatsiyalari amalga oshirildi. Buning uchun 21 milliard so‘m mablag‘ sarflandi. Lekin biz uchun qancha mablag‘ ketgani emas, balki yuzlab bolalarimizning salomatligi tiklangani muhimdir.
Ana shunday ishlar qatorida 700 ming nafar bola pnevmokok infeksiyasi va boshqa yuqumli kasalliklarga qarshi emlandi.
Dastur doirasida ayollarimiz uchun zarur sharoitlar yaratish, qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida zamonaviy uy-joylar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari barpo etish borasida ham katta ishlar qilindi.
Ayni vaqtda xorijiy sarmoyalar ishtirokida qishloq aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash, tuman va shaharlardagi suv tarmoqlarini modernizatsiya qilish maqsadida 100 million dollar mablag‘ jalb etildi.
Yurtimizda bolalar sportini rivojlantirish, ayniqsa, qiz bolalar o‘rtasida sportni ommalashtirish borasidagi ishlarning davomi sifatida umumta’lim maktablarida 220 dan ziyod sport zallari barpo etildi.
Yosh oilalar, tadbirkor ayollar, kollej bitiruvchilari, oilaviy biznes va hunarmandlikni qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan yil davomida 2 trillion so‘mdan ortiq kreditlar ajratildi.
Albatta, “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi doirasida amalga oshirgan ishlarimiz haqida yana uzoq gapirish mumkin. Lekin, muxtasar qilib aytadigan bo‘lsak, ana shu maqsadlar uchun barcha manbalar hisobidan 7 trillion 480 milliard so‘m va 190 million dollardan ziyod mablag‘ sarflandi.
Shuning o‘zi, o‘ylaymanki, bu boradagi faoliyatimizning ko‘lami va miqyosi naqadar ulkan ekanidan dalolat beradi.
Fursatdan foydalanib, shu yo‘lda fidokorona mehnat qilayotgan tibbiyot xodimlariga, bu olijanob ishga hissa qo‘shgan barcha vatandoshlarimizga chin qalbdan minnatdorchilik bildiramiz.
Bugun mana shu zalda o‘tirgan, bu masalada o‘zining yordam va ko‘magini ayamagan xalqaro tashkilotlar vakillariga, xorijiy davlatlarning muhtaram elchilariga, kelinglar, hammamiz birgalikda samimiy tashakkur va ezgu tilaklarimizni bildiraylik.
Aziz yurtdoshlar!
Bugun hayotimizning o‘zi Konstitutsiyamizda ifodasini topgan eng asosiy maqsad – inson manfaatlarini har tomonlama ta’minlash masalasini dolzarb vazifa qilib qo‘ymoqda.
Inson manfaatlarini ta’minlash uchun esa avvalo odamlar bilan, xalq bilan muloqot qilish, ularning dardu tashvishlari, orzu-niyatlari, hayotiy muammo va ehtiyojlarini yaxshi bilish kerak.
Yaqinda bo‘lib o‘tgan saylovoldi uchrashuvlarida men bir narsaga amin bo‘ldim. Biz keyingi paytda odamlar bilan muloqot qilishni unutib qo‘ydik. Ularning ichiga kirib, ochiq va samimiy gaplashish, dardini eshitish bizning faoliyatimizda, afsuski, oxirgi o‘ringa tushib qoldi.
Hozirgi vaqtda odamlar davlat idoralaridan nimani istayapti? Bu haqda gapirganda, e’tiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman.
Xabaringiz bor, shu yil 25-sentabrda Bosh vazirning internet tarmog‘ida elektron qabulxonasi tashkil etilgan edi. O‘tgan davrda ushbu qabulxonaga fuqarolarimizdan 218 mingdan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning qariyb 59 foizi yechimini topgan bo‘lsa, 41 foizi ko‘rib chiqilmokda.
Ochiq aytishim kerak, bu murojaatlar tahlilidan ko‘p narsa ayon bo‘ldi. Ta’bir joiz bo‘lsa, ular hayotimizda mavjud bo‘lgan o‘tkir muammolarga ko‘zimizni ochib berdi.
Mana, odamlar nimalar haqida murojaat qilmoqda. Avvalo, ular turli sohalardagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash, qonunga zid bo‘lgan ko‘plab idoraviy yo‘riqnomalarni bekor qilish, stavkasi optimal bo‘lgan bank kreditlari ajratish, tadbirkorlik bo‘yicha noqonuniy tekshirishlarga barham berish haqida, huquq-tartibot idoralarining faoliyati haqida murojaat qilmoqda.
Shu bilan birga, aholimizdan uy-joy qurilishi, kommunal, transport va savdo xizmati, energiya ta’minotini, yo‘llarning holatini yaxshilash bo‘yicha ham ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda.
Ko‘rib turibsizki, aziz do‘stlar, bu talablarning barchasi qonuniy va adolatli. Bu borada ortiqcha izohning hojati yo‘q, deb o‘ylayman.
Lekin shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: mana shu murojaatlarda ko‘tarilgan hayotiy muammolarni joylardagi hokimlik va idoralar, tegishli mutasaddilar o‘z vaqtida hal etishi zarur emasmidi? Holbuki, bu masalada alohida qonun, ya’ni, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Lekin, ming afsuski, bu qonunning ijrosini nazorat qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilgan.
Shu sababli ana shu qonun talablarini bajarmayotgan rahbar va mansabdor shaxslarni nafaqat ma’muriy, balki jinoiy javobgarlikka tortish zarur, deb hisoblayman.
Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak va bu haqiqatni avvalo barcha bo‘g‘indagi rahbarlar yaxshi tushunib olishi zarur.
Shu munosabat bilan tadbirkorlik faoliyati va xususiy mulkni himoya qilish yuzasidan yaqinda qabul qilingan Farmon talablariga so‘zsiz amal qilishni ta’minlash shart. Nega deganda, xalq boy bo‘lsa, davlat ham albatta boy va qudratli bo‘ladi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, xalq bilan muloqot va inson manfaatlari tushunchalari o‘zaro shunchalik bog‘lanib ketganki, ularni bir-biridan aslo ajratib bo‘lmaydi.
Ana shu zaruratdan kelib chiqqan holda, barcha qonun hujjatlarida xalq bilan muloqot tizimi haqidagi normalarni aniq belgilab qo‘yish lozim, deb hisoblayman.
Ana shu fikr-mulohazalarning barchasini hisobga olib, kirib kelayotgan 2017-yilni yurtimizda “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” deb e’lon qilishni taklif etaman.
Endi, ijozatingiz bilan, bu boradagi eng dolzarb va ustuvor vazifalarga atroflicha to‘xtalib o‘tsam.
Avvalo, “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”ning asosiy maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda, davlat organlarining fuqarolar bilan o‘zaro munosabatlari yuzasidan yondashuvni tubdan qayta ko‘rib chiqish zarur. Bu borada aholi bilan doimiy muloqot qilish, ularni qiynayotgan muammolarni hal etishning yangi mexanizmlari va samarali usullarini joriy etishimiz darkor.
Biz aholi eng ko‘p murojaat qiladigan davlat idoralari faoliyatida odamlar bilan ishlash bo‘yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tish haqida o‘ylayapmiz. Xususan, 2017-yildan boshlab barcha darajadagi hokimlar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlarining aholi oldida hisobot berish tizimi joriy etiladi.
Shu bilan birga, har bir tuman va shaharda “Xalq qabulxonalari”ni tashkil etish va ularning to‘laqonli faoliyat ko‘rsatishini ta’minlashimiz zarur.
Aytish kerakki, bunday qabulxonalar siyosiy partiyalar, jumladan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tizimida faoliyat ko‘rsatishi maqsadga muvofiqdir. Chunki siyosiy partiya fuqarolarning maqsad va manfaatlarini ro‘yobga chiqaradigan kuch sifatida odamlar hayotidagi muammolardan doimo xabardor bo‘lishi kerak.
Ayni vaqtda bu qabulxonalarning huquqiy maqomini, ularning vakolat va majburiyatlarini ham aniq belgilab qo‘yish maqsadga muvofiqdir.
Bizning asosiy maqsadimiz – “Xalq qabulxonalari”ga qilingan hech bir murojaat e’tiborsiz qolmaydigan tizim yaratishdan iborat.
Muxtasar aytganda, odamlarning dardini eshitish, ular bilan ochiq muloqotda bo‘lish, og‘irini yengil qilish – aholining davlat va jamiyatga ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu maqsadda aholiga kundalik va eng zarur bo‘lgan davlat xizmatlarini “yagona darcha” prinsipi bo‘yicha bir idora orqali ko‘rsatish tizimini takomillashtirishimiz kerak.
Bundan tashqari, har bir hududdagi vaziyatni, avvalo, farmon va qarorlar ijrosini, ularning samaradorligini doimiy ravishda o‘rganib, bu borada davlat organlari mas’uliyatini oshirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadigan tizimni shakllantirishimiz kerak.
Fursatdan foydalanib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati rahbariyati, deputatlar va senatorlarga bir taklif bilan murojaat qilmoqchiman.
Ya’ni, parlament va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini shakllantirish maqsadida shahar va tumanlarda haqiqiy ahvolni o‘rganib, tegishli rahbarlarning hisobotini xalq deputatlari kengashlari sessiyasi muhokamasiga kiritish tartibini joriy etishni hayotning o‘zi taqozo qilmoqda.
Har qaysi viloyatdan, masalan, Surxondaryodan saylangan Oliy Majlis deputatlari va senatorlar har oyda 10-12 kun davomida bir tumanda, aytaylik, Muzrabot tumanida bo‘lib, o‘zlari saylangan hududdagi ijroiya hokimiyat organi, prokuratura va ichki ishlar bo‘limining faoliyatini o‘rganib, tahlil qilishi va tegishli xulosa berishi maqsadga muvofiq bo‘lur edi.
Ma’lumki, hozirgi kunda Oliy Majlisimiz Senati tomonidan har yili Bosh prokuraturaning hisoboti eshitiladi. Bu albatta muhim, lekin joylardagi, masalan, uzoq Olot tumanida mahalliy hokimliklar, prokuratura va ichki ishlar bo‘limlarining hisobotini kim eshitadi?
Shu nuqtai nazardan qaraganda, Birinchi Prezidentimiz joriy etgan tizim asosida hurmatli Qonunchilik palatasi Spikeri va Senat raisi joylarga chiqqanlarida mahalliy hokimliklar, prokuratura va ichki ishlar organlari rahbarlaridan ular o‘z zimmasidagi vazifalarni qay darajada ijro etayotganiga, aholini o‘ylantirayotgan muammolarni, ularning murojaatlarini qanday hal qilayotganiga alohida e’tibor qaratishlari lozim.
Bu boradagi ishlarni tashkil etishda parlament so‘rovi, tegishli davlat idoralari rahbarlari axborotlarini eshitish kabi vakolatlardan keng foydalanish kerak.
O‘tkazilgan barcha o‘rganishlar natijalarini umumlashtirib, har yili bir marta ichki ishlar vazirining eng avvalo profilaktika sohasidagi faoliyati yuzasidan hisobotini Senatda eshitish amaliyotini joriy etish ham to‘g‘ri bo‘ladi, deb o‘ylayman.
Shu maqsadda Oliy Majlis 2017-yildan boshlab har qaysi viloyat bo‘yicha bir yilga mo‘ljallangan ish rejasini belgilab olishi o‘rinli bo‘lardi.
Kelgusida biz mahalliy hokimlarni bevosita xalq tomonidan saylash masalasi haqida ham o‘ylab, muhokama qilib ko‘rishimiz kerak. Har bir hudud o‘z rahbarini o‘zi saylasa, rahbarlarning xalq va jamiyat oldidagi mas’uliyatini keskin oshirishga erishish mumkin.
Hozirgina bayon qilingan ustuvor vazifalar davlat boshqaruvi tizimini bugungi va ertangi kun talablaridan kelib chiqib, yanada takomillashtirishni taqozo etadi.
Bu borada 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan, O‘zbekiston Respublikasida ma’muriy boshqaruv sohasidagi islohotlar konsepsiyasini qabul qilish ko‘zda tutilmoqda.
Ushbu konsepsiyaga muvofiq, davlat boshqaruvi organlari tuzilmasini, vazifa va vakolatlarini optimallashtirish, ularning o‘ziga xos bo‘lmagan, takrorlanadigan funksiyalarini hamda xodimlar umumiy sonini qisqartirish, shuningdek, davlatning iqtisodiyotni boshqarishdagi rolini keskin kamaytirish bo‘yicha aniq tadbirlar amalga oshiriladi.
Prezident devoni va Vazirlar Mahkamasi ijro apparati faoliyatini takomillashtirishga, qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlar samarali amalga oshirilishini ta’minlashga alohida e’tibor qaratamiz.
Shu bilan birga, davlat xizmati institutini isloh etish, davlat xizmatchilarining moddiy va ijtimoiy ta’minoti, ularning kasbiy tayyorgarligini tubdan takomillashtirish, bu sohaga yangicha fikrlaydigan, mas’uliyatli, tashabbuskor, vatanparvar kadrlarni jalb etish bo‘yicha samarali tizim yaratiladi.
Ana shu masalalarning barchasi yaqinda ishlab chiqiladigan “Davlat xizmati to‘g‘risida”gi qonunda o‘z ifodasini topadi.
Hurmatli do‘stlar!
Inson manfaatlarini ta’minlashda iqtisodiyotimizning yuksak sur’atlar bilan barqaror rivojlanishi qanday katta ahamiyatga ega ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz.
Samarali mehnat uchun zarur sharoitlar, munosib ish haqi, zamonaviy uy-joylar, sifatli ta’lim va tibbiy yordam, dam olish va hordiq chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratish – bularning barchasi iqtisodiy sohadagi islohotlarimiz mohiyati va mazmunini belgilab beradigan muhim omillardir.
Shu borada nafaqat eng kam oylik ish haqini, balki byudjet tashkilotlarida ham, xo‘jalik yurituvchi subyektlarda ham o‘rtacha ish haqi miqdorini, pensiya, stipendiya va ijtimoiy nafaqalar hajmini bosqichma-bosqich ko‘paytirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Aholini ish bilan ta’minlash biz uchun nafaqat iqtisodiy, ayni paytda katta ijtimoiy ahamiyatga egadir. Hokimliklar, vazirlik va idoralar, ish beruvchi tashkilotlar bilan bir qatorda bank muassasalari ham bu ishga yanada faol jalb etilishi kerak.
Aholi bandligini hal etishda turizmni rivojlantirish bo‘yicha katta imkoniyatlarni ham ishga solishimiz lozim.
Shu maqsadda yaqinda tashkil etilgan Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi o‘z mablag‘larini va xorijiy sarmoyalarni xalqaro standartlarga mos keladigan infratuzilmalarni rivojlantirishga yo‘naltirishi zarur.
Mamlakatimizda investitsiya siyosatini kuchaytirish masalasiga biz alohida ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Xorijiy sarmoyalarni va ilg‘or texnologiyalarni iqtisodiyotga jalb etish uchun chet ellardagi diplomatik vakolatxonalarimiz jiddiy ish olib borishi lozim.
Buning uchun Tashqi ishlar vazirligi faoliyatini kuchaytirish, chet mamlakatlardagi elchilarimiz nafaqat siyosiy, ayni vaqtda yurtimizga investitsiyalarni jalb qilish masalalari bilan ham faol shug‘ullanishlari darkor. Ularning bu boradagi faoliyatini nazorat qilish uchun Oliy Majlis Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasining faoliyat sohasi va vakolatlarini kengaytirish zarur, deb hisoblayman.
Bu qo‘mita xalqaro iqtisodiy hamkorlik, chet el investitsiyalarini faol jalb etish masalalari bo‘yicha parlament nazoratining muhim bo‘g‘iniga aylanishi lozim.
Qo‘mita mamlakatimizga investitsiyalarni jalb qilish borasidagi ishlarning samaradorligi, bu sohadagi muammolar, to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish, investitsiyaviy muhitni yaxshilash bo‘yicha tegishli idoralarning mas’uliyatini oshirish choralarini ko‘rishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Inson manfaatlarini ta’minlash yana bir muhim masala – aholimizning yarmidan ko‘pi yashaydigan qishloq joylarda hayot darajasi va sifatini oshirish bilan bevosita bog‘liqdir. Shu sababli biz bundan buyon ham qishloq xo‘jaligi sohasidagi islohotlarni chuqurlashtirishga, yer va suv resurslaridan samarali foydalanishga, ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga asosiy e’tiborni qaratamiz. Shu bilan birga, xomashyoni, eng avvalo paxta xomashyosini chuqur qayta ishlash bo‘yicha aniq rejalar belgilanmoqda.
Yana bir ustuvor vazifa – yangi 2017-yildan boshlab qishloq joylarda yangilangan namunaviy loyihalar bo‘yicha arzon va qulay uy-joylar qurish dasturini amalga oshirishga kirishamiz.
Aziz do‘stlar!
Barchamizga ayonki, yurtimizdagi har qaysi inson, har qaysi oilaning eng ezgu orzu-maqsadlari, hayotiy manfaatlari avvalambor uning farzandlari timsolida namoyon bo‘ladi, ro‘yobga chiqadi. Albatta, bu borada yurtimizda ulkan ishlar qilinmoqda va ular amalda o‘zining ijobiy natijasini bermoqda.
Bu haqda gapirganda, barchamizga cheksiz g‘urur va iftixor bag‘ishlaydigan bir misolni aytib o‘tmoqchiman. Joriy yilda Braziliyada o‘tkazilgan Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sportchilarimiz 44 ta medal, jumladan, 12 ta oltin medalni qo‘lga kiritgani mamlakatimiz hayotida tarixiy voqea bo‘ldi.
Fursatdan foydalanib, xalqaro maydonlarda yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib kelayotgan sportchi yoshlarimizga, ularning ota-onalari va ustoz-murabbiylariga chuqur minnatdorlik bildiraman.
“Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” dasturidan yoshlarimizni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash masalasi alohida o‘rin egallashi tabiiydir.
Bu borada farzandlarimiz uchun zarur sharoitlar yaratish, yangi-yangi ta’lim-tarbiya, madaniyat, san’at va sport maskanlarini barpo etish, yosh oilalar uchun uy-joylar qurish, yoshlarni ish bilan ta’minlash, ularni tadbirkorlik sohasiga keng jalb etish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni yangi, yuksak bosqichga ko‘taramiz.
Biz ta’lim va tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlari faoliyatini bugungi zamon talablari asosida takomillashtirishni o‘zimizning birinchi darajali vazifamiz deb bilamiz.
Yosh avlod tarbiyasi haqida gapirganda, Abdurauf Fitrat bobomizning mana bu fikrlariga har birimiz, ayniqsa, endi hayotga kirib kelayotgan o‘g‘il-qizlarimiz amal qilishlarini men juda-juda istardim.
Mana, ulug‘ ajdodimiz nima deb yozganlar:
“Xalqning aniq maqsad sari harakat qilishi, davlatmand bo‘lishi, baxtli bo‘lib izzat-hurmat topishi, jahongir bo‘lishi yoki zaif bo‘lib xorlikka tushishi, baxtsizlik yukini tortishi, e’tibordan qolib, o‘zgalarga tobe va qul, asir bo‘lishi ularning o‘z ota-onalaridan bolalikda olgan tarbiyalariga bog‘liq”.
Qarang, qanday bebaho, oltinga teng so‘zlar!
Bugungi kunda yon-atrofimizda diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, “ommaviy madaniyat” degan turli balo-qazolarning xavfi tobora kuchayib borayotganini hisobga oladigan bo‘lsak, bu so‘zlarning chuqur ma’nosi va ahamiyati yanada yaqqol ayon bo‘ladi.
Haqiqatan ham, hozirgi vaqtda yoshlar tarbiyasi biz uchun o‘z dolzarbligi va ahamiyatini hech qachon yo‘qotmaydigan masala bo‘lib qolmoqda.
Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. G‘arazli kuchlar sodda, g‘o‘r bolalarni o‘z ota-onasiga, o‘z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo‘lmoqda.
Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiyalashimiz lozim.
Buning uchun yoshlarimiz bilan ko‘proq gaplashish, ularning qalbiga quloq solish, dardini bilish, muammolarini yechish uchun amaliy ko‘mak berishimiz kerak. Bu borada uyushmagan yoshlar bilan ishlashga alohida e’tibor qaratishimiz zarur.
Bu vazifalarni amalga oshirishda biz asrlar mobaynida shakllangan milliy an’analarimizga, ajdodlarimizning boy merosiga tayanamiz. Farzandlarimiz, ayniqsa, qiz bolalarning zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni, xorijiy tillarni egallashlari, har tomonlama sog‘lom va barkamol bo‘lib, hayotdan munosib o‘rin topishlari uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Bizning navqiron avlodimiz manfaatlarini ta’minlash borasidagi faoliyatimiz yaqinda qabul qilingan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun asosida qat’iy davom ettiriladi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati barcha yoshlarimiz intiladigan, ularning qobiliyat va iqtidorini ro‘yobga chiqaradigan va manfaatlarini haqiqiy himoya qiladigan tashkilotga aylanishi uchun barcha choralarni ko‘ramiz.
Aziz do‘stlar!
Barchamizga yaxshi ayonki, inson manfaatlarini yurt tinchligi, jamiyatimizdagi o‘zaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitidan ajratgan holda tasavvur etolmaymiz. Bularning barchasi bizning bebaho boyligimiz va uni ko‘z qorachig‘idek saqlash har birimizning muqaddas burchimizdir.
Bu borada mahalla idoralari, xotin-qizlar, nuroniylar, yoshlar tashkilotlarining o‘rni va rolini yanada kuchaytirish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Ayni vaqtda hozirgi murakkab zamon tinch-osoyishta hayotimizni asrash va mustahkamlash, xalqimizning kafolatlangan xavfsizligini ta’minlash masalasini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda. Shu maqsadda biz hozirgi vaqtda Ichki ishlar vazirligi tizimini tubdan o‘zgartirish chora-tadbirlarini ko‘ryapmiz.
O‘z paytida muhtaram Yurtboshimiz ichki ishlar organlarining eng quyi tizimida profilaktika inspektorlarini tashkil qilgan edilar. Ammo bugun bu inspektorlar profilaktika, ya’ni jinoyatlarning oldini olish bilan shug‘ullanmayapti, aksincha, sodir bo‘lgan jinoyatlarni ro‘yxatga olish, yuqori idoralarga hisobot yozish bilan band.
Shu sababli bu masalaga qarashimizni tubdan o‘zgartirib, mahalladagi uchastka nozirlariga samarali faoliyat ko‘rsatishi uchun barcha zarur ish va turmush sharoitlarini yaratib beramiz.
Shuningdek, har bir tuman hokimi va tuman ichki ishlar bo‘limlari rahbarlarining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi joriy etiladi. Bu rahbarlarning asosiy vazifasi mahallada uchastka inspektorlari bilan ishlashni tashkil etishdan iboratdir.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Mamlakatimizda inson manfaatlari bilan bog‘liq masalalarni hal etishda bizning saylovoldi dasturimizdan joy olgan, hozirgi kunda ishlab chiqilayotgan maqsadli dasturlar muhim o‘rin tutadi. Bu dasturlar odamlarning turmush darajasi va sifatini yanada oshirishni ta’minlashga qaratilgan.
Shu maqsadda mamlakatimiz Hukumati Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati bilan birgalikda va jamoat tashkilotlari, nodavlat tashkilotlar ishtirokida 2017-2021-yillarda O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakat strategiyasiniishlab chiqmoqdamiz.
Ushbu strategiyada davlat qurilishi, sud-huquq tizimini takomillashtirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish va ijtimoiy sohani rivojlantirish, millatlararo do‘stlik va hamjihatlikni mustahkamlash bo‘yicha eng dolzarb vazifalar aniq belgilab beriladi.
Aziz do‘stlar!
Biz tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimizni avvalo xalqimiz, Vatanimiz manfaatlarini har tomonlama hisobga olgan holda amalga oshiramiz.
Bu siyosatning asosini tinchlikparvarlik, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik, yuzaga keladigan ziddiyat va qarama-qarshiliklarni faqat tinch, siyosiy yo‘l bilan hal etish tashkil etadi.
Biz bundan buyon ham uzoq-yaqindagi barcha xorijiy mamlakatlar, jahon hamjamiyati bilan samarali hamkorligimizni davom ettiramiz. Bu borada ochiq, do‘stona va pragmatik siyosat olib borish tamoyiliga sodiq qolamiz.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa xalqaro tuzilmalar bilan faol munosabatlar va hamkorlik olib borish O‘zbekistonning milliy manfaatlariga xizmat qiladi.
Biz Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, boshqa xalqaro moliya va iqtisodiy tashkilotlar bilan amaliy hamkorlikni yanada rivojlantiramiz.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Biz yangi – 2017-yilga ezgu va olijanob maqsadlar bilan qadam qo‘ymoqdamiz.
Buni hozirgina e’lon qilingan "Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili" bo‘yicha barchamiz, butun xalqimiz qalbidagi orzu-intilishlar ifodasi bo‘lgan reja va maqsadlarimiz yaqqol tasdiqlab turibdi.
Ishonchim komil, ana shu olijanob vazifalarni hal etishda davlat va nodavlat tashkilotlar, mahalla, xotin-qizlar, yoshlar vakillari, keng jamoatchilik, butun xalqimiz faol ishtirok etadi.
Kirib kelayotgan yangi yil siyosatimizning bosh maqsadini, ya’ni, inson manfaati har narsadan ulug‘, degan ezgu g‘oyani izchil davom ettirish, hayotimizni yanada obod va farovon etish yo‘lida yana bir ulkan qadam bo‘ladi.
Barchangizni Konstitutsiyamiz bayrami bilan samimiy tabriklab, sizlarga sihat-salomatlik, baxt va omad, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.