29.08.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Qadrli Shavkat Miromonovich!
Tojikiston xalqi nomidan va shaxsan oʻz nomimdan Sizni va Siz orqali butun qardosh Oʻzbekiston xalqini Oʻzbekiston Respublikasining milliy bayrami – Mustaqillik kuni munosabati bilan chin yurakdan muborakbod etish va eng ezgu tilaklarimni bildirish menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.
Siz olib borayotgan uzoqni koʻzlagan siyosat hamda mamlakat hayotining iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy sohalaridagi muhim yangilanishlar bugun oʻz natijalarini berib, Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻsini muttasil yuksaltirmoqda.
Oʻzbekiston bilan minglab doʻstlik rishtalari orqali bogʻlangan Tojikiston yaqin qoʻshni sifatida ushbu muvaffaqiyatlardan xursand boʻlmoqda.
Xalqlarimizni madaniy-maʼnaviy yaqinlik, oʻzaro manfaatlarni hurmat qilish, tinchlik va totuvlikka asoslangan koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik tajribasi bogʻlab turadi.
Oʻzbekiston bilan munosabatlar Tojikiston tashqi siyosatining hamisha asosiy ustuvor yoʻnalishi boʻlgan va shunday boʻlib qoladi.
Biz Tojikiston bilan Oʻzbekiston oʻrtasidagi koʻp qirrali sheriklikning ochiq va konstruktiv muhitidan, shuningdek, hamkorligimiz xalqlarimiz va butun mintaqamiz manfaatlari yoʻlida izchil rivojlanib borayotganidan gʻoyat xursandmiz.
Bunda, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizning shaxsiy hissangizni yuksak qadrlaymiz.
Yaqinda goʻzal mamlakatingizga davlat tashrifim davomida Siz bilan boʻlib oʻtgan samarali uchrashuvlarimizni, tarixiy hujjat – Strategik sheriklik toʻgʻrisidagi shartnoma imzolaganimizni alohida iliqlik bilan eslayman.
Ishonchim komil, ushbu tashrif doirasida imzolangan hujjatlar, shuningdek, iqtisodiyotning strategik tarmoqlarida qator keng miqyosli qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan kelishuvlarimizning roʻyobga chiqishi mamlakatlarimizning uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan samarali hamkorligiga yangi va kuchli surʼat bagʻishlaydi.
Fursatdan foydalanib, bundan buyon ham Siz bilan birgalikda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi azaliy doʻstlik anʼanalari va oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga barcha kuchlarni yoʻnaltirishga tayyor ekanimni bildiraman.
Birgalikdagi saʼy-harakatlarimiz natijasida mamlakatlarimiz munosabatlari Tojikiston va Oʻzbekiston xalqlari farovonligi yoʻlida bundan-da mustahkamlanishiga ishonaman.
Ushbu qutlugʻ bayram kunlarida Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, mamlakat ravnaqi yoʻlidagi rejalaringiz va intilishlaringiz roʻyobida katta zafarlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik, baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti