10.08.2018
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 10-avgust kuni yangi qurib bitkazilgan ushbu koʻprikni kelib koʻrdi.
Maʼlumki, Bunyodkor koʻchasi poytaxtimizning eng serqatnov yoʻllaridan biri. Bu koʻchaning Toshkent halqa yoʻli, Farhod, Muqimiy, Islom Karimov, Navoiy va boshqa yirik koʻchalar bilan kesishgan joylarida yoʻl oʻtkazgich va tunnellar qurilgan.
Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq Bunyodkor va Choʻpon ota koʻchalari chorrahasida ham yangi koʻprik bunyod etildi. Buning natijasida endi Bunyodkor koʻchasi boʻylab toʻxtovsiz va xavfsiz harakat taʼminlanadi. Yoʻl oʻtkazgichda transportlar 6 ta qatorda harakatlanadi.
Shuningdek, bu yerda 124 metrlik ikkita piyodalar oʻtish koʻprigi qurilgan. Nogiron va keksalarga qulaylik yaratish maqsadida lift va eskalator oʻrnatilgan.
Davlatimiz rahbari hududda amalga oshirilgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Bunday inshootlarni qulaylik va xavfsizlik nuqtai nazaridan aql bilan loyihalashtirish, ularni sifatli va zamonaviy qilib qurish zarurligini taʼkidladi. Ushbu maydon va koʻchalarda odamlarga qulayliklarni yanada oshirish boʻyicha oʻz fikrlarini bildirdi.
Shavkat Mirziyoyev Gʻafur Gʻulom nomidagi madaniyat va istirohat bogʻini ham kirib koʻrdi. Bogʻni zamonaviy qilib qayta qurish, bu yerda ochiq va yopiq akvapark barpo etish boʻyicha topshiriq berdi. Bogʻdagi bironta ham daraxt kesilmasligi kerakligini taʼkidladi.