13.01.2017
“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida 13-yanvar kuni Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganining 25-yilligi hamda 14-yanvar – Vatan himoyachilari kuniga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
Tinchlik va osoyishtaligimiz posbonlari – harbiylar bayrami mamlakatimizda har yili keng nishonlanadi. Bu yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik samarasidir.
...13-yanvar kuni ertalab Mustaqillik maydonida Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari, Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qo‘mitasi vakillari saf tortdi.
Vatan himoyachilari harbiy orkestr musiqa sadolari ostida hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gullar qo‘ydi.
...“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyi bayramona bezatilgan. Bu yerga senatorlar, deputatlar, hukumat a’zolari, askar va serjantlar, ofitser va generallar, Qurolli Kuchlarimiz faxriylari, ota-onalar va keng jamoatchilik vakillari taklif qilingan.
Bayram tadbirini Toshkent shahar hokimi R.Usmonov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 25-yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilarini samimiy tabrikladi.
Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov farmoni bilan 1991-yil 6-sentabrda Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etilgan. Davlatimiz rahbarining 1992-yil 14-yanvarda qabul qilingan qaroriga muvofiq respublikamiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga o‘tkazilgan.
Ana shu tarixiy kun – 14-yanvar mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda.
O‘tgan vaqt mobaynida Qurolli Kuchlarimiz tashkiliy va tarkibiy jihatdan takomillashdi. Tuzilmalarning harakatchanligi, jangovar qobiliyati, harbiylarning jismoniy va ma’naviy tayyorgarligi oshdi. Qism va bo‘linmalar zamonaviy qurol-yarog‘ va jangovar texnika bilan ta’minlandi.
Milliy armiyamizni professional kadrlar bilan to‘ldirish, harbiy xizmatchilarning tayyorgarligini, bilim va ko‘nikmalarini yanada yuksaltirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda. Harbiy o‘quv hamda mashg‘ulotlar ilm-fan va texnikaning ilg‘or yutuqlari asosida o‘tkazilmoqda. Oliy harbiy ta’lim muassasalarida har qanday xavf-xatarni bartaraf etishga qodir, tezkor qarorlar qabul qila oladigan, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega ofitser kadrlar tayyorlanmoqda.
Muddatli harbiy xizmatga chaqiruvning yilda bir marta amalga oshirilayotgani, shartnoma asosida xizmat qilish, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatning joriy etilgani natijasida harbiy jamoalardagi ma’naviy muhit tubdan o‘zgardi. Harbiy xizmat yoshlarda mustahkam iroda va xarakterni shakllantiradigan, jismoniy chiniqish va yuksak insoniy fazilatlar kamol topadigan o‘ziga xos maktabga aylandi. Natijada yoshlar orasida harbiy xizmatga qiziqish tobora ortib borayotir.
Muddatli harbiy xizmatga tanlov asosida qabul qilinayotgani armiya saflarini jismoniy tayyorgarligi va intellektual salohiyati yuksak yigitlar bilan to‘ldirishda muhim omil bo‘lmoqda. Buning samarasida askarlar jangovar tayyorgarlik dasturlarini, zamonaviy texnika va texnologiyalardan foydalanishni puxta o‘zlashtirmoqda.
Vatan himoyachilarining xizmatni o‘tash va yashash joylaridagi ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash, rezervga bo‘shatilgan fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish ham doimiy e’tiborda.
Harbiy xizmatchilar uchun yangi turar joylar qurish, mavjud turar joy fondini ta’mirlash, zamonaviy harbiy shaharchalar barpo etish va rekonstruksiya qilish, uzoq muddatli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartiralar sotib olish va yakka tartibdagi uy-joylar qurish uchun yer uchastkalari ajratish yildan-yilga kengayib bormoqda. Yangi yil bayrami arafasida ham mamlakatimizning ko‘plab hududlarida harbiylar uchun yangi uy-joylar foydalanishga topshirildi. Yuzlab harbiylarimiz Yangi yilni yangi uyda kutib oldi.
Muddatli harbiy xizmatni o‘tagan va harbiy qism qo‘mondonligining tegishli tavsiyanomasini olgan yoshlar mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda test sinovlarida to‘plash mumkin bo‘lgan eng ko‘p ballning 27 foizi miqdorida imtiyozli ballga ega bo‘lmoqda. Bu ularning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirib, kasb-hunar egallashi, hayotda o‘z o‘rnini topishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Bu yil Vatan himoyachilari kuni mamlakatimizda “O‘zbekiston – mustaqil Vatanimiz, milliy armiyamiz faxru g‘ururimiz!” shiori ostida nishonlanmoqda. O‘zbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi tomonidan ushbu mavzuda harbiy qism va bo‘linmalarda, barcha viloyatlarda, olis qishloq va mahallalarda ko‘plab uchrashuvlar, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. Ularda tinchlik-osoyishtalikning qadri, bu aziz ne’matni asrab-avaylashga barcha birdek mas’ul ekani keng targ‘ib etilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 12-yanvardagi farmoniga muvofiq, Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining 25-yilligi munosabati bilan huquqni muhofaza qilish organlari, Mudofaa va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari xodimlaridan bir guruhi Vatanimizning yuksak mukofotlari – orden va medallar bilan taqdirlandi. Ushbu yuksak mukofotlarni Davlatimiz rahbari tantanali ravishda topshirdi.
– Mamlakatimizdagi tinchlik-osoyishtalik xalqimizning eng katta boyligidir, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi Bosh shtabi boshqarmasi bo‘limi katta ofitseri, "Sodiq xizmatlari uchun" medali sohibi Fazliddin Ahmadillayev. – Men ana shu boylikni asrab-avaylash, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligini ta’minlashga hissa qo‘shayotganimdan faxrlanaman. Vatanimizning yuksak medalini ko‘ksimga taqish menga yanada g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi. Bunday ishonchni oqlash, xalqimiz tinchligi va farovonligi, farzandlarimiz kelajagini himoya qilish uchun bor kuchimni sarflayman.
Qurolli Kuchlar ofitseri Laziz Usmonov, askar onasi Laylo Jo‘rayeva, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzaaliyev va boshqalar bayram qatnashchilarini Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, Prezidentimiz, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga harbiy xizmatchilarga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
Tantanali marosim katta bayram konserti bilan yakunlandi.