05.06.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 5-iyun kuni hududlarda byudjetga qo‘shimcha tushumlar va mahsulot ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish orqali narxlar barqarorligini ta’minlash, inflyatsiyaning oldini olishda mahalliy ijro hokimiyati organlari, soliq va moliya idoralari rahbarlarining shaxsiy mas’uliyati va javobgarligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Bosh vazir va uning o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralar, kompaniyalar, xo‘jalik birlashmalari, banklar rahbarlari, videokonferensiya orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, Toshkent shahri va viloyatlar hokimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-iyunda qabul qilingan “Mahalliy byudjetlarni shakllantirishda joylardagi davlat hokimiyati organlarining vakolatlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish imkonini bermoqda.
Joriy yilning o‘tgan 5 oyida byudjetga prognozga nisbatan 2,7 trillion so‘m yoki 16 foiz ko‘p tushum tushirilgani shu boradagi ishlar natijasidir.
Yig‘ilishda byudjetga qo‘shimcha tushumlarni ko‘paytirish va inflyatsiya darajasi barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ishlarning mavjud holati tanqidiy tahlil qilinib, bu boradagi eng muhim vazifalar belgilab olindi.
Tahlillarga ko‘ra, mahalliy hokimliklar, moliya-soliq organlari tomonidan byudjetga qo‘shimcha soliq tushirish borasidagi rezervlar hali ham to‘liq ishga solinmayapti.
Joriy yilning o‘tgan 5 oyi davomida soliqlarning 60 foizini ilgarigidek 171 ta yirik korxona ta’minlab bergani buni yaqqol tasdiqlab turibdi. Masalan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida jami soliq tushumining 50 foizi “O‘zKorgaz” va “Ustyurtgaz” korxonalari, Navoiy viloyatida esa 75 foizi Navoiy kon-metallurgiya kombinati hisobidan qoplangan.
Yig‘ilishda Toshkent shahri va Namangan viloyatida bu boradagi ishlar mutlaqo talabga javob bermasligi qattiq tanqid qilindi. Misol uchun, bozordagi savdo-sotiqlar orqali tushadigan mablag‘lar ko‘rsatkichi Toshkent shahrining Olmazor tumanida 30 foizga, Sergelida 7 foizga, Yakkasaroyda 4 foizga, Yunusobodda 3 foizga kamayib ketgan.
Avtomobillarni saqlash joylarida tushum bo‘yicha yetarli nazoratning yo‘qligi kuzatilmoqda. Buning oqibatida mahalliy byudjetlarga 18 milliard so‘m tushmasdan qolgan.
Namangan viloyatining Norin va Namangan tumanlarida o‘tgan 5 oy mobaynida savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari hisobidan to‘lanadigan soliqlar miqdori kamayib ketgan. Viloyatda soliq hisobotlari to‘liq tahlil qilinmagani va shu asosda tegishli chora-tadbirlar ko‘rilmagani tufayli qariyb 20 milliard so‘m soliq undirilmagan.
“O‘rganish va hisob-kitoblar barcha hududlarda ishga solinmayotgan bunday rezervlar ko‘pligini ko‘rsatmoqda. Agar adolatni joyiga qo‘ysak, mahalliy byudjetlarga tushum ko‘p tushadi, dedi Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yilda prognozga qo‘shimcha ravishda 8,1 trillion so‘m soliq tushirib, byudjetga jami soliq tushumini 50,2 trillion so‘mga yetkazish imkoni borligi ta’kidlandi. Mutasaddi vazirlik va idoralarga bu sohada yo‘l qo‘yilayotgan kamchilik va nuqsonlarni tezda bartaraf etish, qo‘shimcha ravishda 8,1 trillion so‘m soliq tushirish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi. Har bir viloyat, shahar va tumanda bu boradagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.
Videoselektor yig‘ilishida asosiy iste’mol tovarlari narxi barqarorligini ta’minlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasini yaratish, fermerlar bilan takroriy ekinlardan olinadigan mahsulotlar bo‘yicha shartnomalar tuzish, avans mablag‘larini o‘z vaqtida ajratish zarurligi ta’kidlandi.
Ozuqabop ekinlar ekish, parvarishlash va yetishtirilgan hosilni nest-nobud qilmasdan yig‘ib olish, g‘alladan bo‘shagan yerlarga peshma-pesh takroriy ekinlar ekishni uyushqoqlik bilan tashkil etish borasida tegishli vazifalar belgilandi.
Majlisda tegishli rahbar va mutasaddilarga 2018-2021-yillarda chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikni rivojlantirish, ushbu tarmoqda ratsional ozuqa bazasini shakllantirish dasturlarini ishlab chiqish, har bir hudud bo‘yicha asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan talabni aniqlab, tegishli tashkiliy ishlarni amalga oshirish, bozorlarda narx-navo barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilarning axboroti tinglandi.