25.12.2016
2016-yil 25-dekabr kuni xalq deputatlari Navoiy viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Navoiy viloyati haqida gap ketganda, avvalo, uning mehnatkash xalqi, yer osti va yer usti boyliklari, ulkan salohiyati ko‘z oldimizda namoyon bo‘ladi, dedi Prezidentimiz. Mamlakatimizning yirik sanoat hududi hisoblangan ushbu viloyatda konchilik, metallurgiya, kimyo, energetika, qurilish materiallari, paxta tozalash, oziq-ovqat sanoati izchil rivojlanmoqda.
Joriy yilning to‘qqiz oyida yalpi hududiy mahsulot qariyb 7 milliard 440 million so‘mni tashkil etib, o‘sish sur’ati 5,9 foizga oshdi. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 4,2 foiz, iste’mol tovarlari 14,8 foiz, qishloq xo‘jaligi 6,7 foiz, qurilish ishlari 11,6 foiz, chakana savdo aylanmasi 15 foiz, jami ko‘rsatilgan xizmatlar 15,5 foizga o‘sishi ta’minlandi.
Viloyatda hududiy korxonalar tomonidan jami 43 million dollarlik mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirildi. Mahalliylashtirish dasturi asosida 17 korxonada 57 loyiha bo‘yicha tayyor mahsulot hamda materiallar, butlovchi qism va detallar ishlab chiqarish rejalashtirilgan bo‘lib, 9 oyda 47 milliard 600 million so‘mlik mahalliy mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Hozirgi kunda viloyatda 17 yirik sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Navoiy kon-metallurgiya kombinati, “Navoiyazot”, “Qizilqumsement”, “Navoiy issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyatlari va “Elektrkimyozavodi” qo‘shma korxonasi shular jumlasidandir. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida 18 korxona faoliyati samarali yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ular tomonidan 100 dan ortiq turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.
Navoiy viloyatining mehnatkash xalqi doimo ilg‘orlar safidan munosib o‘rin egallab kelgan, dedi Shavkat Mirziyoyev. Buni keyingi yillarda viloyatda erishilayotgan ulkan yutuq va marralar misolida ham ko‘rish mumkin. Viloyatning bunday ulkan salohiyati e’tiborga olingan holda, eng muhimi, aholining tobora o‘sib borayotgan talab va ehtiyojlarini ta’minlash, viloyatda mavjud resurs va imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish borasida qilinadigan ishlar ko‘pligi alohida ta’kidlandi.
Sessiyada bandlik masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Bunda aholi, avvalambor, yoshlarni ish bilan ta’minlash, zamonaviy ish o‘rinlari yaratish davlatimiz, butun jamiyatimizning diqqat markazida turishi lozim.
Davlatimiz rahbarining Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24-yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida aholi murojaatlari bilan ishlashda sifat jihatidan mutlaqo yangi tizimga o‘tish zarurligi ta’kidlandi. Bu borada birinchi navbatda rahbarlar – bu vazirlik va idoralar rahbarlari bo‘ladimi, viloyat, shahar, tuman hokimlari bo‘ladimi – barchasi o‘z zimmasiga katta mas’uliyat yuklatilganini unutmasligi lozim.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi lavozimida ishlab kelayotgan Qobul Tursunov Navoiy viloyati hokimi etib saylandi.
«Mahalla» xayriya jamoat fondi Navoiy viloyati bo‘limi raisi Normurod Isoqov, Konimex tumanidagi "Kenimex tani" gazetasi muxbiri Xonimgul Norboyeva, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi muzeyi direktori Olga Sashina va boshqalar Prezidentimiz nutqida bayon etilgan fikrlardan zarur xulosalar chiqarib, ko‘rsatib o‘tilgan kamchiliklarni bartaraf etish, viloyat ahli oldida turgan dolzarb vazifalarni bajarish, islohotlar samaradorligini yanada oshirish uchun Navoiy viloyati aholisi astoydil mehnat qiladi va ko‘zlangan marralarga albatta erishadi, deb ta’kidladi.
Shu kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Navoiy kon-metallurgiya kombinati va "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyatining istiqboldagi rejalari bilan tanishdi.