23.12.2016
2016-yil 23-dekabr kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari Samarqand azaldan dunyoga mashhur ekani, bugun bu qadimiy zamin xalqimizning ulug‘ farzandi, mustaqilligimiz asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan va mangu orom topgan joy sifatida har birimiz uchun yanada qadrdon maskanga aylanganini ta’kidladi.
Mustaqillik yillarida Samarqand o‘zining rivojlangan sanoati va qishloq xo‘jaligi, tabiiy boyliklari, ulkan sayyohlik salohiyati bilan mamlakatimizning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayotida muhim o‘ringa ega bo‘ldi.
Viloyat iqtisodiyoti 2010-yildan buyon 1,7 barobar o‘sdi, dedi Prezidentimiz. Yalpi hududiy mahsulotda sanoatning ulushi 2011-yilda 18 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil yakunida bu ko‘rsatkich qariyb 24 foizga yetishi kutilmoqda.
Bugungi kunda jahondagi eng yuksak standartlar asosida jihozlangan Samarqand avtomobil zavodida o‘nlab turdagi mashinalar ishlab chiqarilmoqda. Keyingi besh yilda viloyatda 100 dan ortiq yangi qo‘shma va xorijiy korxonalar tashkil etilib, ayni paytda ularning soni 259 taga yetdi. Ushbu korxonalarda yiliga 2,5 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlanmoqda.
Samarqand viloyatining iqtisodiy rivoji uning eksport salohiyatida ham namoyon bo‘layotir. Joriy yilda hududiy eksport miqdori 393 million dollarga yetdi.
Viloyatda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. Mazkur sohaning yalpi hududiy mahsulotdagi ulushi 78 foizdan oshgani va mehnat bilan band aholining 84 foizdan ziyodi shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgani e’tiborga loyiq.
Qishloq xo‘jaligi sohasini isloh etish va modernizatsiya qilish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Keyingi besh yilda 16 ming gektardan ziyod paxta maydonlari qisqartirilib, meva-sabzavot va poliz ekinlari ekilmoqda. Yurtimizda mavjud intensiv bog‘larning 7500 gektardan ortig‘i yoki 43 foizi Samarqand viloyatida tashkil etilgan, dedi davlatimiz rahbari.
Sessiyada viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, uning eksport salohiyatini oshirish, istiqbolli yangi sanoat obyektlari barpo etish, ijtimoiy infratuzilmani yanada yaxshilash borasidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Yengil sanoat sohasida tumanlarda paxtani qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonalari tashkil etish, mavjudlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, shu orqali hududlar eksport salohiyatini yuksaltirish lozimligi ta’kidlandi. Urgut tumanining resurs bazasidan samarali foydalanish, sanoat va eksport salohiyatini yanada rivojlantirish, investitsiya va ilg‘or texnologiyalarni jalb etish maqsadida “Urgut” erkin industrial zonasi tashkil etilmoqda.
Prezidentimiz viloyatda turizmni yanada rivojlantirish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish zarurligiga e’tibor qaratdi. Davlatimiz rahbarining 2016-yil 2-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va shu hujjat asosida ishlab chiqilgan dasturda Samarqandning bu boradagi salohiyati va turistik potensialini oshirish yuzasidan keng ko‘lamli chora-tadbirlar belgilangan.
Viloyat qishloq xo‘jaligida islohotlarni izchil davom ettirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilab berildi. 2017-yilda 4400 gektar paxta maydonini qisqartirish evaziga meva-sabzavotchilikni rivojlantirish, mahsulotni saqlash va qayta ishlashga mo‘ljallangan korxonalar tashkil etish, lalmi yerlarga jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan eksportbop ekinlar ekish, tog‘oldi hududlarda dorivor o‘simliklar yetishtirish, chorvachilikni rivojlantirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilandi.
Davlatimiz rahbari 2017-yilning mamlakatimizda Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili, deb e’lon qilingani munosabati bilan bu borada mahalliy hokimlik va boshqaruv organlari oldida turgan vazifalarga alohida e’tibor qaratdi. Rahbarlarning xalq ichiga kirib, aholi bilan samimiy muloqot qilishi, ularning dardu tashvishlarini tinglab, muammolarga yechim topishi xalqimizning davlatdan rozi bo‘lishi va turmushi farovonligiga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tavsiyasiga binoan Samarqand viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Himmat Oqbo‘tayev Samarqand viloyati hokimi etib saylandi.
“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri F.Toshev, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Payshanba” shaharcha fuqarolar yig‘ini raisi Q.Ahmedov, mehnat faxriysi Z.Ziyoyev va boshqalar Prezidentimiz nutqida bayon etilgan fikrlardan kelib chiqib, viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan dolzarb vazifalarni muvaffaqiyatli ado etish yo‘lida viloyat ahli astoydil mehnat qiladi va ko‘zlangan marralarga albatta erishadi, deb ta’kidladi.