
02.03.2018
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi bilan tanishish maqsadida 2-mart kuni Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari dastlab Karmana tumanidagi “Karmana Golden Eggs” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Prezidentimizning 2017-yil mart oyidagi tashrifi chog‘ida belgilab berilgan topshiriqqa muvofiq ishga tushirilgan mazkur parrandachilik fabrikasida yiliga 960 mingta jo‘ja yetishtiriladi. Korxonada 50 ta ish o‘rni yaratildi. Ikkinchi bosqichda yana 100 ishchi joy tashkil etiladi.
Shu yerda viloyat iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida yangi quvvatlarni ishga tushirish, 2018-2019-yillarda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmini oshirish, bog‘, issiqxonalar, pista va bodom plantatsiyalari tashkil etish, meva-sabzavotni qayta ishlash, parrandachilik, baliqchilik, qorako‘lchilik kabi tarmoqlarni rivojlantirishga doir loyihalarning iqtisodiy samaradorligiga e’tibor qaratildi.
Prezident loyiha-takliflarni qo‘llab-quvvatladi.
Loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish kerak. Korxonalarni bir kun bo‘lsayam ertaroq ishga tushirib, odamlarni ish bilan, daromad bilan ta’minlashimiz zarur. Buning uchun qanday yordam, qancha qo‘shimcha mablag‘ kerak bo‘lsa, beramiz, dedi Shavkat Mirziyoyev.