23.12.2017
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkentning Alisher Navoiy, Olmazor, Islom Karimov va Furqat ko‘chalari oralig‘ida bunyod etilayotgan «Toshkent Sity» xalqaro ishbilarmonlik markazining takomillashtirilgan loyihasini ko‘zdan kechirdi.
Mamlakatimizda xorijlik sarmoyadorlarni jalb qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jahon tajribasida ishbilarmonlar uchun umumiy majmua sifatida biznes markazlari yaratish tajribasi keng qo‘llaniladi. Poytaxtimizda barpo etilayotgan xalqaro ishbilarmonlik markazi ham zamonaviyligi va qulayligi jihatidan noyob loyihadir.
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 28 oktyabr kuni “Toshkent Sity” xalqaro ishbilarmonlik markazi barpo etilayotgan hududda bo‘lib, buyurtmachi va quruvchilar oldida turgan vazifalar, tashkiliy va moliyaviy masalalarni joyida muhokama qilgan, loyihalarni yanada takomillashtirish, qurilishni jadallashtirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar bergan edi.
Davlatimiz rahbari takomillashtirilgan loyihalarni yana bir bor ko‘zdan kechirdi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 28 iyuldagi “Toshkent shahrining markaziy qismini obodonlashtirish va arxitekturaviy qiyofasini yanada yaxshilash hamda aholi va poytaxt mehmonlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzurida “Toshkent Sity” xalqaro ishbilarmonlik markazi hududidagi ob’ektlarni qurish va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha direksiya tuzilgan.
Davlatimiz rahbari xalqaro ishbilarmonlik markazining ma’muriy binosida bo‘ldi. Bu yerda yaratilayotgan loyihalar, ish jarayoni bilan tanishdi.
“Toshkent Sity” xalqaro ishbilarmonlik markazining takomillashgan konsepsiyasiga ko‘ra, bino va inshootlar turli qurilish tashkilotlari tomonidan barpo etilmoqda. Loyihalarni mamlakatimiz ishbilarmonlari Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya kabi mamlakatlardan kelgan investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirmoqda.
Prezident qurilishga jalb qilingan investorlar bilan suhbatlashdi. Ularning fikrlari va tashabbuslari bilan qiziqdi.
Bugun xalq tilida “shahar ichidagi shahar” deb nom olgan markaz qurilishi ikki bosqichda to‘rt yilda yakuniga yetkaziladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev “Toshkent Sity” xalqaro ishbilarmonlik markazida qurilayotgan bino va inshootlarning bir-biriga uyg‘un bo‘lishi, dizayn jihatidan biri ikkinchisini to‘ldirishi kerakligini ta’kidladi.