23.12.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan qurilish va ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
Ulug‘ shoir va mutafakkir nomi bilan ataladigan bu dargoh Alisher Navoiyga munosib bo‘lishi uchun bu yerda talabalarga har tomonlama puxta bilim berishga qaratilgan shart-sharoit yaratilgan. Universitet oldida she’riyat mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali o‘rnatilib, uning atrofi obodonlashtirildi.
Universitet tarkibida o‘zbek filologiyasi, o‘zbek tili va adabiyotini o‘qitish, o‘zbek-ingliz tarjima fakultetlari, shuningdek, O‘zbek tili va adabiyoti ilmiy-tadqiqot instituti va O‘zbek tili va adabiyoti muzeyi faoliyat olib bormoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerda jahon tajribasi asosida zamonaviy vositalar bilan tashkil qilingan o‘qitish metodikasi bilan tanishdi. Ya’ni, talabalar Navoiy asarlarini faqat kitob orqali emas, balki zamonaviy multimedia texnologiyalaridan foydalangan holda o‘rganadi.
Davlatimiz rahbari Universitetning ilmiy salohiyatini ko‘tarish, mavqei va nufuzini oshirish, ta’lim berish hamda talabalarning bilim saviyasi, texnik va texnologik jihozlanish va boshqa mezonlar bo‘yicha boshqa oliy ta’lim muassasalariga o‘rnak va ibrat bo‘ladigan maskanga aylantirish zarurligini qayd etdi.
Jihozlash masalasi haqida so‘z borar ekan, universitetning konferensiya zaliga alohida to‘xtalish joiz. Bu yerda talabalar nafaqat mamlakatimizdagi balki, xorijdagi oliy ta’lim dargohlari bilan bevosita onlayn tarzda muloqot qilish, videokonferensiyalar o‘tkazish imkoniyatiga ega.
Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev lingofon xonasi, sinxron tarjima xonasi, xattotlik laboratoriyasida yaratilgan zamonaviy sharoit va imkoniyatlar bilan tanishib, o‘quv jarayonini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘zining tavsiyalarini berdi.
Davlatimiz rahbari bu yerda o‘qituvchilar bilan suhbatlashar ekan, tarixiy va zamonaviy adabiy merosimizni xorijiy tillarga tarjima qilish, tilimizning jahon miqiyosidagi nufuzini yuksaltirish borasida o‘zining mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek, Navoiy ijodini targ‘ib qilish O‘zbekistonning jahon maydonidagi obro‘-e’tiborini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi.