17.11.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Xalqimiz madaniy merosining ajralmas qismi bo‘lgan milliy maqom san’ati o‘zining qadimiy tarixi, teran falsafiy ildizlari, betakror badiiy uslubi va boy ijodiy an’analari bilan ma’naviy hayotimizda muhim o‘rin egallaydi.
Asrlar davomida ulug‘ shoir va olimlar, mohir bastakorlar, hofiz va sozandalarning mashaqqatli mehnati va fidoyiligi, ijodiy tafakkuri bilan sayqal topib kelayotgan ushbu noyob san’at nafaqat yurtimiz va sharq mamlakatlarida, balki dunyo miqyosida katta shuhrat va e’tibor qozongan. Maqom san’atining gultoji bo‘lgan “Shashmaqom” YuNESKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e’tirof etilgani hamda uning Reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgani buning yaqqol tasdig‘idir.
O‘tgan davr mobaynida mamlakatimizda maqom san’atini o‘rganish va rivojlantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirildi. Ayniqsa, o‘zbek “Shashmaqom”i nota matnlarining nashr etilishi va ularga muvofiq ravishda maqom kuy-qo‘shiqlarining magnit lentalarga yozib olinishi ulkan ilmiy-madaniy ahamiyatga ega voqea bo‘ldi.
Hozirgi kunda yurtimizda Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, hududlarda maqom jamoalari, O‘zbekiston davlat konservatoriyasida shu yo‘nalishda maxsus kafedra faoliyat ko‘rsatayotgani, sohaga oid ilmiy izlanishlar olib borilayotganini qayd etish lozim.
Ayni vaqtda milliy o‘zligimizni anglash, madaniyatimizni har tomonlama rivojlantirish, xalqimiz, avvalo, yosh avlodimizni yuksak insoniy tuyg‘ular ruhida tarbiyalash, uning estetik didi va tafakkurini shakllantirishda maqom san’atining keng imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayapti.
Mazkur yo‘nalishda chuqur ilmiy-nazariy tadqiqotlar, o‘quv-uslubiy adabiyotlar yaratish, maqom san’atini radio-televideniye, ommaviy axborot vositalari, Internet tarmog‘i orqali mamlakatimizda va chet ellarda targ‘ib etish, maqom ustozlari, soha olimlari va mutaxassislari, iqtidorli va istiqbolli yosh ijrochilar faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash ishlari e’tibordan chetda qolib kelmoqda.
Yuqorida zikr etilgan kamchilik va muammolarni bartaraf etish, o‘zbek maqom san’atini chuqur o‘rganib, o‘ziga xos ijro maktablari va an’analarni yangi bosqichda ravnaq toptirish, uning “oltin fondi”ni yaratish va boyitish, xalqaro nufuzini oshirish va keng targ‘ib qilish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston kompozitorlari va bastakorlari uyushmasining davlat muassasasi shaklida O‘zbek milliy maqom san’ati markazi (keyingi o‘rinlarda – Maqom markazi) faoliyatini tashkil etish haqidagi taklifi ma’qullansin.
2. Quyidagilar:
O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi 1-ilovaga;
O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturi 2-ilovaga;
O‘zbek milliy maqom san’ati markazining tarkibiy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. O‘zbek milliy maqom san’ati markazining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
O‘zbekistonda maqom san’atini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar va an’analarni, buyuk bastakorlar, hofiz va sozandalar merosini chuqur ilmiy asosda o‘rganish va qayta tiklash;
o‘zbek maqom san’ati mumtoz va zamonaviy ijro namunalarining “oltin fondi”ni yaratish;
xalqimiz, xususan, yosh avlodni maqom san’ati bilan keng tanishtirish orqali ularda milliy o‘zlikni anglash tuyg‘usi yuksak badiiy-estetik did va tafakkurni kamol toptirish;
maqom san’ati bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va targ‘ib qilish bo‘yicha xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish;
mumtoz musiqa merosimiz namunalarini notaga olish, mavjud yozuvlarni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish, maqom san’atining ijtimoiy-tarixiy ildizlari, ilmiy-nazariy negizlari, milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan bog‘liq jihatlarini yurtimiz olimlari va chet ellik mutaxassislar ishtirokida chuqur o‘rganib, yangi ilmiy tadqiqotlar yaratish;
maqom san’atining ko‘p asrlik ijro yo‘llarini puxta o‘zlashtirib, ularni yangicha usullar bilan boyitib, yosh avlod vakillariga o‘rgatib kelayotgan maqomchilar, maqomshunos ilmiy-pedagog olimlar va mutaxassislar, Maqom markazi xodimlari faoliyatini moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash;
yurtimizda maqom san’ati bo‘yicha xorijiy yetuk ijrochilarning o‘zaro tajriba almashuvi, mahorat darslari hamda turli xalqaro maqom anjumanlari va tanlovlarini tashkil etish;
respublika hududlarida taniqli maqom ijrochilarining konsertlarini va mahorat darslarini tashkillashtirish;
maqom san’atini radio-televideniye, ommaviy axborot vositalari va Internet orqali O‘zbekiston va chet ellarda keng targ‘ib etish.
4. Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligiga:
O‘zbekiston davlat konservatoriyasining Musiqiy sharqshunoslik kafedrasi negizida “O‘zbek maqomi tarixi va nazariyasi” kafedrasini tashkil etish, viloyatlardagi pedagogik oliy ta’lim muassasalarining musiqiy ta’lim yo‘nalishida maqom san’atini maxsus fan sifatida o‘qitishni joriy etish;
mazkur ta’lim muassasalariga malakali mutaxassislar, professor-o‘qituvchilarni jalb etish, ular uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, tegishli darslik, o‘quv qo‘llanma va ilmiy-uslubiy adabiyotlar bilan ta’minlash;
respublikadagi mavjud bolalar musiqa va san’at maktablari hamda madaniyat va san’at kollejlari va akademik litseylarda maqom san’atini o‘qitish bo‘yicha bo‘limlar faoliyatini yanada kuchaytirish;
maqom san’atining ijodiy, ilmiy-uslubiy va ijro an’analarini puxta o‘zlashtirish va munosib davom ettirish maqsadida, ta’lim muassasalariga mohir maqomchi san’atkorlarni biriktirish va shu asosda “ustoz-shogird” maktablarini tashkil etish vazifasi topshirilsin.
5. 2018 yildan boshlab Shahrisabz shahrida har ikki yilda bir marta Xalqaro maqom san’ati anjumanini o‘tkazish belgilansin.
Respublika komissiyasiga:
Madaniyat vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, YuNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi, Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Qashqadaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda, bir oy muddatda Shahrisabz shahrining Oqsaroy maydonida mazkur anjumanni o‘tkazish uchun zarur madaniy infratuzilma inshootlarini barpo etish bo‘yicha takliflar kiritish;
Xalqaro maqom san’ati anjumanining ilmiy-ijodiy konsepsiyasi va Nizomini ishlab chiqish;
Oqsaroy maydonining tarixiy qismida maqom san’atiga bag‘ishlangan muzey va milliy sozlar laboratoriyasini tashkil etish;
Shahrisabz shahar madaniyat saroyini kapital ta’mirlash, hozirgi vaqtda Oqsaroy maydonidagi mavjud Maqom markazi hamda bolalar musiqa va san’at maktabi faoliyatlarini takomillashtirish;
Xalqaro maqom san’ati anjumanini yuksak saviyada o‘tkazish uchun horijiy davlatlardan taniqli musiqashunos olimlar, san’atkorlar, ijodiy jamoalar va mutaxassislarni taklif etish;
2018-yildan boshlab sohada faol ijod qilayotgan san’atkorlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish maqsadida “Eng yaxshi maqom xonandasi”, “Eng yaxshi maqom sozandasi”, “Eng yaxshi maqom ustozi”, “Eng yaxshi maqom targ‘ibotchisi”, “Eng yaxshi yosh maqomchi” kabi nominatsiyalar bo‘yicha mukofotlar ta’sis etish;
O‘zbek milliy maqom san’atini yanada rivojlantirishga doir chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash vazifalari yuklatilsin.
6. Maqom markazi O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Toshkent radioeshittirish uyi” binosiga ijara to‘lovisiz vaqtincha joylashtirilsin. (Toshkent shahar, Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi 49-uy)
Madaniyat vazirligi, “Davarxitektqurilish” qo‘mitasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahar hokimligi 1 oy muddatda Maqom markazi uchun zamonaviy talablarga javob beradigan loyiha asosida yangi bino qurish bo‘yicha taklif kiritsin.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi o‘z tizimi uchun byudjetdan ajratilgan yillik mablag‘lari doirasida doimiy ravishda “Toshkent radioeshittirish uyi”da ovoz yozish studiyalari va texnik vositalardan Maqom markazi uchun bepul foydalanish va Maqom ansambli tomonidan ijro etiladigan musiqiy asarlarni yozib olish, efirga berish va targ‘ibot qilishni ta’minlasin.
7. Maqom yo‘nalishida ijod qilib kelayotgan ijodiy jamoalar, ansambllar 2023-yilgacha barcha soliq to‘lovlaridan ozod etilsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Maqom markaziga 1 ta yengil avtomobil va 1 ta avtobus xarid qilish uchun mablag‘lar ajratsin.
“Toshkent radioeshittirish uyi”da Maqom markaziga ajratilgan xonalarni joriy ta’mirlash uchun mablag‘ ajratsin.
Maqom san’atini tadqiq qilish bilan bog‘liq ilmiy izlanishlar, o‘quv qo‘llanmalar, tarjimalar, ilmiy va uslubiy adabiyotlarni nashr qilish xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining parametrlarida ijtimoiy sohaga nazarda tutilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtirilishini ta’minlasin.
9. Madaniyat vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari uch oy muddatda viloyatlarda yangi namunali maqom ansambllarini tashkil etsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligiga maqom san’atini rivojlantirish va targ‘ib qilish bo‘yicha xorijiy davlatlar bilan olib boriladigan barcha hamkorlik ishlarini o‘rnatilgan tartibda tashkil etishda amaliy yordam ko‘rsatsin.
11. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, “Jahon” axborot agentligi maqom san’atini rivojlantirish bo‘yicha bajarilgan ishlarni muntazam ravishda yoritib borish maqsadida alohida dastur ishlab chiqsin va amalga oshirsin.
12. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda, bir oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev