13.10.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 13-oktabr kuni sanoat va ijtimoiy soha ob’ektlari, aholini tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, bu boradagi qarzdorlikni bartaraf etish, ushbu yo‘nalishdagi amaliy chora-tadbirlarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Ushbu masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi rahbariyati va tegishli mutasaddilar hisoboti tinglandi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, Respublika Bosh prokurori, “O‘zbekenergo”, “O‘ztransgaz” kompaniyalari rahbarlari, mutasaddi idoralar vakillari ishtirok etdi.
Asosiy e’tibor, avvalo, aholi, ishlab chiqarish ob’ektlari, ijtimoiy muassasalarni tabiiy gaz, elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash, bu boradagi to‘lovlarning amalga oshirilishi, bugungi holat va muammolarga qaratildi.
Ma’lumki, “O‘zbekenergo” va “O‘ztransgaz” kompaniyalari faoliyatidagi xato va kamchiliklar, to‘lov intizomini mustahkamlash, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanishning oldini olish, debitor qarzdorlikni kamaytirish bilan bog‘liq muammolar tarmoq zimmasidagi vazifalarni izchil bajarish, qo‘yilgan maqsadlarga erishishga to‘sqinlik qilar edi. Shartnomaviy majburiyatlarni bajarmagan iste’molchilarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rilmagani, hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari oqsagani qarzdorliklarning keskin ortishi, talon-tarojliklar va iste’mol qilingan energiya resurslari uchun to‘lovlardan bo‘yin tovlash holatlari ko‘payishiga olib kelayotgan edi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan sohadagi ishlar tubdan takomillashtirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosi tashkil etildi.
Byuroning asosiy vazifalari foydalanilgan energiya resurslari uchun qarzdorlikni keskin kamaytirish, elektr energiyasi va tabiiy gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanishlarning oldini olish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlashdan iborat. Farmon asosida Adliya vazirligi huzurida faoliyat yuritgan Sud departamentining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan vazifa va vakolatlari Byuroga o‘tkazildi. Endilikda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish Byuroning davlat ijrochilari tomonidan amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan olib borilayotgan izchil islohotlar, Majburiy ijro byurosining faoliyati natijasida joriy yilning iyun-sentyabr oylarida 5 trillion 400 milliard so‘m qarzdorlik undirildi. Uning 3 trillion 400 milliard so‘mi elektr energiyasi, 2 trillion so‘mi tabiiy gaz hisobiga to‘g‘ri keladi.
Jismoniy va yuridik shaxslar bilan olib borilayotgan tushuntirish-targ‘ibot ishlari bunday natijalarga erishish imkonini bermoqda. O‘tgan davrda davlat byudjetiga 171 milliard so‘m zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan 182 jinoiy holat aniqlangan va ularga nisbatan tegishli choralar qo‘llanilgan.
Ammo sohada o‘z yechimini kutayotgan muammolar hali ko‘p. “O‘zbekenergo” va “O‘ztransgaz” tizimida yangilikka intilishning yetishmasligi, o‘zibo‘larchilik va talon-tarojlik holatlari mavjudligi, afsuski, hamon bu sohada muammolar saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.
Shavkat Mirziyoyev kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonida ayrim sohalar rahbarlarining ishga sovuqqon munosabati, hamon uchrayotgan eskicha qarashlar mamlakatimiz taraqqiyoti va aholi farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini inobatga olib, bunday holatlarga o‘z vaqtida tegishli choralar ko‘rish, ishni tashkil etishda yangicha yondashuvlarni hayotga tatbiq etib borish vaqti kelganini ta’kidladi.
Tanqidiy tahlil ruhida o‘tgan yig‘ilishda Majburiy ijro byurosi faoliyati, qarzdorliklarni undirish, huquqbuzurliklarni fosh etish, sud hujjatlari ijrosini ta’minlash, tashkiliy-huquqiy tadbirlar bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi.
Davlatimiz rahbari yig‘ilishda Majburiy ijro byurosi faoliyatini yanada takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb etish, sanoat tarmoqlari mutasaddilari, mahalla faollari bilan hamkorlikni kengaytirish kabi muhim vazifalar bo‘yicha topshiriqlar berdi.