09.10.2017
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 9-oktabrdagi PF-5199-son farmoni
O‘tgan davr mobaynida qishloq xo‘jaligida bozor munosabatlarini joriy etish, ishlab chiqarishni rivojlantirish, mulkdorlar sinfini shakllantirish hamda ularning mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirildi.
Islohotlarning dastlabki bosqichida fermer va dehqon xo‘jaliklari faoliyatini tashkil etish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda ularni yetakchi kuchga aylantirish bo‘yicha mustahkam huquqiy asos hamda zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Qabul qilingan “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi va “Dehqon xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlar yerning haqiqiy egasi sifatida fermer va dehqon xo‘jaliklarining huquqiy maqomini aniq belgilab berdi hamda ularning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi asosiy sub’ektlar sifatida shakllanishi va rivojlanishini ta’minladi.
Ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish, fermer va dehqonlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.
O‘tkazilgan islohotlar natijasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining 99 foizidan ortig‘i fermer va dehqon xo‘jaliklari hamda tomorqa yer maydonlarida yetishtirilishiga erishildi.
Shu bilan birga, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishda, tizimda bozor mexanizmlarini joriy etishda, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini yanada rivojlantirishda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini barqaror oshirib borishda hamda yer maydonlaridan samarali foydalanishda qator muammo va kamchiliklar kuzatilmoqda. Xususan:
birinchidan, fermer xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fermerlik harakatini yanada rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan O‘zbekiston fermerlari kengashi o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni yetarli darajada bajara olmadi;
ikkinchidan, aholi ixtiyoridagi 480 ming gektardan ortiq tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi past darajada qolmoqda. Uzoq yillar foydalanilmayotgan tomorqa yer egalarining yerga nisbatan munosabatini tubdan o‘zgartirish bo‘yicha tizimli ish olib borilmayapti;
uchinchidan, fermer va dehqon xo‘jaliklarining yer maydonlari hamda tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanish ustidan parlament, vakillik va jamoatchilik nazorati lozim darajada o‘rnatilmagan;
to‘rtinchidan, fermer xo‘jaliklarining asosiy qismi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bilan cheklanib qolmoqda, ularning qayta ishlash, saqlash, tayyor mahsulotlarni sotish va xizmatlar ko‘rsatish kabi ko‘p tarmoqli faoliyatini yo‘lga qo‘yishda mavjud imkoniyatlardan foydalanilmayapti;
beshinchidan, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini moddiy-texnika resurslari bilan ta’minlash va ularga xizmat ko‘rsatishda zarur infratuzilmalar yaratilmagan hamda sohada bozor mexanizmlari yetarli darajada shakllanmagan;
oltinchidan, aksariyat fermer xo‘jaliklarining bugungi moliyaviy ahvoli zamonaviy, resurstejovchi qishloq xo‘jaligi texnika vositalarini xarid qilish, ishlab chiqarishda ilg‘or agrotexnologiya, innovatsiya va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish imkonini bermayapti;
yettinchidan, fermer, dehqon xo‘jaliklari a’zolari va tomorqa yer egalarining qishloq ho‘jalik mahsulotlarini yetishtirish sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish, ularni zarur ma’lumot va axborotlar bilan ta’minlash hamda boshqa xizmatlar ko‘rsatish tizimi, shuningdek fermer xo‘jaliklarida mehnat munosabatlarini tashkil etish holati bugungi kun talablariga javob bermaydi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini yanada qo‘llab-quvvatlash, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini ta’minlash, pirovard natijada yer egalarining daromadlarini ko‘paytirishga bo‘lgan munosabatlarini tubdan o‘zgartirish maqsadida:
1. Quyidagilar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirishning hozirgi bosqichdagi ustuvor yo‘nalishlari etib belgilansin:
birinchidan, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish, ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali tizimini yaratish, ushbu sohada normativ-huquqiy bazani takomillashtirish;
ikkinchidan, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan samarali foydalanishdagi shaxsiy manfaatdorligi va mas’uliyatini oshirish, bu borada parlament, vakillik va jamoatchilik nazoratining ta’sirchan tizimini yaratish;
uchinchidan, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ekin yer maydonlaridan samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha vazifalarini aniq belgilash hamda ularning javobgarligini kuchaytirish;
to‘rtinchidan, ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini kuchaytirish;
beshinchidan, fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining moliyaviy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlash, ularning tayyorlov, qayta ishlash, ta’minot va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan o‘zaro munosabatlarida zamonaviy bozor mexanizmlarini joriy etish;
oltinchidan, “Tomorqa – qo‘shimcha daromad manbai!” shiorini qishloq aholisi orasida keng targ‘ib qilish hamda yer egalarining kundalik faoliyatiga singdirish;
yettinchidan, yer egalarining bilim va tajribalarini oshirish, ularni zarur ma’lumot va axborotlar bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, fermer xo‘jaliklarining mehnat munosabatlarini tashkil etish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish.
2. O‘zbekiston fermerlari kengashi konferensiyasining qaroriga muvofiq O‘zbekiston fermerlari kengashi O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi sifatida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermerlar kengashlari tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va tumanlar fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashlari sifatida qayta tuzilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. 2018-yil hosilidan boshlab shunday tartib joriy etilsinki, unga ko‘ra:
fermer xo‘jaliklarining yer uchastkalaridan foydalanish samaradorligi har chorakda xalq deputatlari tuman Kengashlarida, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligi har oyda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida muhokama qilib boriladi;
yer maydonlaridan samarasiz foydalangan, qishloq xo‘jaligi ekinlarini to‘liq ekmagan, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirmagan fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga nisbatan yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarning bekor qilinishigacha bo‘lgan qat’iy javobgarlik choralari ko‘riladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatiga:
hududlarda, birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi sharoitlari og‘ir bo‘lgan tumanlarda, ekin ekish ahvolini har oyda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan o‘rganish hamda aniqlangan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida amaliy choralar ko‘rish;
qishloq xo‘jaligi ekin maydonlaridan foydalanish samaradorligining xalq deputatlari tuman Kengashlarida, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida muhokama qilinishi ahvolini doimiy ravishda senatorlar tomonidan o‘rganish hamda har chorakda Oliy Majlis Senatining majlislarida ko‘rib chiqish amaliyotini joriy etish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi:
Davlat soliq qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan birgalikda 2018 yil 1 oktyabrga qadar barcha dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarining ekin maydonlarini to‘liq xatlovdan o‘tkazsin hamda ularning yagona reyestrini shakllantirsin;
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyat hokimliklari bilan birgalikda shakllantirilgan yagona reyestrning nazorat holatida yuritilishini, undagi ma’lumotlarning haqqoniyligi, to‘liqligi va doimiy ravishda yangilanib borilishini ta’minlasin.
6. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasining 2018-2021-yillarda fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
Belgilab qo‘yilsinki, 2022-yilning 1-yanvaridan boshlab ko‘p tarmoqli faoliyatni yo‘lga qo‘ymagan fermer xo‘jaliklari bilan yer ijarasi shartnomalari qonun hujjatlariga muvofiq bekor qilinadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (Z.Mirzayev, J.Qo‘chqorov) har yili fermer xo‘jaliklarini bosqichma-bosqich ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklariga aylantirish bo‘yicha fermer xo‘jaliklari kesimida hududiy dasturlarning ishlab chiqilishini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat Kengashlarida tasdiqlanishini ta’minlasin, shuningdek hududiy dasturlar asosida ishlab chiqilgan respublika miqyosidagi dasturlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga kiritsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi (A.Aripov, Z.Mirzayev):
ikki oy muddatda chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, meva-sabzavotchilik, asalarichilik va qishloq xo‘jaligining boshqa muhim yo‘nalishlarini yanada rivojlantirish, fermer xo‘jaliklarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish va uning samaradorligini oshirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qarorlari loyihalarini kiritsin;
uch oy muddatda qishloq xo‘jaligi samaradorligi va rentabelligini oshirishda, ayniqsa paxta yig‘im-terimini mexanizatsiyalashtirishda bozor infratuzilmalarini, innovatsiyalarni, fan yutuqlari hamda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, shuningdek sohada mehnat munosabatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;
ikki oy muddatda 2018-2020-yillarda respublikada oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga kiritsin.
8. Dehqonchilik madaniyatini oshirishda munosib hissa qo‘shgan va ishlab chiqarishda yuksak natijalarga erishgan fermer, dehqon xo‘jaliklari rahbarlari va tomorqa yer egalariga taqdim etiladigan “Ilg‘or fermer”, “Mehnatkash dehqon” va “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishonlari ta’sis etilsin.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda “Ilg‘or fermer”, “Mehnatkash dehqon” va “Namunali tomorqachi” ko‘krak nishonlari to‘g‘risidagi nizomlarni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
9. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasini kiritsin.
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 22-oktabrdagi PF–4478-son “O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
12. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – qishloq va suv xo‘jaligi vaziri Z.T.Mirzayev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev