10.09.2017
Bismillohir Rahmonir Rahiym
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti muhtaram Nursulton Nazarboyev Janobi Oliylari!
Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi, muhtaram doktor Ahmad al-Usaymin Janobi Oliylari!
Hurmatli davlat va hukumat rahbarlari!
Xonimlar va janoblar!
Islom hamkorlik tashkilotining ushbu nufuzli sammitining mavzusi, ya’ni “Fan, texnologiyalar, innovatsiyalar va islom olamini modernizatsiya qilish” degan g‘oya bugun har qachongidan ham dolzarbdir.
Ta’kidlash kerakki, Islom olami jahon fani va sivilizatsiyasiga qo‘shgan beqiyos hissasi bilan faxrlanishga to‘la haqlidir.
Xususan, Markaziy Osiyo hududi Sharq Renessansining yirik markazlaridan biri sifatida butun dunyoda ma’lum va mashhur bo‘lgan.
Bu haqda gapirganda, avvalo, ulug‘ vatandoshlarimiz – algoritm asoschisi Al-Xorazmiy, qomusiy olim Al-Farg‘oniy, geodeziya va mineralogiya fanlari rivojiga ulkan hissa qo‘shgan Abu Rayhon Beruniy, G‘arbda Avitsenna nomi bilan tanilgan Ibn Sino, davlat arbobi va buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek singari mutafakkir zotlarning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.
Bugungi notinch va tahlikali zamonda taraqqiyot va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashda buyuk ajdodlarimiz qoldirgan, butun insoniyatning ma’naviy boyligi bo‘lgan bebaho merosning o‘rni va ahamiyati beqiyosdir.
Ana shunday ezgu maqsad bilan o‘tgan yili Toshkentda o‘tkazilgan tashkilotimizning Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasida Samarqandda Imom Buxoriy nomidagi Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish g‘oyasini ilgari surgan edik va hozirda bu borada mamlakatimizda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Fursatdan foydalanib, tashkilotimizga a’zo davlatlar rahbarlariga, xususan, Islom taraqqiyot bankining prezidenti Bandar Hajar Janobi Oliylariga tashabbusimizni qo‘llab-quvvatlaganlari uchun minnatdorchilik bildiraman.
Bugungi kunda O‘zbekiston kitob fondlarida 100 mingdan ziyod qo‘lyozmalar saqlanmoqda, ularning asosiy qismi YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Ayni vaqtda biz O‘zbekiston poytaxti Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini tashkil etish ishlarini boshladik. Va Tashkilotga a’zo mamlakatlarni faol hamkorlikka chaqiramiz.
Bu markazni “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shiori ostida barpo etishni davrning o‘zi taqozo etmoqda.
Hurmatli sammit ishtirokchilari!
O‘zbekiston Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashiga raisligi davrida “Ta’lim va ma’rifat – tinchlik va bunyodkorlik sari yo‘l” g‘oyasini ilgari surgani albatta bejiz emas.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 300 dan ortiq ilmiy-tadqiqot muassasasi, ilmiy-ishlab chiqarish korxonalari va innovatsiya markazlari faoliyat olib bormoqda.
Keyingi paytda mamlakatimizda yangi ilmiy-innovatsion tuzilmalar – Genomika va bioinformatika markazi, Xalqaro quyosh energiyasi instituti, Yuqori texnologiyalar markazi, O‘zbekiston-Yaponiya yoshlar innovatsiya markazi tashkil etildi.
Biz Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik bo‘yicha Doimiy qo‘mitasi faoliyatini yuksak baholaymiz va uning ishida yanada faol ishtirok etishni rejalashtirganmiz.
Tashkilotimizning mazkur yo‘nalishda 2005-2015-yillarga mo‘ljallangan O‘n yillik harakatlar dasturi natijalari belgilangan maqsadlarga erishilganidan dalolat beradi.
Ayni vaqtda ko‘plab musulmon mamlakatlari ilm-fan va texnologiyalar sohasida rivojlangan davlatlardan sezilarli darajada orqada qolayotganini tan olish lozim.
Masalan, a’zo davlatlarning faqatgina 11 ta oliy ta’lim muassasasi jahonning 500 ta eng yaxshi universiteti reytingidan o‘rin olgan, xolos.
Yoki 2015-yilda dunyo bo‘yicha patent olish borasidagi murojaatlarda bu mamlakatlarning hissasi atigi biru o‘ndan to‘qqiz foizni tashkil etgan. Tashkilotga a’zo davlatlarda 2016-yilda e’lon qilingan ilmiy maqolalarning qariyb 80 foizi 7 ta davlat hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Aksariyat musulmon mamlakatlari boy tabiiy zaxiralarga, katta moliyaviy salohiyatga ega bo‘lsa-da, iqtisodiyotga innovatsion g‘oya va texnologiyalarni joriy etishda faollik ko‘rsata olmayotganini afsus bilan qayd etish lozim.
O‘ylaymanki, fundamental fan sohalarini rivojlantirish, davrning dolzarb muammolariga ilmiy yechimlar topishga qaratilgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish islom olamining ilmiy-texnologik salohiyatini oshirish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Mirzo Ulug‘bekning astronomiya fani rivojidagi bebaho hissasini e’tiborga olib, Samarqand shahrida zamonaviy teleskop o‘rnatish to‘g‘risidagi taklifni biz minnatdorlik bilan qabul qilamiz.
Biz Islom hamkorlik tashkilotining 2016-2025-yillarga mo‘ljallangan O‘n yillik harakatlar dasturi va uning ustuvor yo‘nalishlarini to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz hamda quyidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratish kerak, deb hisoblaymiz.
Birinchidan, global iqlim o‘zgarishlari muammosi. Aksariyat mintaqalarda tuproq yemirilib, unumdor yerlar qisqarib bormoqda, cho‘llanish, suv taqchilligi, qurg‘oqchilik, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash jiddiy muammoga aylanmoqda.
Orolbo‘yidagi ekologik falokat tufayli bu tahdidlar bizning mintaqamiz uchun yanada katta xavf tug‘dirmoqda. Biz "personallashtirilgan qishloq xo‘jaligi" konsepsiyasini ishlab chiqishda hamkorlik qilishni taklif etamiz.
Bu konsepsiya qishloq xo‘jaligi ekinlarining muayyan muhit, tuproq, o‘g‘it, suv va biostimulyatorlarga nisbatan reaksiyasini inobatga olib, ularning aniq genotiplariga e’tibor qaratishni nazarda tutadi.
Ikkinchidan, ilm-fan, ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasidagi integratsiyalashgan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur, deb hisoblaymiz.
Shu munosabat bilan Qozog‘iston Prezidenti muhtaram Nursulton Abishevich Nazarboyevning barqaror va inklyuziv iqtisodiy taraqqiyotga erishish, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan musulmon davlatlari o‘rtasida infratuzilmalar bo‘yicha integratsiyani tashkil etish haqidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz.
Uchinchidan, yuqorida zikr etilgan Doimiy qo‘mitaning a’zo davlatlar hududida oltita Yuqori samarali komputer markazini tashkil etish to‘g‘risidagi tavsiyasiga muvofiq, shunday markazlardan birini O‘zbekistonda joylashtirishga tayyor ekanimizni bildiramiz.
Biz yosh olimlarga bilim va tajriba almashish, birgalikda tadqiqotlar o‘tkazish imkonini beradigan Musulmon olami yosh olimlari xalqaro markazini tuzishni taklif etamiz.
To‘rtinchidan, Doimiy qo‘mita homiyligida O‘zbekistonda Al-Xorazmiy xotirasiga bag‘ishlab, yosh matematiklar o‘rtasida Xalqaro olimpiadani tashkil etishni taklif qilamiz.
Beshinchidan, musulmon dunyosida erishilayotgan ilm-fan yutuqlarini munosib taqdirlash hamda ularni xalqaro miqyosda ommalashtirish uchun Islom hamkorlik tashkilotining maxsus mukofotini ta’sis etish maqsadga muvofiq, deb o‘ylaymiz.
Oltinchidan, muqobil energiya manbalarini keng miqyosda o‘zlashtirish barchamiz uchun g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega. Shu boisdan bu yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlari va tajriba-innovatsion loyihalarni birgalikda, xususan, investitsiyalar kiritish hisobidan amalga oshirishga tayyor ekanimizni bildiramiz.
Ettinchidan, a’zo davlatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishi, aholining munosib hayot darajasini ta’minlash maqsadida Fan va texnologiyalar bo‘yicha sammitni har uch yilda bir marta o‘tkazishni va ushbu taklif qo‘llab-quvvatlangan taqdirda, keyingi sammitni 2020-yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyor ekanimizni bildirmoqchiman.
Muhtaram anjuman ishtirokchilari!
Bugungi sammit musulmon ummatining birdamligini mustahkamlash, xalqlarimizning ravnaqi va farovonligi yo‘lidagi tarixiy qadam, desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Ishonchim komil, ushbu anjuman buyuk alloma Mirzo Ulug‘bek Buxoro shahrida bunyod etgan madrasa peshtoqiga bitilgan “Ilm egallash har bir muslim va muslima uchun farzdir”, degan hadisi sharifni hayotimiz qoidasiga aylantirishga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, Islom hamkorlik tashkiloti Bosh kotibi, doktor Yusuf bin Ahmad al-Usaymin Janobi Oliylariga, Tashkilotimizning Fan va texnologiyalar sohasida hamkorlik bo‘yicha Doimiy qo‘mitasi raisi, Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Mamnun Husayn Janobi Oliylariga musulmon olamidagi ilmiy hamkorlikni kuchaytirish borasidagi amaliy sa’y-harakatlari uchun tashakkur bildiraman.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti muhtaram Nursulton Abishevich Nazarboyevni go‘zal Ostona shahrida "EKSPO – 2017" xalqaro ko‘rgazmasining muvaffaqiyatli o‘tgani bilan samimiy tabriklayman hamda bugungi sammit yuksak saviyada tashkil etilgani uchun chuqur minnatdorchilik izhor etaman.
E’tiboringiz uchun tashakkur.