08.09.2017
Qonunchilik palatasi tomonidan 2017-yil 15-avgustda qabul qilingan
Senat tomonidan 2017-yil 24-avgustda ma’qullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
huquqiy axborot - normativ-huquqiy hujjatlarning, ularga oid rasmiy sharhlarning, normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirishlarning, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining konun hujjatlari ko‘llanilishi masalalari bo‘yicha qarorlarining matnlari, shuningdek sud amaliyotini umumlashtirish materiallari;
huquqiy axborotdan foydalanish - huquqiy axborotni erkin olish va undan foydalanish imkoniyati;
huquqiy axborotni tarqatish - nomuayyan doiradagi shaxslarni huquqiy axborot bilan tanishtirishga qaratilgan harakatlar.
4-modda. Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashning asosiy prinsiplari
Huquqiy axborotni tarkatish va undan foydalanishni ta’minlashning asosiy prinsiplari huquqiy axborotni tarqatish hamda undan foydalanishni ta’minlashning oshkoraligi, ochiqligi, o‘z vaqtidaligi, huquqiy axborotni izlash va olish erkinligidan iboratdir.
5-modda. Huquqiy axborotdan foydalanish kafolatlari
Huquqiy axborotdan foydalanish davlat tomonidan kafolatlanadi.
Fuqarolar huquqiy axborotni moneliksiz izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega.
Davlat organlari, boshqa tashkilotlar va mansabdor shaxslar har kimga huquqiy axborotdan foydalanish imkoniyatini belgilangan tartibda ta’minlashi shart.
Agar huquqiy axborot davlat sirlarini yoki qonun bilan ko‘riqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi ma’lumotlar jumlasiga belgilangan tartibda kiritilgan bo‘lsa, ushbu axborotdan foydalanish cheklanadi.
2-bob. Huquqiy axborotni tarqatishni amalga oshiruvchi va undan foydalanishni ta’minlovchi organlar hamda tashkilotlar
6-modda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘z vakolatlari doirasida:
huquqiy axborotni belgilangan tartibda tarqatadi, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlarni yuborish, e’lon qilish, o‘z rasmiy veb- saytiga joylashtirish orqali tarqatadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlarining matnlarini hamda zarur bo‘lgan taqdirda, ularga doir axborot-tahliliy materiallarni rasmiy e’lon qilish va ijrochilarga yetkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yo‘llaydi;
huquqiy axborotni o‘z vaqtida tarqatishga va undan foydalanishni ta’minlashga karatilgan zarur tadbirlarning ishlab chiqilishi hamda amalga oshirilishini ta’minlaydi;
huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
normativ-huquqiy hujjatlar majburiy tartibda yuboriladigan davlat organlari va tashkilotlarning ro‘yxatini tasdiqlaydi;
huquqiy axborotni tarkatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
7-modda. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari hamda idoralarning huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi vakolatlari
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar o‘z vakolatlari doirasida:
huquqiy axborotni belgilangan tartibda tarqatadi, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlarni yuborish, e’lon qilish, o‘z rasmiy veb- saytlariga joylashtirish orqali tarqatadi;
o‘zi qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini hamda zarur bo‘lgan taqdirda, ularga doir axborot-tahliliy materiallarni yuborish va rasmiy e’lon qilish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga yo‘llaydi;
markaziy devonga kelib tushgan normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini o‘z tarkibiy va hududiy bo‘linmalariga o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlaydi;
huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining o‘z tarkibiy va hududiy bo‘linmalarida ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi;
normativ-huquqiy hujjatlar matnlaridagi normalarning mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga doir, jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga hamda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan zarur ishlarni tashkil etadi;
o‘z faoliyati sohasiga oid huquqiy axborot fondlarini shakllantiradi;
normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini belgilangan tartibda yuritadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning so‘rovlariga ko‘ra o‘z faoliyati sohasiga doir huquqiy axborotni taqdim etadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish tartibi haqida belgilangan tartibda tushuntirishlar beradi.
Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
8-modda. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi vakolatlari
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi maxsus vakolatli davlat organidir.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi o‘z vakolatlari doirasida:
davlat organlaridan va tashkilotlardan ular qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini hamda zarur bo‘lgan taqdirda, ularga doir axborot-tahliliy materiallarni (normativ-huquqiy hujjatning konsepsiyasi bayon etilgan tushuntirish xati, o‘zgartish va qo‘shimchalar tushuntirilgan holdagi taqqoslash jadvali va boshqalar) qog‘ozda va elektron shaklda oladi;
normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining hamda zarur bo‘lgan taqdirda, tegishli axborot-tahliliy materiallarning O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha barcha davlat organlariga va tashkilotlarga elektron shaklda yuborilishini ta’minlaydi;
normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy e’lon qilinishini amalga oshiradi;
normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini yuritish tartibini tasdiqlaydi;
normativ-huquqiy hujjatlarni davlat hisobiga olish va qonun hujjatlarini tizimlashtirish ishlarini amalga oshiradi;
O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlarining, vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ-huquqiy hujjatlarining nazorat nusxalarini yuritadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning fondini shakllantiradi;
O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasini shakllantiradi hamda yuritadi, undan jismoniy va yuridik shaxslarning belgilangan tartibda foydalanishini ta’minlaydi;
Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengashning ishini tashkil etadi;
davlat organlari va tashkilotlarning huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishni, bu faoliyatga uslubiy rahbarlik qilish hamda uni nazorat qilishni amalga oshiradi;
huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘grisidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi ustidan tizimli monitoringni tashkil etadi;
huquqiy axborotning tarqatilishi holatini tizimli tarzda tahlildan o‘tkazadi hamda mazkur sohadagi qonun hujjatlarini va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;
davlat organlarini, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini, nodavlat notijorat tashkilotlarini, ommaviy axborot vositalarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb etgan holda jamiyatda huquqiy targ‘ibotni tashkil etadi;
normativ-huquqiy hujjatlarni ijrochilarga yetkazish hamda ularning mohiyati va ahamiyatini aholi o‘rtasida tushuntirish bo‘yicha namunaviy tadbirlar rejasini tasdiqlaydi;
huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy organlari tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlariga huquqiy targ‘ibot va ma’rifatning holati haqida har yili axborot taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
9-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi vakolatlari
Mahalliy davlat hokimiyati organlari o‘z vakolatlari doirasida: huquqiy axborotni belgilangan tartibda tarqatadi, shu jumladan normativ-huquqiy hujjatlarni yuborish, e’lon qilish, o‘z rasmiy veb-saytlariga joylashtirish orqali tarqatadi;
o‘zi qabul qilgan normativ-huquqiy xususiyatga ega bo‘lgan qarorlarning matnlarini va zarur bo‘lgan taqdirda, ularga doir axborot- tahliliy materiallarni yuborish uchun O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga uning hududiy organlari orqali yo‘llaydi;
mahalliy davlat hokimiyati organlariga kelib tushgan normativ- huquqiy hujjatlarning matnlarini o‘z tarkibiy va hududiy bo‘linmalariga hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlaydi;
normativ-huquqiy hujjatlar matnlaridagi normalarning mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga doir, jamiyatda huquqiy ongni, huquqiy madaniyatni yuksaltirishga hamda qonuniylikni mustahkamlashga qaratilgan zarur ishlarni tashkil etadi;
huquqiy axborot fondlarini shakllantiradi;
normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini belgilangan tartibda yuritadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning so‘rovlariga ko‘ra ularga huquqiy axborotni taqdim etadi;
normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish tartibi haqida belgilangan tartibda tushuntirishlar beradi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
10-modda. Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashda axborot-kutubxona muassasalarining ishtiroki
Axborot-kutubxona muassasalari:
o‘z faoliyatining yo‘nalishiga oid huquqiy axborot fondlarini shakllantiradi;
axborot-kutubxona resurslaridan foydalanuvchilarning huquqiy axborot fondidan foydalanishini ta’minlaydi;
axborot-kutubxona resurslaridan foydalanuvchilarning so‘rovlariga ko‘ra huquqiy axborotni taqdim etadi.
Axborot-kutubxona muassasalari huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shakllarda ham ishtirok etishi mumkin.
11-modda. Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashda ta’lim muassasalarining ishtiroki
Umumta’lim, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari, shuningdek kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash bo‘yicha ta’lim muassasalari (bundan buyon matnda ta’lim muassasalari deb yuritiladi) tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Urta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, shuningdek tarkibida ta’lim muassasalari bo‘lgan boshqa vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar tomonidan huquqiy axborot bilan ta’minlanadi.
Ta’lim muassasalari:
o‘z faoliyatining yo‘nalishiga oid huquqiy axborot fondlarini shakllantiradi;
ta’lim oluvchilarning huquqiy axborot fondidan foydalanishini ta’minlaydi;
ta’lim oluvchilarning so‘rovlariga ko‘ra huquqiy axborotni taqdim etadi.
Ta’lim muassasalari huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shakllarda ham ishtirok etishi mumkin.
12-modda. Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, nodavlat notijorat tashkilotlarining hamda fuqarolarning ishtiroki
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari: huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashda ishtirok etadi;
aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishda ishtirok etadi; o‘z faoliyatiga oid huquqiy axborot fondlarini shakllantiradi; fuqarolarning huquqiy axborot fondidan foydalanishini ta’minlaydi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlashda qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shakllarda ham ishtirok etishi mumkin.
Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar huquqiy axborotni tarqatishni amalga oshiruvchi hamda undan foydalanishni ta’minlovchi organlar va tashkilotlarga ko‘maklashish hamda zarur yordam ko‘rsatish orqali huquqiy axborotni tarqatishda ishtirok etishi mumkin.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolar huquqiy axborotni tarqatish hamda undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi mumkin.
3-bob. Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash tartibi
13-modda. Huquqiy axborotni tarqatish usullari
Huquqiy axborotni tarqatish usullari quyidagilardan iborat:
normativ-huquqiy hujjatlarning matnlarini yuborish;
normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy e’lon qilish;
normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy e’lon qilish;
huquqiy targ‘ibotni amalga oshirish;
jismoniy va yuridik shaxslarga ularning so‘rovlariga ko‘ra huquqiy axborot taqdim etish.
14-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni matnlarini yuborish yo‘li bilan tarqatish
Normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari imzolangan kundan e’tiboran bir kun ichida va zarur bo‘lgan taqdirda, ularga doir axborot- tahliliy materiallar (normativ-huquqiy hujjatning konsepsiyasi bayon etilgan tushuntirish xati, o‘zgartish va qo‘shimchalar tushuntirilgan holdagi taqqoslash jadvali va boshqalar) ularni qabul kilgan organlar tomonidan qog‘ozda va elektron shaklda quyidagi tartibda yuboriladi:
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga;
vazirliklarning, davlat qo‘mitalarining va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari - O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga.
Normativ-huquqiy hujjatlarni va zarur bo‘lgan taqdirda, ularga doir axborot-tahliliy materiallarni boshqa davlat organlariga va tashkilotlarga yuborish O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ularning matnlarini ular O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kelib tushgan kuni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha elektron shaklda yo‘llash orqali amalga oshiriladi. Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning normativ-huquqiy hujjatlari ular O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan e’tiboran bir kun ichida boshqa davlat organlariga yuboriladi.
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini yuborish ularning matnlarini va zarur bo‘lgan taqdirda, ularga doir axborot- tahliliy materiallarni bir kun ichida ushbu organlar tomonidan o‘z tarkibiy hamda hududiy bo‘linmalariga, davlat organlari va tashkilotlarning hududiy bo‘linmalariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yo‘llash, shuningdek keyinchalik ularni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga berish uchun hududiy adliya organlariga yo‘llash orqali amalga oshiriladi.
15-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy e’lon qilish yo‘li bilan tarqatish
«Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasida nazarda tutilgan nashrlar normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manbalardir.
Normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manbalar qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda nashr etiladi va ochiq obuna yo‘li bilan tarqatiladi.
Rasmiy manbalarda e’lon qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar xronologik tartibda ketma-ket joylashtiriladi.
Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari «O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami»da ushbu hujjatlarning rakami va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan sanasiga muvofiq xronologik tartibda ketma-ket joylashtiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatning bir qismi rasmiy manbalarda e’lon qilinganda normativ-huquqiy hujjatning nomidan keyin «Ko‘chirma» degan yozuv joylashtiriladi.
Normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manbalarda e’lon qilingan normativ-huquqiy hujjat matni mazkur hujjatni qabul qilgan organ tomonidan rasmiy ravishda yo‘llangan normativ-huquqiy hujjatning matniga muvofiq bo‘lishi kerak.
Katta hajmli normativ-huquqiy hujjatlarning matnlari normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manbalarga ilova tarzida e’lon qilinishi mumkin.
16-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy e’lon qilish yo‘li bilan tarqatish
Normativ-huquqiy hujjatlarni «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘grisida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasida nazarda tutilmagan manbalarda e’lon qilish norasmiy e’lon qilishdir.
Normativ-huquqiy hujjatlarni norasmiy e’lon qilish jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini davriy nashrlarda, veb-saytlarda, qonun hujjatlarining elektron ma’lumot tizimlarida e’lon qilish, shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarga doir risolalar, to‘plamlar va sharhlar e’lon qilish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.
Kodekslarni, qonun hujjatlari to‘plamlarini nashr qilishda, shuningdek qonun hujjatlarining elektron ma’lumot tizimlarini realizatsiya qilishda ular nashr qilinayotgan (realizatsiya qilinayotgan) sanadagi nazorat holatiga keltirilgan bo‘lishi lozim.
Norasmiy nashrlarda, shu jumladan qonun hujjatlarining elektron axborot tizimlarida normativ-huquqiy hujjatlarning boshqa tillardagi norasmiy tarjimalari e’lon qilinishi mumkin. Normativ-huquqiy hujjatlarning norasmiy tarjimalari norasmiy tarjima ekanligi haqidagi belgiga ega bo‘lishi lozim.
17-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni tarqatish va undan foydalanishni normativ-huquqiy hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasiga joylashtirish yo‘li bilan ta’minlash
Normativ-huquqiy hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida rasmiy e’lon qilish ular O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kelib tushgan paytdan e’tiboran bir kun ichida «Normativ-huquqiy hujjatlarni rasmiy e’lon qilish» bo‘limida amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining qarorlarini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumlarining qonun hujjatlari qo‘llanilishi masalalari bo‘yicha tushuntirishlar berish to‘g‘risidagi qarorlarini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga ular imzolanganidan keyin bir kun ichida yuboradi.
O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida joylashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining matnlari va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning matnlari ma’lumot xususiyatiga ega bo‘lib, hujjatning kelib tushishi va unga ishlov berilishiga qarab, biroq ular rasmiy e’lon qilinganidan keyin uch kundan kechiktirmay yangilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasidan foydalanish bepul amalga oshiriladi.
18-modda. Huquqiy axborotni davlat organlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirish
Normativ-huquqiy hujjatlar matnlarining elektron shakllari ularni qabul qilgan organlarning rasmiy veb-saytlariga belgilangan tartibda majburiy tarzda joylashtirilishi shart.
Davlat organlarining rasmiy veb-saytlariga huquqiy axborot davlat tilida joylashtirilishi kerak. Rasmiy veb-saytning boshqa tillardagi shakllari ham bo‘lishi mumkin.
Davlat organlarining rasmiy veb-saytlariga joylashtirilgan huquqiy axborot ishonchli bo‘lishi va u ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadigan axborot bilan bir xil kuchga ega bo‘lishi lozim.
19-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy targ‘ibot yo‘li bilan tarqatish
Normativ-huquqiy hujjatlarni huquqiy targ‘ibot yo‘li bilan tarqatish barcha davlat organlari va tashkilotlar, shuningdek xo‘jalik boshqaruvi organlari tomonidan amalga oshiriladi. Nodavlat notijorat tashkilotlari ham huquqiy targ‘ibotni amalga oshirishi mumkin.
Normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiluvchi va (yoki) ishlab chiquvchi organlar ushbu hujjatlar qabul qilinganidan keyin bir haftalik muddatda huquqiy targ‘ibot bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanadigan namunaviy tadbirlar rejasi asosida ishlab chiqishi va tasdiqlashi kerak.
Huquqiy targ‘ibot quyidagi usullarda amalga oshiriladi:
konferensiyalar, uchrashuvlar, seminarlar, davra suhbatlari va muloqotlar o‘tkazish;
ommaviy axborot vositalari orqali, shu jumladan teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarni tashkil etish, bosma va elektron ommaviy axborot vositalariga maqolalar va huquqiy-axborot materiallarini joylashtirish orqali;
sharhlar, risolalar, plakatlar, bukletlar va flayerlar tarqatish;
ijtimoiy reklamalar (videolavhalar, infografikalar va boshqalar) hamda targ‘ibotning qonun hujlsatlari bilan taqiqlanmagan boshka turlari orqali.
Davlat organlari va tashkilotlarning huquqiy targ‘ibot sohasidagi ishlarini muvofiqlashtirish Huquqiy targ‘ibot va ma’rifat bo‘yicha davlat organlari ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha idoralararo kengash hamda uning hududiy komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi.
20-modda. Jismoniy va yuridik shaxslarga ularning so‘rovlariga ko‘ra huquqiy axborot taqdim etish
Jismoniy va yuridik shaxslar o‘z faoliyatiga taalluqli huquqiy axborotni taqdim etish to‘g‘risidagi so‘rov bilan davlat organlari va tashkilotlarga murojaat qilish huquqiga ega.
Huquqiy axborotni taqdim etish to‘grisidagi so‘rov u kelib tushgan kundan e’tiboran o‘n besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqilishi lozim.
Rasmiy nashrlarda e’lon qilingan yoki rasmiy veb-saytlarga joylashtirilgan huquqiy axborot so‘ralganda davlat organlari va tashkilotlar so‘rovga javobda so‘ralayotgan axborot e’lon qilingan rasmiy nashrning nomiga, chiqarilish sanasiga va soniga yoki so‘ralayotgan axborot joylashtirilgan rasmiy veb-saytning elektron manziliga havola berishi mumkin.
Huquqiy axborotni elektron tarzda taqdim etish bepul amalga oshiriladi. Huquqiy axborotni qog‘ozda taqsim qilganlik uchun tomonlarning kelishuviga ko‘ra haq olinishi mumkin.
Huquqiy axborotni taqdim etish to‘g‘risidagi so‘rovni qanoatlantirishni rad etish asoslangan bo‘lishi lozim.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
21-modda. Normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish tartibini tushuntirish
Jismoniy va yuridik shaxslarning so‘roviga ko‘ra davlat organlari va tashkilotlar o‘z faoliyatiga taalluqli normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish tartibini tushuntiradi.
Davlat organlari va tashkilotlar tomonidan tayyorlangan normativ- huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish tartibi to‘g‘risidagi tushuntirishlar ushbu organlar va tashkilotlarning tarkibiy va hududiy bo‘linmalari uchun majburiy kuchga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi zarurat bo‘lganda qonun hujjatlarining qo‘llanilish masalalari bo‘yicha tushuntirishlar beradi.
Qonun hujjatlarining qo‘llanilish masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining, shuningdek davlat organlari va tashkilotlarning tushuntirishlari ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan tegishli organlar va tashkilotlarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilinadi.
Nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari o‘z vakolatlari doirasida normativ-huquqiy hujjatlarning qo‘llanilish tartibi bo‘yicha tavsiya xususiyatiga ega bo‘lgan tushuntirishlar tayyorlashi va tarqatishi mumkin.
22-modda. Davlat organlarida normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini yuritishning majburiyligi
Davlat organlarida ularning faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobi majburiy tartibda yuritiladi.
Davlat boshqaruvi organlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarida normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini yuritish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadi.
Normativ-huquqiy hujjatlarning tizimlashtirilgan hisobini yuritish yuridik xizmat xodimi tomonidan amalga oshiriladi. Yuridik xizmat xodimi yo‘qligida ushbu vazifa davlat organi rahbari tomonidan boshka shaxsning zimmasiga yuklatiladi.
23-modda. Normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinganda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish
Agar normativ-huquqiy hujjat rasmiy nashrlarda e’lon qilinganda uning matnida imloviy xatolarga, yozuvdagi xatolarga, boshqa noaniqliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, u holda nashrning eng yaqin sonida tegishli tuzatishlar e’lon qilinadi.
Agar norasmiy nashrlarda normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilingan rasmiy manbadagiga qiyosan imloviy xatolarga, yozuvdagi xatolarga, boshqa noaniqliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, ular aniqlangan kundan e’tiboran o‘ttiz kalendar kundan oshmagan muddatda noshir tomonidan respublika davriy nashrlarida (gazetalar, jurnallar va hokazolarda) yoki norasmiy nashrning keyingi sonida (chiqarilishida) tegishli tuzatishlar e’lon qilinadi.
Agar qonun hujjatlarining elektron ma’lumotlar bazalarida imloviy xatolarga, yozuvdagi xatolarga, boshqa noaniqliklarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, ular darhol bartaraf etilishi kerak.
24-modda. Nizolarni hal etish
Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash sohasidagi nizolar konun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
25-modda. Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta’minlash to‘grisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
26-modda. Ushbu Qonunning ijro etilishini, ijrochilarga yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini ta’minlash
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi o‘rtasida tushuntirilishini ta’minlasin.
27-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid bo‘lgan o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qayta ko‘rib chiqishlari va bekor qilishlarini ta’minlasin.
28-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Ushbu Qonun 17-moddasining birinchi qismi 2017-yil 25-sentabrdan e’tiboran amalga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.Mirziyoyev