icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
“2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ning rasmiy ochilish marosimi ishtirokchilariga

27.11.2026

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Qadrli mehmonlar!

Avvalo, barchangizni “2027-yil – Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili”ning ochilishi bilan samimiy muborakbod etaman.

Oʻzbekistonning tashabbusi bilan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2024-yilda qabul qilingan rezolyutsiya asosida 2027-yilning Xalqaro barqaror va yashovchan turizm yili deb eʼlon qilingani barchamiz uchun tarixiy voqeadir. Ushbu tashabbusimizni dunyoning 80 dan ortiq davlati qoʻllab-quvvatlagani turizmni rivojlantirishga doir yondashuvlarimiz mushtarakligini, bu boradagi intilishlarimiz jahon hamjamiyati tomonidan keng eʼtirof etilayotganini koʻrsatadi.

Bugungi murakkab geosiyosiy vaziyat, jahon iqtisodiyotidagi oʻzgarishlar va xavfsizlik bilan bogʻliq tahdidlar sharoitida turizmning xalqlar va mamlakatlarni oʻzaro yaqinlashtirish yoʻlidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda. 2025-yilda turizmning global yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 11 trillion 600 milliard dollarni yoki 9,8 foizni tashkil etgani, sohadagi oʻsish jahon iqtisodiyotidagi umumiy oʻsishdan yuqori boʻlgani ham uning ulkan salohiyatga ega ekanidan dalolat beradi.

Ayni vaqtda bu koʻrsatkichlar zamirida millionlab insonlar, kichik va oʻrta biznes vakillarining mehnati mujassam ekani, oilalar farovonligi va yosh avlodning orzu-intilishlari koʻp jihatdan mazkur tarmoq rivoji bilan bogʻliqligini ham taʼkidlash lozim.

Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda turizm iqtisodiyotning strategik ahamiyatga ega boʻlgan tarmogʻiga aylandi. Mamlakatimizning xalqaro sayyohlik maydonidagi jozibadorligi ortib, jahonning turli mintaqalarida yurtimizga qiziqish tobora kuchaymoqda. 2026-yilning dastlabki oʻn oyida Oʻzbekistonga 11 million 600 ming nafar sayyoh tashrif buyurdi. Bu 2025-yilning butun davriga teng koʻrsatkichdir. Turistik xizmatlar eksporti 1,5 barobar oʻsib, 6 milliard dollarga yetdi. Biz bunda tashrif buyuruvchilar sonini koʻpaytirish bilan birga ularning mamlakatimizda uzoqroq muddatga qolishi, koʻproq xizmatlardan foydalanishi hamda mahalliy iqtisodiyotga qoʻshayotgan hissasini oshirishni ham ustuvor vazifa deb bilamiz.

Bugungi kunda yurtimizda 7600 ta mehmonxona va boshqa shu turdagi obyektlar faoliyat yuritmoqda. Hilton, Marriott, InterContinental, Radisson singari dunyoga mashhur mehmonxona tarmoqlari qatorida 50 dan ziyod xalqaro brend mamlakatimiz turizm bozorida oʻz oʻrniga ega.

Sohada transport xizmatlari koʻlamini kengaytirish borasida ham katta ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 54 ta davlat bilan havo qatnovlari toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi, 33 ta davlatning 102 ta shahriga toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar yoʻlga qoʻyilib, 200 dan ortiq yoʻnalishda parvozlar amalga oshirilmoqda.

Sohada tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash maqsadida soʻnggi besh yilda 50 dan ziyod imtiyoz joriy etildi. Bu chora-tadbirlar turizm va unga bogʻliq xizmatlar orqali qariyb 1 million nafar aholini ish bilan taʼminlashga, tarmoqni iqtisodiyotimizning muhim oʻsish nuqtasiga aylantirishga xizmat qilmoqda.

Biz 2030-yilgacha xorijlik turistlar sonini 20 million nafarga, turistik xizmatlar eksportini 10 milliard dollarga, sohada band aholini 2 million nafarga, turizmning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini esa 7 foizga yetkazishni maqsad qilganmiz.

Ushbu marralarga erishish uchun sayyohlik xizmatlarini diversifikatsiya qilish, har bir mehmonning yurtimizdagi vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida eʼtibor qaratyapmiz.

Ishbilarmonlik, sarguzasht va ekstremal, agro va etno, tibbiyot hamda gastronomiya turizmi yoʻnalishlaridagi katta imkoniyatlarni ishga solish, ushbu sohalardagi tadbirkorlarga soliq va bojxona imtiyozlarini berish ishlari davom ettirilmoqda.

Shu bilan birga, tarixiy shaharlarimizdagi madaniy meros obyektlariga tushadigan yukni kamaytirish, turistik oqimlarni yangi hududlarga yoʻnaltirish maqsadida zamonaviy turistik majmualar, ixtisoslashgan turizm qishloqlari va mahallalari tashkil etilmoqda. Hozirgi kunda bunday maskanlar soni 57 ta boʻlib, 2030-yilga qadar ularni 140 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

Biz 2027-yilda Oʻzbekistonda turizmni barqaror rivojlantirish va uning yashovchanligini mustahkamlashga qaratilgan aniq chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.

Ichki turizmni rivojlantirish orqali sohaning inqirozlarga bardoshli boʻlishini kuchaytirish zarur deb hisoblaymiz.

Yana bir muhim masala – mintaqaviy hamkorlikni kengaytirishdir. Markaziy Osiyo tajribasi qoʻshni mamlakatlar bilan birgalikda yagona turistik makon sifatida harakat qilish orqali katta natijalarga erishish mumkinligini tasdiqlamoqda. Shu bois, barcha mamlakatlarni turistlarni jalb qilishda, avvalo, qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratishga chaqiraman.

Globallashuv – turizmning asosiy kuchi. Shu bilan birga, bu omil asriy anʼanalar va milliy qadriyatlarga kuchli taʼsir koʻrsatayotgani ham hech kimga sir emas. Mamlakatlarning milliyligi va etnomadaniyatini zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻun holda saqlashda turizm sohasini eng samarali vosita deb hisoblaymiz.

Globallashuv davrida etnomadaniyatni asrab, uning betakrorligini turizm orqali jahonga namoyon etishni taklif qilaman. Zero, taraqqiyot zamonaviylik bilan, kelajak esa milliy qadriyatlarimiz bilan barpo etiladi.

Bu ezgu maqsadlarga erishishda uygʻoq vijdonimiz, bunyodkorlik salohiyatimiz, soʻz va ish birligi biz uchun muhim maʼnaviy tayanch boʻlishi lozim.

Turizmning uzoq muddatli rivojini taʼminlashga barchamiz masʼul ekanimizdan kelib chiqib, 2027-yildagi tadbirlar bilan cheklanib qolmasdan, keyingi besh yilga moʻljallangan global harakatlar rejasini ishlab chiqishni taklif etaman.

Bunday dastur “BMT Turizm” tashkiloti yetakchiligida davlatlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektorning imkoniyatlarini birlashtirib, aniq natijalarga erishishga xizmat qilishi zarur.

Bugungi xalqaro anjuman turizm sohasida oʻzaro ishonch va hamjihatlikni yanada mustahkamlash, yangi sheriklar topish va amaliy kelishuvlarga erishish, barqaror hamda yashovchan turizmning umumiy kelajagini birgalikda barpo etish yoʻlida muhim qadam boʻladi deb ishonaman.

Fursatdan foydalanib, barchangizga sihat-salomatlik, faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, yurtimizga tashrifingiz yorqin taassurotlarga boy, anjuman ishi esa yuksak samarali boʻlishini tilayman.

 

Shavkat Mirziyoyev,

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo