icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
Oʻmon, Iordaniya va Turkiya bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish choralari koʻrib chiqildi

25.11.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev xorijiy tashriflar yakunlari boʻyicha erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, 2027-yilda mamlakatimizda yirik xalqaro tadbirlarni oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

16-17-noyabr kunlari Oʻmon Sultonligiga va 23-24-noyabr kunlari Iordaniya Hoshimiylar Podshohligiga amalga oshirilgan davlat tashriflari Oʻzbekistonning ushbu mamlakatlar bilan munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqdi. Oliy darajadagi muzokaralar yakunida strategik sheriklik toʻgʻrisida bitimlar imzolandi, uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan amaliy hamkorlikning keng qamrovli kun tartibi shakllantirildi.

Oʻmonga davlat tashrifi doirasida 30 dan ortiq ikki tomonlama hujjat imzolanib, 5 milliard dollarlik qoʻshma loyihalar portfeli shakllantirildi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilindi.

Energetika, elektrotexnika, kimyo va togʻ-kon sanoati, shaharsozlik, qishloq xoʻjaligi, moliya va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olindi.

Iordaniyaga davlat tashrifi davomida esa 19 ta ikki tomonlama hujjat qabul qilindi va imzolandi. Ular orasida Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitim alohida ahamiyatga ega boʻlib, uning amalga oshirilishi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazishga xizmat qiladi.

Toʻqimachilik korxonalarini ochish, muhim minerallarni oʻzlashtirish, farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, mineral oʻgʻitlar ishlab chiqarish va agrosanoat klasterlarini barpo etish boʻyicha qoʻshma loyihalar rejalashtirilgan.

Yigʻilishda Turkiya bilan erishilgan kelishuvlarning ijro holati ham atroflicha koʻrib chiqildi.

Joriy yil yanvar oyida davlatimiz rahbarining Anqara shahriga rasmiy tashrifi va Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashining toʻrtinchi yigʻilishi yakunlari boʻyicha keng qamrovli strategik sheriklik munosabatlarini yanada chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab olingan edi. Oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 5 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va hududlararo aloqalarni faollashtirish vazifalari qoʻyildi.

Ushbu kelishuvlarni amalga oshirish yoʻlidagi muhim qadam sifatida joriy yil oktabr oyida Anqara shahrida ikki mamlakat yetakchilarining muzokaralari yakunida Oʻzbekiston – Turkiya biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yuqori darajadagi kengashi taʼsis etildi.

19-noyabr kuni Toshkent shahrida Turkiyaning 150 dan ortiq kompaniyasi vakillari ishtirokida oʻtkazilgan kengashning birinchi yigʻilishi doirasida 11,2 milliard dollarlik investitsiya va savdo kelishuvlariga erishildi.

Parrandachilik va bogʻdorchilik, sogʻliqni saqlash, farmatsevtika, shaharsozlik, geologiya va turizm sohalarida hamkorlikni kengaytirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar mavjud.

Yigʻilishda imzolangan hujjatlar ijrosini taʼminlash, investitsiya loyihalarini jadal ishlab chiqish, ularni moliyalashtirish manbalarini aniqlash va zarur infratuzilmani yaratish boʻyicha birinchi galdagi vazifalar belgilab olindi.

Har bir mamlakat boʻyicha aniq chora-tadbirlar, ularni amalga oshirish muddatlari va masʼul ijrochilar koʻrsatilgan kompleks “yoʻl xaritalari”ni shakllantirish zarurligi taʼkidlandi.

Shuningdek, turizm, taʼlim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi kelishuvlarni roʻyobga chiqarish, toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlar va hududlararo hamkorlikni rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Vazirliklar, tarmoqlar va hududlar rahbarlariga xorijlik sheriklar bilan doimiy muloqotni yoʻlga qoʻyish, qoʻshma loyihalarning amalga oshirilishiga tizimli koʻmaklashish va yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etish topshirildi.

Yigʻilishda yil boshidan buyon amalga oshirilgan boshqa xorijiy tashriflar va oliy darajadagi muzokaralar yakunida erishilgan kelishuvlarning ijrosi ham koʻrib chiqildi.

Shu bilan bir qatorda, 2027-yilda boʻlib oʻtadigan yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish masalalari muhokama qilindi. Ularning kun tartibini mazmunli qilib shakllantirish, koʻp tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan tashabbus va takliflarni ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.

Masʼul idoralarga tadbirlarga mazmuniy va tashkiliy jihatdan tayyorgarlikning barcha yoʻnalishlarida hamjihatlikda ish olib borish, xorijlik sheriklar bilan zarur maslahatlashuvlar oʻtkazish va boʻlajak tadbirlarni yuksak saviyada tashkil etish uchun barcha sharoitlarni yaratish topshirildi.

Yigʻilishda elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirishning ustuvor vazifalari ham koʻrib chiqildi.

2030-yilga qadar tarmoqda ishlab chiqarish hajmini 130 trillion soʻmga, eksportni 5 milliard dollarga yetkazish, qiymati 11 milliard dollardan ziyod boʻlgan investitsiya loyihalari portfelini shakllantirish maqsad qilingan. 2027-2029-yillarda oltita istiqbolli yoʻnalishda 164 ta loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish, mahalliy xomashyoni chuqur qayta ishlash, mahalliylashtirish darajasini oshirish, milliy ishlab chiqaruvchilarning global taʼminot zanjirlaridagi oʻrnini mustahkamlash va mahalliy brendlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.

Yuqori malakali kadrlar tayyorlash, jumladan, “Ming nafar muhandis-konstruktor” dasturini amalga oshirish tarmoqni yanada rivojlantirishning muhim omili boʻladi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo