icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti
  • Ўзб
  • O‘zb
  • Рус
  • Eng

Ijtimoiy tarmoqlardagi
rasmiy sahifalar

  • social-icons Telegram
  • social-icons Facebook
  • social-icons Instagram
  • social-icons Twitter
  • social-icons Youtube
icon

Sayt bo‘yicha qidiruv

icon
image_logo
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
  • Prezident
  • Voqealar
  • Hujjatlar
  • Administratsiya
  • Mediateka
  • Bog'lanish
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng

Ko‘rinish

A
A
A

Shrift o‘lchami

0% ga kattalashtirish
“Oltin bel” – Parkentning yangi sayyohlik manzili

20.11.2026

Prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumaniga tashrifi davomida Kumushkon mahallasidagi “Oltin bel” sayyohlik majmuasida yaratilgan sharoitlar va uni yanada rivojlantirish rejalari bilan tanishdi.

So‘nggi yillarda Toshkent viloyatining tog‘li hududlarida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, tabiiy imkoniyatlardan samarali foydalanish va zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Parkent tumanidagi “Oltin bel” majmuasi ham ushbu yo‘nalishdagi yirik loyihalardan biri bo‘lib, 2025-yilda bunyod etilgan “Kumushkon Resort” loyihasining davomi hisoblanadi.

Umumiy maydoni 47 gektar bo‘lgan majmuaga qariyb 700 milliard so‘m investitsiya yo‘naltirilgan. Bu yerda zamonaviy mehmonxonalar, shale uslubidagi dam olish uylari, restoranlar, sport va ko‘ngilochar inshootlar barpo etilgan.

Xususan, to‘rtta besh qavatli mehmonxona hamda alohida basseynlarga ega 51 ta bir va ikki qavatli dam olish uyi qurilgan. Mehmonxonalarda turli toifadagi xonalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulayliklar, spa va boshqa xizmat ko‘rsatish hududlari tashkil etilgan.

Majmuada 350 va 700 o‘rinli restoranlar, uch qavatli fudkort, savdo shoxobchalari, ochiq va yopiq sport inshootlari, shuningdek, 2,2 ming kvadrat metr maydonni egallagan akvapark mavjud.

Tashrif buyuruvchilarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun turli ko‘ngilochar maskanlar ham tashkil etilgan. Jumladan, 14 turdagi attraksion, 650 metrlik ziplayn, gravitatsion karting trassalari, rodelban, 800 o‘rinli amfiteatr, sun’iy ko‘l va hayvonot bog‘i barpo etilgan. Shuningdek, 1 ming 100 ta avtomobil uchun to‘xtash joyi tashkil qilingan.

Majmuaning muhim jihatlaridan biri — turizm sohasi uchun malakali kadrlar tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilganidir. Shu maqsadda tashkil etilgan o‘quv markazida mehmonxona va restoran xizmatlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Hozirda Turizm qo‘mitasi tomonidan Kumushkon mahallasidagi ishsiz yoshlar o‘qitilayotgan bo‘lib, yil yakuniga qadar 300 nafar mutaxassis tayyorlash rejalashtirilgan.

Xizmat ko‘rsatish sifatini xalqaro darajaga olib chiqish maqsadida mehmonxonalarni boshqarish Turkiyaning “Elite World” kompaniyasiga ishonib topshirilgan. Mehmonxona biznesida 46 yillik tajribaga ega ushbu kompaniyani jalb etish orqali boshqaruvga zamonaviy standartlarni joriy qilish, xizmatlar sifatini oshirish va xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish ko‘zda tutilgan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, majmua to‘liq ishga tushgach, 600 ta yangi ish o‘rni yaratiladi. Kuniga 6 ming nafargacha tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyati paydo bo‘lib, yillik daromad 200 milliard so‘mga yetishi kutilmoqda.

Parkent tumanida turizm sohasining rivojlanishi mavjud imkoniyatlardan yanada keng foydalanish uchun zamin yaratmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida tumanga 198,2 ming nafar xorijiy va 1,4 million nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgan. Turizm xizmatlari eksporti 81,1 million dollarga yetgan.

“Oltin bel” kabi yirik majmualarning tashkil etilishi Parkentning turistik jozibadorligini oshirish, sayyohlarning hududda uzoqroq qolishini ta’minlash, xizmatlar turini kengaytirish va mahalliy aholi uchun yangi daromad manbalarini yaratishga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbari majmuadagi sharoitlar bilan tanishib, turizm xizmatlari sifatini oshirish, mavjud infratuzilmadan samarali foydalanish va hududning turistik imkoniyatlarini yanada kengaytirish masalalariga e’tibor qaratdi.

Shu yerning o‘zida Prezidentga yurtimiz korxonalarida ishlab chiqarilayotgan zamonaviy qurilish materiallari ko‘rgazmasi ham namoyish etildi.

logo-icon
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Ma'lumotlardan foydalanilganda
www.president.uz ga havola ko‘rsatilishi shart

© 2026 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining rasmiy veb-sayti

Barcha huquqlar himoyalangan

Prezident
  • Maqom
  • Tarjimayi hol
  • Mukofotlar
Voqealar
  • Yangiliklar
  • Majlislar
  • Hududlarga safarlar
  • Xorijga tashriflar
  • Xorijiy delegatsiyalar bilan uchrashuvlar
  • Nutqlar
  • Tabriklar
Hujjatlar
  • Farmonlar
  • Qarorlar
  • Farmoyishlar
  • “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasi
  • Tashabbuslar
Administratsiya
  • Administratsiya to‘g‘risida
  • Rahbariyat
  • Quyi tashkilotlar
Mediateka
  • Fotogalereya
  • Videogalereya

Bog'lanish

Diqqat! Agar siz matnda xatoliklarni aniqlasangiz, ularni belgilab, ma`muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl+Enter tugmalarini bosing

Ishlab chiqilgan:uzf-logo