19.11.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kuni oʻsmirlar oʻrtasida dzyudo boʻyicha jahon chempionati munosabati bilan mamlakatimizda boʻlib turgan Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizerni qabul qildi.
Uchrashuvda ushbu nufuzli federatsiya bilan milliy dzyudo maktabini rivojlantirish va yosh sportchilarni tayyorlash borasida hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi.
Toshkent jahonning nufuzli dzyudo markazlaridan biriga aylanib borayotgani taʼkidlandi. Soʻnggi uch yilda mamlakatimizda 4 ming nafardan ziyod sportchi ishtirokida 10 ta xalqaro musobaqa oʻtkazildi. Joriy yilgi oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionati esa ilk bor Oʻzbekistonda tashkil etilmoqda.
Marius Vizer yurtimizda sportni rivojlantirish va yoshlarni sportga keng jalb etish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Oʻzbekistonda yirik xalqaro musobaqalarni oʻtkazish, milliy terma jamoani Los-Anjelesda boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlariga tayyorlash, mamlakatimizda yaratilgan zamonaviy sport infratuzilmasi negizida sportchilar, murabbiylar va hakamlarni tayyorlash hamda sport tibbiyoti sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Dzyudo boʻyicha oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionati 19-22-noyabr kunlari Toshkent shahridagi Olimpiya shaharchasida boʻlib oʻtadi. Unda 78 mamlakatdan 600 nafarga yaqin yosh sportchi bellashmoqda. Musobaqalarga xorijiy mamlakatlarning yuqori darajadagi delegatsiyalari ham kelgan.


