18.11.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar ijrosi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.
Bir oy avval davlatimiz rahbari Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab, ishlar natijasini har oy muhokama qilib borishga koʻrsatma bergan edi.
Oʻtgan haftada qabul qilingan alohida farmon bilan investorlar, tadbirkorlar va hududlar uchun qoʻshimcha imtiyozlar hamda yangi tashkiliy mexanizmlar joriy etildi.
Yigʻilishda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish, investitsiya loyihalarini jadallashtirish va mavjud tashkiliy masalalarni tezkor hal etish vazifalari muhokama qilindi.
Prezidentimiz Yangi Toshkentdagi ishlar mutlaqo yangicha yondashuv va qatʼiy ijro intizomi asosida tashkil etilishi lozimligini koʻrsatib oʻtdi.
Tadbirkorlar sarmoya kiritishga tayyor ekani, buning uchun ularga ortiqcha toʻsiqlarsiz, tezkor va aniq yechimlar taqdim etish zarurligi taʼkidlandi. Shu maqsadda har bir investitsiya loyihasi boʻyicha kunlik manzilli nazorat oʻrnatilishi belgilandi.
Bunda qurilish maydonlarini oʻz vaqtida tayyorlash va investorlarga zarur sharoitlarni yaratish muhim ahamiyatga ega. Shu bois, ushbu ishlar markazlashgan holda Yangi Toshkent direksiyasi orqali tashkil etiladi.
Investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida amalga oshirilishi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarining tayyorligiga ham bevosita bogʻliq.
Davlatimiz rahbari yangi shaharda qurilish va infratuzilmani rivojlantirish ishlari oʻzaro uygʻun olib borilishi shartligini taʼkidladi. Elektr energiyasi, ichimlik suvi, kanalizatsiya, issiqlik taʼminoti va yoʻl tarmoqlari obyektlar foydalanishga topshirilgunga qadar tayyor boʻlishi lozim.
Shu munosabat bilan viloyatlarga biriktirilgan hududlarni zarur infratuzilma bilan taʼminlash boʻyicha alohida dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Qolaversa, yangi shaharning meʼmoriy qiyofasi va hududlarni kompleks rivojlantirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Viloyatlarga biriktirilgan hududlar faqat turar joylar bilan cheklanib qolmasligi, ularda zamonaviy biznes va savdo markazlari, mehmonxonalar, taʼlim, tibbiyot, madaniyat va sport obyektlari, shuningdek, aholi dam olishi uchun qulay jamoat maskanlari tashkil etilishi zarurligi taʼkidlandi.
Ushbu jarayonda har bir inshoot yangi shaharning yagona meʼmoriy konsepsiyasi va “yashil qurilish” talablariga toʻliq mos kelishi shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Hududlar oʻrtasida zamonaviy arxitektura yechimlarini qoʻllash, yirik xalqaro brendlarni jalb qilish, xiyobonlar va jamoat joylarini namunali tashkil etish boʻyicha sogʻlom raqobat muhitini shakllantirishga ham eʼtibor qaratildi.
Yigʻilishda “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi ham tanqidiy koʻrib chiqildi.
Joriy yilning kuzgi koʻchat ekish mavsumi 8-noyabrdan boshlanganiga qaramay, ayrim hududlarda ishlar sust tashkil etilayotgani bildirildi. Xususan, Toshkent, Samarqand va Jizzax viloyatlarida belgilangan rejalar ijrosi qoniqarsiz ekani koʻrsatib oʻtildi.
Shuningdek, bahorda ekilgan koʻchatlarning uchdan bir qismi nobud boʻlgani, ayrim joylarda esa amalda ekilmagan koʻchatlar hisobotlarga kiritilgani keskin tanqid qilindi.
Davlatimiz rahbari daraxt ekishda son ortidan quvish emas, balki koʻchatlarning tutib ketishi va uzoq yillar davomida oʻsishini taʼminlash asosiy mezon boʻlishi lozimligini taʼkidladi.
Buning uchun har bir hududning iqlim va tuproq sharoitidan kelib chiqib, suvsizlik, issiqlik va shoʻrlanishga chidamli daraxt turlarini tanlash, sugʻorish tizimlarini yaratish hamda koʻchatlarni doimiy parvarishlash zarurligi qayd etildi.
Shu bilan birga, koʻkalamzorlashtirishda mahalliy iqlimga mos, parvarishi qulay oʻsimliklardan keng foydalanish muhimligi taʼkidlandi. Buning uchun mahalliy gul va manzarali oʻsimliklarni koʻpaytirishga ixtisoslashgan koʻchatxonalar tashkil etib, suvni koʻp sarflaydigan chim ekish amaliyoti oʻrniga tojixoʻroz, rayhon, jambul kabi oʻsimliklar hamda mahalliy butalarni ekishga ustuvor eʼtibor qaratish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Har bir mahallada aholi jon boshiga kamida uch tupdan daraxt ekish, yashil hududlarni kengaytirish va mazkur jarayonda mahalla raislari hamda oʻrmon xoʻjaligi xodimlarining masʼuliyatini kuchaytirish vazifasi qoʻyildi.
Mutasaddilarga joriy yilda ekiladigan koʻchatlarning kamida 90-95 foizi tutib ketishini taʼminlash, avvalgi yillarda barpo etilgan yashil maydonlarni saqlash va parvarishlash boʻyicha aniq choralar koʻrish topshirildi.
Yigʻilishda belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.


