17.11.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Oʻmon Sultoni Haysam bin Toriq Ol Said Masqat shahridagi “Al-Aʼlam” saroyida tor doirada uchrashuv hamda rasmiy delegatsiyalar aʼzolari ishtirokida muzokara oʻtkazdilar.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari samimiy qabul va koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor uchun Sultonga minnatdorlik bildirib, Oʻmon yetakchisi va doʻst xalqini yaqinlashib kelayotgan bayram – Oʻmon milliy kuni bilan chin dildan qutladi.
Uchrashuvda ikki mamlakat oʻrtasidagi doʻstlik va koʻp qirrali aloqalarni yanada rivojlantirish hamda hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish masalalari muhokama qilindi.
Siyosiy muloqot va idoralararo almashinuvlar faollashgani, tovar ayirboshlash hamda investitsiyalar hajmi barqaror ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy darajadagi tashrif arafasida Masqatda Hukumatlararo komissiyaning oltinchi yigʻilishi, qator ishbilarmonlik va madaniy tadbirlar tashkil etildi.
Joriy yil iyul oyidan ikki davlat poytaxtlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaparvozlar yoʻlga qoʻyilgani yuqori baholandi.
Amaliy hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari sifatida savdo, investitsiya, transport va logistika, energetika hamda elektrotexnika, kimyo va togʻ-kon sanoati, shaharsozlik va turizm, qishloq xoʻjaligi, kosmik tadqiqotlar hamda raqamlashtirish sohalari koʻrsatib oʻtildi.
Qoʻshma loyihalarni ilgari surish maqsadida Oʻzbekiston – Oʻmon investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini ikki barobarga oshirib, 500 million dollarga yetkazishga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻmon mablagʻlari ishtirokida tuzilgan Markaziy Osiyo va Kavkaz investitsiya jamgʻarmasi faoliyatini tez fursatlarda yoʻlga qoʻyish muhimligi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish uchun madaniyat va sanʼat haftaliklarini oʻtkazish, yoshlar forumini tashkil etish, noyob qoʻlyozmalarni raqamlashtirish va birgalikda tadqiq qilish, qadimiy shaharlar oʻrtasida birodarlik aloqalarini oʻrnatish maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.
Muloqot chogʻida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Qoʻshilmaslik harakati, “Koʻrfaz arab davlatlari – Markaziy Osiyo” formati va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashni davom ettirish muhimligi bildirildi.
Ikki davlat rahbarlari Oʻzbekiston va Oʻmon oʻrtasidagi anʼanaviy doʻstlik va oʻzaro ishonchga asoslangan munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga koʻtarish boʻyicha tarixiy qaror qabul qildilar.
Oliy darajadagi kelishuvlar ijrosini taʼminlash uchun “yoʻl xaritasi”ni qabul qilish hamda Muvofiqlashtiruvchi kengash mexanizmini yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi.
Muzokaralar yakunida Oʻzbekiston Prezidenti Oʻmon Sultonini mamlakatimizga davlat tashrif bilan kelishga taklif etdi.


